
Yangiliklar
AQSH va Yevropa davlatlari diplomatlarining fikrlari bir nuqtada jamlandi
AQSH, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya, Isroil va Chexiyaning diplomatik vakolatxonalari vakillari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, uning mazmunan boy va texnologik jihatdan ilg‘or ekspozitsiyalari bilan tanishdilar.
Dastlab mehmonlar “Shon-sharaf zali”da yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar va davlat arboblari siymosi aks etgan me’moriy-kompozitsiyani tomosha qildilar. Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarining ma’naviy qudrati, ilmiy maktablari va davlatchilik an’analari uzviylikda namoyon etilgani alohida e’tibor qozondi.
Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida qadimgi Xorazm, Sug‘d va Baqtriya sivilizatsiyalari, “Avesto” merosi, arxeologik topilmalar hamda ilk davlatchilik an’analari bilan tanishuv mehmonlarda Markaziy Osiyo hududida yuksak madaniyat ildizlari juda qadimga borib taqalishi haqida teran taassurot qoldirdi. Interaktiv “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” hamda qadimiy shaharlar maketlarini katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirishdi. “Buyuk ipak yo‘li xaritasi” ekspozitsiyasi bilan tanishib, O‘zbekiston ushbu tarixiy savdo yo‘li chorrahasi bo‘lganini va bugun ham xalqaro aloqalar markazida ekanini ta’kidlashdi.
Birinchi Renessans davri bo‘limi ekspozitsiyasida IX–XII asrlarda yashab ijod qilgan allomalar merosi zamonaviy multimedia vositalari orqali jonlantirilgani mehmonlarda katta hayrat uyg‘otdi. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy kabi mutafakkirlarning ilmiy kashfiyotlari va ularning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi vizual va interaktiv shaklda namoyon etilgani ekspozitsiyaga alohida joziba bag‘ishladi. Ekspozitsiyadan o‘rin olgan Ka’bapo‘shning asl nusxasi hamda Imom Buxoriyga bag‘ishlangan bo‘lim mehmonlarda chuqur ehtirom tuyg‘usini uyg‘otdi.
Daniel Kristian, Ruminiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:
– Shuni aytishim mumkinki, bu Markaz O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy va siyosiy, balki Markaziy Osiyoda madaniy kuch ekanini ham yaqqol namoyon etadi.
Bu yerda ko‘rganlarimdan kelib chiqib, yana bir bor amin bo‘ldimki, O‘zbekistonning eng katta boyligi uran, oltin yoki paxta emas — balki uning ajoyib xalqidir. Bu yerda tarixdan tortib bugungi kungacha voyaga yetgan buyuk avlodlarni ko‘rish mumkin. Ishonchim komilki, kelajak ham porloq bo‘ladi.
Menga ayniqsa Amir Temur davriga bag‘ishlangan bo‘lim juda yoqdi. Amir Temur — O‘zbekiston ramzi, Ikkinchi Renessans davrining timsoli va jahon tarixidagi buyuk shaxslardan biridir. Biroq bu yerda barcha ekspozitsiyalar ta’sirli. Faqat bitta davr yoki bitta qahramonni ajratish qiyin, chunki O‘zbekiston tarixi shon-sharafga boy va muhim voqealarga to‘la. Muzey ana shu buyuk tarixni juda yaxshi namoyish etadi.
Bu markaz juda muhim rol o‘ynaydi, chunki har bir xalq uchun tarixiy va madaniy meros nihoyatda ahamiyatlidir. O‘z tariximizni chuqur bilmasdan turib, kelajakni qurish qiyin. Ruminiyalik olimlar uchun ham bu yerga kelib, O‘zbekiston tarixini bevosita ushbu maskandan o‘rganishi juda muhim. Ruminiyada ham ayrim o‘zbek artefaktlari mavjud. Bu esa hamkorlikni kengaytirish va yangi ilmiy loyihalar yaratish uchun imkoniyatdir. Markaz nafaqat olimlar, balki keng jamoatchilik va sayyohlar uchun ham muhim ma’rifat maskanidir. Ruminiyalik sayyohlar soni yildan-yilga oshib bormoqda va men bu Markazni albatta tavsiya qilaman.
Hezer Berns, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili:
– Ochig‘ini aytsam, bugun bu yerga qisqa tashrif bilan keldim, ammo albatta oilam bilan yana qaytib, bu yerda butun bir kunni o‘tkazishni rejalashtiryapman. Balki bir kun ham yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Ko‘rgazmalarning eng qiziqarli jihati — O‘zbekistonning nihoyatda boy va juda qadimgi davrlargacha borib taqaladigan tarixini namoyish etishidir. Avval Buxoro va Samarqandda bo‘lganim uchun tarixning bir qismini bilardim, ammo bundan ham qadimiyroq davrlar haqidagi ma’lumotlar meni chinakam hayratga soldi.
Bu yerda jamlangan kolleksiya dunyoning eng mashhur muzeylari bilan bemalol bellasha oladi. Ayniqsa, ko‘rgazmalarning interaktiv tarzda tashkil etilgani juda yoqdi. Bu nafaqat qiziqarli, balki bolalar uchun ham katta ta’limiy ahamiyatga ega — nafaqat o‘zbek bolalari, balki dunyoning turli burchaklaridan keladigan sayyoh bolalar uchun ham foydali.
Ko‘rgazmalarning barchasi ta’sirli, aynan bittasini ajratib ko‘rsatish qiyin. Toshkent tashqi ko‘rinishidan zamonaviy bo‘lsa-da, aslida nihoyatda qadimiy tarixga ega ekanini ko‘rish men uchun juda qiziqarli bo‘ldi. Eng qiziqarli eksponatlardan biri esa 80 ming yillik o‘q uchidir. Insoniyat tarixi taxminan 100 ming yil deb hisoblanadi. Demak, O‘zbekiston hududida insoniyatning ilk davrlaridayoq madaniyat va sivilizatsiya mavjud bo‘lgan.
Xalqingizni bunday mega loyiha bilan tabriklayman va Markazning rasmiy ochilishini intiqlik bilan kutaman.
“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu bo‘limda mamlakatimizning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti, xalqaro hamkorlik aloqalari va islohotlar jarayoni multimediaviy formatda namoyon etilgani yuqori baholandi.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.




