
Yangiliklar
Markaz va TURKSOY o‘rtasida miniatyura maktabi ochilishi rejalashtirilmoqda
Turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Markaz ekspozitsiyalari, kutubxona, bolalar maydonchasi hamda boshqa bo‘limlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaz binosining ikkinchi qavatida turli xalqaro va xorijiy tashkilotlar uchun maxsus ofislar ajratish ko‘zda tutilgan. Jumladan, TURKSOY uchun ham alohida xona tashkil etilgan. Delegatsiya a’zolari ushbu xonaning shart-sharoitlari bilan tanishib, uni TURKSOY tarixi, faoliyati va O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarga oid materiallar bilan boyitish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Kutubxona faoliyati bilan tanishish jarayonida TURKSOY tashkiloti uchun alohida joy ajratilishi haqida ma’lum qilindi.
Shuningdek, Markaz va TURKSOY rahbariyati o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tajriba almashish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida Sulton Rayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan Uchinchi Renessans g‘oyasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu yuksak konsepsiyaning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu kabi markazlar dunyoda kam uchraydi va islomiy merosni zamonaviy hayot bilan uyg‘un holda o‘rganish hamda targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
- Avvalo aytish joizki, janob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich juda muhim va buyuk konsepsiya — O‘zbekistonning Uchinchi Renessansi g‘oyasini ilgari surdilar. Ma’lumki, O‘zbekiston tarixida ikki buyuk Renessans davri bo‘lgan. U davrlarda mamlakatning ma’naviyati, madaniyati, me’morchiligi va ilm-fani yuksak taraqqiyotga erishgan. Bugungi XXI asrda O‘zbekiston ana shu taraqqiyot yo‘lini davom ettirmoqda. Uchinchi Renessans g‘oyasi, avvalo, milliy ma’naviyat, madaniyat va tarixiy merosga tayanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu g‘oyaning amaliy ifodasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Menimcha, bunday markazning dunyoda analogi yo‘q. Chunki bugun Islom sivilizatsiyasining o‘rni yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biz islomiy merosni zamonaviy hayot va yangi dunyo bilan uyg‘un holda o‘rganishimiz va targ‘ib qilishimiz kerak. Shu nuqtayi nazardan, mazkur loyiha juda ulug‘ va ahamiyatli tashabbus. Biz TURKSOY bilan Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida ilk kunlardanoq hamkorlik memorandumini imzolaganmiz. O‘zaro aloqalarimiz juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu paytgacha bir qator qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.Markazning rasmiy ochilishidan so‘ng yana ko‘plab qo‘shma tashabbuslar rejalashtirilgan, - dedi Sulton Rayev.
Sulton Rayev, shuningdek, TURKSOY va Markaz o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi ilk kunlardanoq samarali yo‘lga qo‘yilganini qayd etib, kelgusida qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilayotganini bildirdi. Xususan, O‘zbekiston va Turkiya miniatyura san’ati maktablari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, Turkiyadan yetuk ustozlarni jalb etgan holda Markazda qo‘shma miniatyura maktabini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.