Majmuaning me’moriy tili: bosh gumbaz, to‘rt tomondagi portallar, fasadlardagi xattotlik va zallarning ichki bezagi.
Binoning fasadi an’anaviy islomiy geometrik naqshlar va o‘simliksimon arabeskalarni uyg‘unlashtirgan bo‘lib, ular bilim birligi va madaniyat yuksalishi ramzi sifatida talqin etiladi.
Ko‘k va firuza ranglar palitrasi Samarqand va Buxoro me’morchiligiga ishora qiladi.
Markazning asosiy binosiga to‘rt yo‘nalishdagi ulug‘vor portallar orqali kirish mumkin — ular Markazning butun dunyoga ochiqligini ifodalaydi.
Portal va arkalar Qur’on oyatlari va hadislar bilan bezatilgan bo‘lib, ular bilim, ma’rifat va insonparvarlik g‘oyalarini ifoda etadi.
Asosiy portal Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi me’moriy uslubida barpo etilgan — bu o‘rta asr Sharqining durdonalaridan biridir. Portal tepasida bilim va ma’naviy kamolotni madh etuvchi oyatlar bitilgan.
Kirish qismida Qur’ondan birinchi nozil bo‘lgan oyat o‘yib yozilgan:
“O‘qi, Parvardigoring nomi bilan!”
Bu ramziy darvozalar muzeyga kirish yo‘lini ochish bilan birga, islom sivilizatsiyasining ming yillik tarixiga ma’naviy kirish so‘zi sifatida xizmat qiladi — bu yerda e’tiqod, tafakkur va ilm bir butun makonga aylangan.