Markaz yaratilish g‘oyasi 2017-yilda tug‘ilgan g‘oya
Markaz g‘oyasi 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, O‘zbekistonning fan va madaniyat markazi sifatidagi tarixiy rolini tiklash milliy strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.
Asosiy bosqichlar
Markazni tashkil etish g‘oyasi
2017-yil — Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan Toshkentda ilmiy-ma’rifiy majmua sifatidagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Loyiha amalga oshirilishining boshlanishi
Prezident qarori qabul qilindi.
Poydevorga “vaqt kapsulasi” joylashtirilib, milliy va islom me’morchiligi uslubidagi bino qurilishi boshlandi.
Konsepsiyani shakllantirish
“Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar” ilmiy va muzey konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Ilmiy va vasiylik kengashlarining o‘nlab yig‘ilishlari o‘tkazildi.
Xalqaro hamkorlik
Xalqaro aloqalar bo‘limi Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va markazning xalqaro arenadagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan muhim vazifalarni bajaradi. Ushbu bo‘limning asosiy faoliyati xalqaro tashkilotlar va muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan iborat bo‘lib, u o‘z oldiga dunyoning eng nufuzli muzeylari, tadqiqot institutlari, xalqaro ilmiy markazlar va ilmiy jamoalar bilan hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.
Shu paytgacha amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlar
2025 yil 4 fevral kuni Malayziya islom san’ati muzeyida “Madaniy meros: Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik” mavzusida davra suhbati, 12-16 fevral kunlari Italiyaning Rim va Florensiya shaharlarida Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma” asarining italyan tilidagi tarjimasi taqdimoti o‘tkazildi.
Yil davomida ilmiy-madaniy tashkilotlar, jumladan TURKSOY Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti, MANARA markazi, Qozog‘iston Milliy muzeyi, Eron islom Respublikasi Milliy kutubxonasi va arxivi, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi arxeologiya va antropologiya instituti, Qozog‘iston Milliy Markazi muzeyi bilan o‘zaro 7 ta xalqaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Oxford Centre for Islamic Studies bilan hamkorlikda “Islom olami atlasi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu loyiha tarixiy xaritalarni yaratish va Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida ilmiy maqolalarni chop etishga yo‘naltirilgan. Loyiha natijasida 50+ xarita va 30 ilmiy muallif bilan xalqaro akademik nashr chiqarish nazarda tutilgan.
Yaponiya, Saudiya Arabistoni hamda Hindiston davlatlarining ziyorat turizmi sohasidagi ish-tajribalari, faoliyat va malakaviy ko‘nikmalari tadqiq etildi. Markazga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar uchun xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish maqsadida Saudiya Arabistonining “Ilm” kompaniyasi, shuningdek, Fransiyaning “Avesto” kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
“BMTda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va buyuk allomalar merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotni o‘tkazish” bo‘yicha maxsus taqdimot konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Xorijiy nufuzli OAV (CNN, Euronews, Al-Jazeera) bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatildi.
Prezident tashriflari
2018-yil 15-iyun — Tamal toshi qo‘yildi; markazning maqsadi va ahamiyati ta’kidlandi.
2018-yil 21-dekabr — Qurilish ishlari bilan tanishildi; merosni chuqur o‘rganish zarurligi qayd etildi.
2019-yil 25-iyun — Markaz ilmiy muassasalar uchun fundamental baza sifatida rivojlantirilishi lozimligi ta’kidlandi.
2019-yil 20-noyabr — Mahalliy va xorijlik mutaxassislar tadqiqot olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
2021-yil 29-yanvar — Bino, dizayn va muzey ekspozitsiyalari konsepsiyasi bilan tanishildi; xalqaro hamkorlik muhimligi qayd etildi.
2022-yil 8-aprel — Devor va ravoqlar, darvozalar tepasidagi bezak va yozuvlar bilan tanishildi; ekspozitsiya mazmuniga e’tibor qaratildi.
2025-yil 29-yanvar — Bunyodkorlik ishlari va eksponatlar bilan tanishildi; markazning ilmiy-ta’lim yo‘nalishi va tadqiqotlar ahamiyati ta’kidlandi.
