Asrlar davomidagi tendensiya: ilm va sivilizatsiya bunyodkorlari bo‘lgan ayollar e’tibor markazida
“Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan tarixiy haqiqatlar yana bir bor yodga yodga olindi. Ayollar faqat oila emas, balki ilm-fan va sivilizatsiya bunyodkorlari ham. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ana shu haqiqat tarixiy misollar orqali ochib berildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Butunjahon “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan ilmiy-ma’rifiy yig‘ilish tashkil etildi. Unda Markazning ilmiy xodimlari, tadqiqotchilar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili 11-fevral sanasi xalqaro miqyosda “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida nishonlanadi. Ushbu sana ilmiy va innovatsion sohalarda xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning ilmiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish hamda barqaror taraqqiyotga erishishda ayollarning o‘rnini kuchaytirishga qaratilgan.
Respublikamizda ham mazkur sana har yili keng nishonlanib kelinmoqda. Joriy yilda ham ushbu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 26-yanvardagi “Ilmli ayol — barqaror jamiyat sari” mavzusida 11-fevral “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni”ga bag‘ishlangan haftalik o‘tkazish to‘g‘risidagi bayoni tasdiqlandi. Mazkur hujjatga muvofiq, haftalik doirasida xotin-qizlarning ilm-fan sohasidagi yutuqlarini targ‘ib qilish, yosh qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, gender tenglikni ta’minlash hamda ilm-fanda xotin-qizlar ulushini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilishi belgilangan.
Tadbirning asosiy maqsadi – milliy va jahon sivilizatsiyasi rivojida ayollarning o‘rni va hissasini keng yoritish, tarixiy merosni o‘rganish hamda bugungi kunda ilm-ma’rifat sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi. Yig‘ilish mamlakatimizda ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning jamiyatdagi nufuzini oshirishga qaratilgan davlat siyosati va Prezident tashabbuslariga hamohang holda o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida Markaz ilmiy xodimi Matluba Rahmonqulova so‘zga chiqib, Markaz ekspozitsiyasidan o‘rin olgan Ikkinchi Renessans davrida ayollarning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotidagi beqiyos rolini aytib o‘tdi. Saroymulkxonim, Gavharshodbegim kabi ilm-ma’rifat homiylari, shuningdek, Zebuniso, Gulbadanbegim kabi olima va ijodkor ayollar faoliyatiga alohida to‘xtaldi. Mazkur shaxslar o‘z davrida madrasa, masjid va ilmiy markazlar qurdirish, adabiy va ilmiy meros yaratish orqali jamiyat ma’naviy hayotiga katta hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
Shuningdek, ma’ruzada Boburiylar davrida Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asari orqali tarixshunoslikda ayollar ishtiroki namoyon bo‘lgani, Zebunisobegimning tasavvuf va ilohiyatga oid asarlari ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qilgani misol tariqasida keltirildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan XVI–XIX asrlarda yashagan o‘zbek shoiralari — Dilshod otin, Anbar otin, Zinnat, Mahzuna kabi ijodkorlarning adabiy merosi ham muhokama qilinib, ularning ijtimoiy-madaniy hayotdagi faolligi qayd etildi.
Yig‘ilishda bu tarixiy faktlar xotin-qizlarning ilm-ma’rifat, jamiyatdagi mavqei kecha yoki bugun emas, balki bir necha asrlar avvaldanoq yuksak cho‘qqida bo‘lganiga yaqqol isbot bo‘lishi qayd etildi. Bu haqiqatlar esa yosh avlodni milliy merosga hurmat ruhida tarbiyalash, tarixiy xotirani mustahkamlash va ayollarning ilmiy salohiyatini yanada qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shu bilan birga mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim, ilm-fan va jamiyat boshqaruvida faol ishtirokini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Prezident tashabbuslari doirasida izchil davom etayotgani Markazning “Yangi O‘zbekiston Yangi Renessans poydevori” bo‘limi ekspozitsiyasida ham yaqqol aks ettirilgani qayd etildi.
Tadbir yakunida ayollarning ilm-ma’rifatdagi ishtiroki va o‘rni, tarixiy merosni yanada chuqur o‘rganish, Markaz ekspozitsiyalari va ilmiy loyihalarida bu yo‘nalishni kengaytirish yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi. Bu kabi uchrashuvlar Islom sivilizatsiyasi tarixida ayollar merosini tizimli tadqiq etish, uni keng jamoatchilikka yetkazish hamda zamonaviy ilm-ma’rifat muhitini boyitishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.


