Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashida Prezident qarori asosida ustuvor vazifalar belgilab olindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan Ilmiy kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ilmiy kengash raisi, Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi Ikrom Abdullayev, ilmiy kengashning boshqa bir qator aʼzolari, yetakchi olimlar, mutaxassislar, shuningdek, markaz xodimlari ishtirok etdi.

Kengashda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga tayyorgarlik jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha ustuvor vazifalar va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash yig‘ilishning asosiy masalalaridan biri bo‘ldi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qaror Amir Temur shaxsi va ilmiy merosini kengroq targ‘ib qilish, xalqaro maydonda ommalashtirishga oid Yangi O‘zbekiston davridagi ilk tarixiy hujjatdir.

Qaror bilan 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” ham tasdiqlangan. “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda joriy yilning 9–10-aprel kunlari xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Markaz Ilmiy kengash raisi va direktori F.Abduxoliqov ushbu yirik xalqaro anjumanni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi, ishchi guruhlar tuzilishi, mahalliy va xorijiy Temurshunos olimlar bilan muzokaralar o‘tkazilishi, Amir Temur shaxsi va ilmiy merosiga oid yangi manbalarni anjumandagi muhokamalar, taqdimotlar orqali yuzaga chiqarish muhim maqsad bo‘lishini taʼkidladi.

– Eng muhim vazifamiz Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorda belgilangan 9–10 aprel kunlari buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyani yuqori saviyada o‘tkazishdir. Mazkur konferensiya O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilib, Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Konferensiyada 200 ga yaqin xorijiy hamkorlar, shuningdek, mahalliy olim va mutaxassislarni hisobga olgan holda jami 250–300 nafar ishtirokchi qatnashishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda ilmiy kengash doirasida Prezident qarori ijrosiga doir masalalar izchil muhokama qilinmoqda. Qarorda aniq yo‘l xaritasi belgilangan bo‘lib, unda bir qator muhim ilmiy loyihalar nazarda tutilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish mexanizmlarini Prezident qaroriga asosan Sohibqiron Amir Temur shaxsi va ilmiy merosini yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish maqsadida tashkil etiladigan ilk yirik xalqaro konferensiya doirasida taklif etiladigan mahalliy va xorijiy temurshunos olimlar ishtirokida batafsil ko‘rib chiqish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Bu jarayonda alohida prezentatsiyalar tayyorlanib, xususan, xorijiy davlatlarda Amir Temur va Temuriylar merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan yo‘nalishlar alohida ishlab chiqiladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan “Buyuk Temuriylar” atamasining ilmiy va madaniy muomalaga kiritilishi nihoyatda muhim va o‘rinli qadam bo‘ldi. Endilikda ushbu tushunchani izchil qo‘llash, uni aniq ilmiy mazmun bilan boyitish va xalqaro miqyosda targ‘ib etish bizning muhim vazifamizdir.

Akademik, astronomiya instituti direktori Shuhrat Egamberdiyev Ilmiy kengashda Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda ilmiylikka alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Bu borada aynan shu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borgan, aniq ilmiy yangiliklar yaratgan mahalliy va xorijiy Temurshunos olimlarni jalb qilish maqsadga muvofiqligini qayd etdi.

Jalb qilinadigan olimlar mazkur konferensiyada tashkil etilgan taqdimotlar va ma’lum qilingan ilmiy yangiliklardan samarali takliflar bera olishi kerak. Bu esa Prezident qarori ijrosida samarali natijalarni ko‘rsata olishimizga asos bo‘ladi, – dedi akademik Sh.Egamberdiyev.  

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov qaror ijrosini ta’minlashda mavjud va salohiyatli mutaxassislarni to‘liq jalb etish, temurshunoslik yo‘nalishida aniq mutaxassislar ro‘yxatini shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

O‘tgan yili O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini shakllantirishda Ikkinchi Renessans va temurshunoslik yo‘nalishida bir qator loyihalar rejalashtirilgan edi — ularning ayrimlari bajarildi, ayrimlari esa turli sabablarga ko‘ra amalga oshmay qoldi. Endi ushbu loyihalarni qayta ko‘rib chiqish, tahlil qilish va saralash lozim.