2025-yil 29-avgust — So‘nggi pardozlash va jihozlash ishlari ko‘zdan kechirildi; markaz faoliyatini boyitish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
2025-yil 20-oktyabr — Ekspozitsiyalar orqali tarixiy va ma’naviy merosni keng namoyish etish ishlari bilan tanishildi; ilmiy hamkorlik va kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratildi.
2025-yil 15-noyabr — Markaziy Osiyo va Ozarbayjon Prezidentlari tashrif buyurib, asosiy bo‘limlar bilan tanishdilar va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Shu kuni “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlari taqdirlandi.
Madaniy merosni qaytarish
Artefaktlarni qaytarish bo‘yicha davlat komissiyasi tuzildi.
O‘zbekiston tarixida ilk bor noyob yodgorliklar kolleksionerlar va auksionlardan xarid qilinib, Vatanga qaytarildi.
Markaz kollektsiyasida 3 000 yaqin artefakt mavjud.
WOSCU’ning roli
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) Markaz uchun katta ilmiy va nashriyot ishlarini amalga oshirdi.
Zamonaviy laboratoriyalar va kutubxona
Hududdagi eng yirik kutubxonalardan biri tashkil etildi (250 000 nashr).
Xalqaro mutaxassislar va o‘zbek restavratorlari faoliyat yuritayotgan restavratsiya laboratoriyasi ochildi.
Innovatsiyalar va ma’rifat
Interaktiv ekranlar, gologrammalar, multimedia zonalari va intellektual avatarlar joriy etildi.
Buyuk Britaniyaning 1001 Inventions fondi bilan hamkorlikda Islom sivilizatsiyasi bolalar muzeyi tashkil etildi.
Xalqaro e’tirof
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi so‘nggi oylarda jahon miqyosida bir qator nufuzli e’tiroflarga sazovor bo‘lib, global ilmiy va madaniy maydondagi nufuzini tobora mustahkamlamoqda.
2025-yilda Markaz Yevropaning nufuzli mukofotlaridan biri Prix Avicenne mukofotiga loyiq deb topildi.
Mukofotning tantanali topshirish marosimi Parij shahridagi Fransiya Milliy tibbiyot akademiyasi binosida bo‘lib o‘tdi. Mukofot Markazning buyuk alloma Abu Ali ibn Sino merosini tadqiq etish va ommalashtirish borasidagi keng ko‘lamli ilmiy faoliyati uchun berildi.
Smithsonian Magazine talqiniga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilayotgan TOP-10 muzey loyihasi qatoridan joy oldi.
AQShdagi Smithsonian Institution nashri reytingiga, shuningdek, Lucas Museum of Narrative Art (Los-Anjeles), National Geographic Museum of Exploration (Vashington), London Museum hamda Kanal–Centre Pompidou (Bryussel) kabi mashhur muzeylar ham kiritilgan.
Markaz Prix Versailles talqiniga binoan 2026-yil uchun dunyodagi eng go‘zal muzeylar global ro‘yxatiga kiritildi.
Ushbu reyting innovatsionlik, milliy merosni aks ettirish, kreativ yondashuv va ekologik samaradorlik kabi mezonlar asosida shakllantiriladi.
Tanlov tashkilotchilari ma’lumotiga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ushbu ro‘yxatga kiritilgan, balki 2026-yil yakunida e’lon qilinadigan uchta oliy jahon mukofotidan biri — Grand Prix Versailles, “Interyer” yoki “Eksteryer” nominatsiyalaridan biriga da’vogarlik qilish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Mukofot g‘oliblari yil yakunida Parijdagi UNESCO qarorgohida e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
BBC Travel nashri Islom sivilizatsiyasi markazini 2026-yilda ochilishi eng ko‘p kutilayotgan olti muzey qatoriga kiritdi.
Nashrga ko‘ra, Markaz VII asrga oid Usmon Qur’oni va ikki mingdan ortiq noyob qo‘lyozmalarni o‘z ichiga olishi bilan birga, sun’iy intellekt hamda VR texnologiyalari yordamida tarixni interaktiv tarzda namoyish etishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
2025-yil 26–27 sentyabr kunlari Xalqaro ekspertlar forumi bo‘lib o‘tdi ва uning yakunida Deklaratsiya qabul qilindi.
“Biz ushbu platforma orqali xalqimizning fan, ta’lim va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasini yanada mustahkamlashni istaymiz.”


