Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

“Bu tajriba boshqa mamlakatlar uchun ham muhim” – italiyalik professorning xulosasi

Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etilgan ekspozitsiyalar xorijlik olimlar tomonidan xalqaro ilmiy yondashuv namunasi sifatida baholanmoqda. Markazga tashrif buyurgan Italiyaning Sapiyenza universiteti professori Marko Di Brankoda  Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ning diplomatik maktublari va Beruniy globusi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. “Bu yerda nafaqat bilim olasiz, balki yangi ilmiy va madaniy qarashlarga ega bo‘lasiz”, — dedi u Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan.

Italiyaning nufuzli Sapiyenza universiteti professori Marko Di Branko boshchiligida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan delegatsiya a’zolarini ekspozitsiyalarda tarixiy materiallarning mantiqiy ketma-ketlikda ochib berilishi juda qiziqtirib qo‘ydi. Xususan, ekspozitsiyalardagi Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devorida namoyish etilgan tangalar hamda ularni maxsus lupalar orqali yaqindan ko‘rish imkoniyati mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.

Miloddan avvalgi davrlarga oid Anikova kumush laganlari, shuningdek, VIII asrga mansub jangchilar tasviri tushirilgan kumush buyumlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ulardagi ramzlar, naqshlar va belgilar o‘z davri uchun nihoyatda yuksak badiiy did hamda texnik mahorat mahsuli ekani ta’kidlandi.

Islom tarixini o‘rganuvchi olim bo‘lganligi sababli Marko Di Brankoda ayniqsa Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ning diplomatik maktublari katta qiziqish uyg‘otdi. Professor ushbu nodir manbalarni diqqat bilan kuzatar ekan, ularning Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasiga kiritilgani muhim ilmiy yondashuv ekanini qayd etdi.

Birinchi Renessans bo‘limida namoyish etilgan xaritalar ham delegatsiya a’zolari e’tiborini tortdi. Beruniy globusi, shuningdek, ilm-fan devorida joylashgan uch muhim xarita – Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asaridagi, Xalifa Ma’mun davriga oid dunyo xaritasi hamda Al-Idrisiyning mashhur kartografik asari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Professor Marko Di Branko Beruniy globusining ilmiy asosda, asl holatida qayta tiklangani Beruniyning beqiyos ilmiy salohiyatini yaqqol namoyon etganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Ikkinchi Renessans bo‘limidagi Temuriylar davriga oid kutubxona, u yerda saqlanayotgan asl tarixiy kitoblar, qo‘lyozmalar, mutafakkirlar merosi, vaqfnomalar va toshbosma asarlar ham delegatsiyaning  qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Marko Di Branko, Sapiyenza universiteti professori:

“Bu yerda nafaqat bilim olasiz, balki yangi ilmiy va madaniy qarashlarga ega bo‘lasiz. San’at va tarixning ommaga taqdim etilish uslubi nihoyatda ta’sirli. Bu tajriba boshqa mamlakatlar uchun ham muhim, deb hisoblayman. Meni eng ko‘p hayratga solgan yodgorlik — Xalifa Usmon Qur’onidir.

Islom sivilizatsiyasi insoniyat tarixidagi eng muhim sivilizatsiyalardan biridir. Bu markaz esa uni chuqur va har tomonlama o‘rganish uchun noyob imkoniyat yaratadi. Shuningdek, muzeyda Yevropa va Italiya bilan bog‘liq ko‘plab materiallarni ko‘rdim. Jumladan, Sitsiliyada Norman qiroli Rojer uchun Al-Idrisiy tomonidan yaratilgan dunyo xaritasi, Galen, Ibn Sino hamda Yevropa Renessansi uchun muhim bo‘lgan boshqa allomalarga oid manbalar bunga yaqqol misoldir. Menimcha, haqiqiy yetakchi o‘z xalqining manfaatlari yo‘lida bunyodkorlik qilishi kerak. Ushbu muzey esa hokimiyat xalq uchun xizmat qilishi g‘oyasining yorqin ramzidir.”

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3
carousel image 4
carousel image 5

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.