Doimiy ekspozitsiyaning olti bo‘limi — Qur’on zali va islomdan avvalgi Sug‘ddan Yangi O‘zbekiston hamda Markaz ilmiy kutubxonasigacha.
Qur’oni karim zali — butun Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyining ma’naviy yuragi hamda me’moriy yadrosi bo‘lib, dunyoda saqlanib qolgan eng qadimiy Qur’on nusxasi – Mus'hafi Usmon atrofida barpo etilgan. Ushbu muqaddas matn — kiyik terisiga yozilgan VII asrga oid qo‘lyozma bo‘lib, YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan.
Qur’oni karim zali majmuaning markazida joylashgan. Bu yerda Mus'hafi Usmon yuksak ehtirom bilan saqlanadi. Ushbu noyob Mus'haf 338 sahifadan iborat bo‘lib, har bir sahifada 12 qatordan yirik kufiy yozuvdagi matn bitilgan. Har bir varaq uchun nafis ishlov berilgan teridan foydalanilgan bo‘lib, u hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan.
Asosiy qo‘lyozmadan tashqari, zalda “114 Qur’on qo‘lyozmasi” kolleksiyasi namoyish etiladi. Ular Somoniylar, Qoraxoniylar, Temuriylar, Shayboniylar va Oltin O‘rda hukmronligining turli davrlarida yaratilgan.
Zalning badiiy yechimi o‘ziga xos. Bu yerda Usmon Qur’onidan olingan oyatlar qo‘lda to‘qilgan sakkizta ipak gilamda aks ettirilgan. Ularning jilosi va nafis ishlovi tinchlik, tafakkur va ma’naviy ulug‘vorlik muhitini yaratgan, har bir tashrifchiga zamonlar bog‘lanishini his qilish, islom sivilizatsiyasining yuragiga bevosita “yaqinlashish” imkonini beradi.