Shu bilan birga, Prezident qarorida yangi asarlar va yo‘nalishlar belgilangan bo‘lib, ularning ijrosi 2030 yilgacha mo‘ljallangan. Shu sababli ishchi guruhni zudlik bilan shakllantirish talab etiladi. Afsuski, xalqaro miqyosda temurshunos olimlar soni yildan yilga kamayib bormoqda. Bundan tashqari, Amir Temur siymosiga bo‘lgan munosabat turli mamlakatlarda turlicha talqin qilinadi. Shuning uchun bu masalaga faqat ilmiy asosda, birlamchi manbalarga tayangan holda yondashishimiz zarur.

Xususan, Amir Temur hayoti va faoliyatini bevosita yoritgan ishonchli manbalarga tayanish muhim. Bular qatoriga Sharofiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»si va Temuriylar davriga oid boshqa asosiy tarixiy asarlar kiradi. 

Alohida ta’kidlash joizki, Prezident qarorida “Temur tuzuklari”ga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, ushbu asarni o‘nga yaqin tilga tarjima qilish vazifasi belgilangan. Avval yaratilgan ingliz va ayrim g‘arb tillaridagi tarjimalardan ham ilmiy asosda foydalaniladi.

Shu bilan birga, “Temur tuzuklari” nafaqat o‘z davri uchun, balki bugungi kun davlat boshqaruvi nuqtayi nazaridan ham muhim va universal asardir. Undagi adolat, kuch va mas’uliyat haqidagi g‘oyalar bugun ham o‘z dolzarbligini saqlab kelmoqda. Davlatni adolat asosida boshqarish g‘oyasi har qanday jamiyat uchun muhim va qabul qilinadigan tamoyildir.

Qarorni amalga oshirishdagi eng muhim jihat — uni sifatli va ilmiy asosda bajarish masalasidir. 

Masalan, «Zafarnoma» tarjimalari va sharhlari o‘nlab yillar davomida yaratilgan. “Temur tuzuklari” ustida ham Habibullo Karamatov kabi olimlar uzoq yillar mehnat qilgan. Shu bois muddatlarni belgilashda ilmiy sifat mezonlari albatta inobatga olinishi kerak.

Muhim masalalardan yana biri — ushbu vazifalarni bajarish uchun yetarli mutaxassislar mavjudligi masalasidir. Yirik olimlarimizning ilmiy maktabini davom ettirayotgan shogirdlar va yosh mutaxassislar bor. Temurshunoslikka yoshlarni keng jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratish zarur.

Bu borada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazi yaqin hamkorlikda ishlashi lozim. Shu bilan birga, mazkur tizimlardan tashqarida faoliyat yuritayotgan, yetarli ilmiy tajribaga ega mutaxassislarni ham keng jalb etish maqsadga muvofiq. Bu yondashuv olib borilayotgan ishlarning ilmiy chuqurligi va sifatini ta’minlaydi.

Islom sivilizatsiyasi markazi va Fanlar akademiyasi vakillari hamkorlikda qarorni to‘liq qamrab olgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Bu jarayonga Markaz muzey ekspozitsiyasi Ikkinchi Renessans davri bo‘limi loyihalarida ishtirok etgan, yirik ilmiy loyihalarni boshqargan tajribali mutaxassislar ham jalb etiladi. Har bir band bo‘yicha aniq ijro va nazorat mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Ilmiy kengash yig‘ilishida Markaz kontentini boyitish va takomillashtirishga oid 10 ga yaqin masalalar ham ko‘rib chiqildi. 

Bundan tashqari, kengashda alohida e’tibor O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro miqyosda tan olinishi masalasiga qaratildi. Markaz direktori F. Abduxoliqov AQSHdagi nufuzli Smitson instituti rasmiy nashri —  Smithsonian Magazine tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan ochilishi kutilayotgan 10 ta yirik muzey qatoriga kiritilganini ma’lum qildi. Bu yuksak e’tirof islom sivilizatsiyasi, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishda Markazning ilmiy va madaniy salohiyatini, ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu nufuzli e’tirof markazning tashkil etilishidan tortib, eksponatlar, ko‘rgazmalar va ilmiy loyihalarni xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlashdagi mehnat va sa’y-harakatlarning natijasi ekanligi alohida ta’kidlandi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.