Bokuda O‘zbekiston va Ozarbayjonning mushtarak tarixiy merosi va ilmiy hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi
Joriy yilning 26-oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi Xalqaro Mug‘om markazida “O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakatning tarixiy va ma’naviy aloqalarini chuqur o‘rganish, buyuk allomalar merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, ilmiy-tadqiqot va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, muzeylar rahbarlari, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqidagi hujjatli film ishtirokchilarga taqdim qilindi. Markaz nashrlaridan iborat kitoblar ko‘rgazmasi orqali mehmonlar mamlakatimizning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, mushtarak qadriyatlar va strategik sheriklik munosabatlarining ahamiyatini ta’kidladi. U Buyuk ipak yo‘li asrlar davomida xalqlar o‘rtasida bilim va madaniy yutuqlar almashinuviga xizmat qilganini qayd etib, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Nizomiy Ganjaviy, Imodiddin Nasimiy va Muhammad Fuzuliy kabi allomalar merosi ikki xalqni birlashtiruvchi umuminsoniy boylik ekanini ta’kidladi.
Biz, olimlar, tadqiqotchilar va hamkasblar birgalikda ilmiy fakulьtetlar va institutlar o‘rtasidagi hamkorligimizning muqaddas rishtalarini yanada mustahkamlamoqdamiz. Biz umumiy tarixiy xotiramizni birgalikda o‘rganish va rivojlantirish, yosh tadqiqotchilar uchun dasturlarni amalga oshirish hamda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishdan manfaatdormiz. Eng muhimi, bugungi konferensiya aynan shu maqsadga bevosita xizmat qilmoqda.
Diplomatiya eshiklari ochiq. Ilmiy ko‘rgazmalar faoliyat yuritmoqda. Madaniy meros galereyalari o‘z imkoniyatlarini namoyon etish fursati kelishini kutmoqda. Shunday ekan, Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada muloqot uchun yangi va chinakam noyob maydonga aylansin! Boku va Toshkent o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va gumanitar aloqalar yanada mustahkamlansin!, - dedi elchi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida Markazning asosiy g‘oyasi, uning ilm-ma’rifatni targ‘ib etish va ajdodlar merosini kelajak avlodlarga yetkazishdagi o‘rniga to‘xtaldi.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy aloqalar islomdan oldingi davrlarga ham borib taqaladi. Keyingi asrlarda islom sivilizatsiyasi bu aloqalarni yanada boyitdi. Olimlar bir-biridan o‘rgandi, kitoblar bir yurtdan boshqasiga tarqaldi, bir zaminda tug‘ilgan g‘oya boshqasida rivojlandi. Ibn Sino va uning ozarbayjonlik shogirdi Bahmanyor, Nasiriddin Tusiyning Marog‘adagi va Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi ilmiy maktablari ana shu bog‘liqlikning yorqin misolidir. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si Alisher Navoiyga ilhom berdi. Navoiy turkiy tilda o‘z “Xamsa”sini yaratdi. Uning ijodi esa ozarbayjon shoiri Kishvariyga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Toshkentda saqlanayotgan bir qo‘lyozmada Navoiy va Fuzuliy asarlari bir muqova ostida jamlangan. Ikki buyuk shoir — bir kitobda! Bugun bu yaqinlik Hurmatli Prezidentlarimiz Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning o‘zaro ishonchi va amaliy ishlarida davom etmoqda. Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabni ikki davlat rahbari birgalikda ochdilar. Fuzuliy nomidagi shahar. Ulug‘bek nomidagi maktab. Unda bilim olayotgan bolalar. Tarix bilan bugungi kun ana shunday uchrashadi. Buyuk ajdodlarimizning nomlari yangi avlodni ilmga chorlaydi, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Anjuman doirasida ikki xalqning musiqiy merosi, xususan, Ozarbayjon mug‘omi va o‘zbek maqomi o‘rtasidagi mushtaraklik ham e’tirof etildi. Milliy musiqa an’analari xalqlarning ma’naviy yaqinligini ifoda etuvchi muhim madaniy boylik sifatida namoyon bo‘ldi.
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarida hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Tarixiy yaqinlik, mushtarak madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va yagona madaniy makonga mansublik davlatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirmoqda. Aynan mana shu jihatlarda O‘zbekiston va Ozarbayjon qardosh xalqlarini birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy aloqalarni ko‘ramiz. Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi allomalar merosi turkiy xalqlar o‘rtasidagi diniy va ma’naviy munosabatlar asrlar davomida naqadar mustahkam bo‘lganini yaqqol namoyon etadi. Buyuk mutafakkirlarning ma’naviy kamolot, insonparvarlik va axloqiy tamoyillar haqidagi g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ozarbayjonning diniy muassasalari va ulamolari bilan diniy-ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor, - dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
Tadbirning muhim natijalaridan biri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur kelishuv tarixiy merosni birgalikda o‘rganish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Bizni qadim-qadimdan turli davrlar va sulolalar birlashtirib kelgan. Temuriylar, Safaviylar, Xorazmshohlar va boshqa ko‘plab sulolalar davrida ajdodlarimiz bir zaminda yashab, mushtarak tarix, din, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida rivojlangan. Bugun biz ularning boy merosi va ezgu an’analarini davom ettirib, qo‘shma loyihalar, ilmiy uchrashuvlar va xalqaro konferensiyalar orqali hamkorligimizni yanada mustahkamlayapmiz.
O‘zbekiston va Ozarbayjon olimlari hamda tadqiqotchilarining o‘zaro tashriflari, ilmiy muloqotlari bu aloqalarning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatingiz, balki butun turkiy dunyo uchun ham ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan megaloyihadir. Ayniqsa, boy tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar va yosh avlodga mos formatlar orqali taqdim etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi tadbir ham xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy rishtalarni mustahkamlash, ilmiy aloqalarni kengaytirish va kelgusidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi deb o‘ylayman, - dedi Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli.
Anjuman yakunida Ozarbayjon mug‘omi va o‘zbek maqomi ijrochilari ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi. Milliy san’at namunalari ikki xalqning boy madaniy merosi va mushtarak ma’naviy qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
Bokuda o‘tkazilgan xalqaro anjuman O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, buyuk ajdodlar merosini keng targ‘ib qilish va zamonaviy ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.





