Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Yaponiyada O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma tashkil etiladi

Yaponiyalik olimlar fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning madaniy va ma’rifiy qudrati ramziga aylanmoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun jahon sivilizatsiyalari muloqotini aks ettiruvchi yirik ilmiy-madaniy makonga aylanmoqda. Asrlar davomida shakllangan boy tarix, ilm-fan va ma’naviy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali jonli va tizimli tarzda namoyon etayotgan ushbu maskan xalqaro jamoatchilik e’tiborini tobora ko‘proq tortmoqda.

Shu doirada Yaponiyadan tashrif buyurgan olimlar va muzeyshunoslar markazga tashrif buyurib, uning ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi.

Xususan, Markaz kirish foyesida joylashgan sensorli ekranlarda O‘zbekistonning mashhur tarixiy obidalarga virtual sayohat qilish imkoni borligi yaponiyalik mutaxassislarning e’tiborini tortdi.

Tashrif davomida mehmonlar qadimgi sivilizatsiyalar va kashfiyotlarga bag‘ishlangan devoriy ekspozitsiyalar, interaktiv o‘yinlar, mashg‘ulotlar hamda videomateriallarni tomosha qilishdi. Eksponatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga gidlar tomonidan batafsil javoblar berildi.

Ayniqsa, Markaz muzeyi ekspozitsiyalaridan o‘rin olgan islomdan avvalgi davrga oid tosh qurollar, kamon uchlari, petrogliflar va qoyatosh rasmlari yaponiyalik olimlarda katta taassurot qoldirdi. Ularning ta’kidlashicha, ushbu yodgorliklar insoniyat tarixidagi uzluksiz taraqqiyot jarayonini, dastlabki tosh davridan boshlab shakllangan madaniy rivojlanishni yaqqol aks ettiradi. Paleolit va mezolit davrlariga oid topilmalar, kulolchilik buyumlari va qadimiy ov qurollari mutaxassislarning ilmiy qiziqishini yanada oshirdi.

Shuningdek, eksponatlar oldida o‘rnatilgan maxsus ekranli etiketajlar orqali batafsil ma’lumot olish imkoniyati mehmonlar tomonidan e’tirof etildi. Bu yondashuv tashrif buyuruvchilarga har bir eksponat haqida batafsil ma’lumot olish va tarixiy jarayonlarni yaxshiroq tushunishga xizmat qilishi qayd etildi.

 

Tateishi Kenji, Nara shahri Turizm va iqtisodiyot bo‘limi ilmiy xodimi:

– Bu markaz tashkil etilgani haqida eshitib, albatta tashrif buyurishni juda xohlagan edim. Ammo uning bunchalik ulkan va ajoyib maskan ekanini tasavvur ham qilmagandim. Bu yerda islom dini va tarix juda puxta, tushunarli va zamonaviy usulda yoritilgan. Ayniqsa, videolar, animatsiyalar va vizual materiallar orqali tarix jonli tarzda yetkazilgani meni hayratga soldi.

Eshitishimizcha, ushbu muzey 2026 yilda ochilishi eng ko‘p kutilayotgan muzeylar o‘nligiga kirgan. Menimcha, u dunyo miqyosida namuna bo‘ladigan darajadagi muzeyga aylanishi mumkin.

Sayeko Miyashita, muzeyshunos:

– Bu yerda eng zamonaviy texnologiyalar asosida tarix juda tushunarli tasvirlangan. Ayniqsa, bolalar va yoshlar uchun mo‘ljallangan interaktiv mexanizmlar juda samarali. Men asosan qadimgi davrlar bo‘yicha mutaxassisman. Shu bois qadimgi davr odamlari qanday yashaganini tushunishga yordam beradigan jihatlar menga juda yoqdi. Masalan, qo‘l kuchi bilan suv chiqarish mexanizmi yoki olov yoqish usullarini amalda ko‘rsatib berishlari juda yaxshi o‘ylangan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur tashrif «EKSPO–2025» Butunjahon ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Milliy pavilonida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Yaponiya Nara shahri va Nara milliy muzeyi o‘rtasida imzolangan uch tomonlama o‘zaro anglashuv memorandumi bilan bevosita bog‘liqdir. Ushbu hujjatga muvofiq, 2027 yilda Nara milliy muzeyida O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosiga bag‘ishlangan maxsus arxeologik ko‘rgazmani tashkil etish rejalashtirilgan.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.