
Yangiliklar
ISESCO vakillari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusini “butun islom olami uchun ulkan yutuq” deya e’tirof etdi
Toshkentda ISESCO delegatsiyasi ishtirokida bo‘lib o‘tgan Islom merosi qo‘mitasining 13-yig‘ilishi doirasida mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Gologrammalar, virtual sayohatlar, Aleksandr Makedonskiy davri tangalari, Dalvarzintepadan topilgan qadimgi shaxmat donalari va Ulug‘bekning 1018 yulduz koordinatasi — barchasi mehmonlarda kuchli taassurot qoldirdi. Delegatsiya vakillari Markazni “butun islom olami uchun ulkan yutuq” deya baholadi.
Islomdan avvalgi davr, Markaziy Osiyo hududidagi ilk madaniy qatlamlardan boshlab Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlari, zamonaviy O‘zbekistongacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyotni qamrab olgan ekspozitsiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan gologramma namoyishlar, qadimgi hayot tarzini aks ettiruvchi vizual installyatsiyalar, Kampirtepa arxeologik yodgorligi, miloddan avvalgi IV asrga oid Aleksandr Makedonskiy davri tangalari, Xorazm sivilizatsiyasida qo‘llanilgan chig‘ir asbobi kabi noyob eksponatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Dalvarzintepadan topilgan II–III asrlarga oid qadimgi shaxmat donalari, Sug‘d liboslari, temirchilik ustaxonasi installyatsiyasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Bu eksponatlar Markaziy Osiyo hududida sivilizatsiya va ilmiy tafakkurning ildizlari qanchalik chuqur ekanini yaqqol namoyon etadi.
Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori orqali Abu Ali ibn Sinoning interaktiv tach panellarda taqdim etilgan tibbiy ma’lumotlar, Ikkinchi Renessans davri bo‘limida Amir Temur shaxmati, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va uning 1018 ta yulduz koordinatasini aniqlashga oid ilmiy merosi mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Delegatsiya a’zolarining tashrif davomida ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda xalqaro ilmiy muloqot, merosni muhofaza qilish va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi nufuzli maydonga aylanib bormoqda.
ISESCOning Bokudagi mintaqaviy ofisi vakili Maryam G‘afforzodaning e’tiroficha, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bo‘lgan bu Markaz butun islom olami uchun ulkan yutuqdir.
Maryam G‘afforzoda, ISESCOning Bokudagi mintaqaviy ofisi vakili:
– Birinchi marta kelganimda bino hali qurilish jarayonida edi. O‘shandayoq bu loyiha qanchalik ulkan va ahamiyatli bo‘lishini his qilgan edim. Keyin oilam bilan keldim. Bugun esa ISESCO delegatsiyasi bilan tashrif buyurdik. Har safar bu yerda yangi bir ma’no, yangi bir tarixiy qatlamni kashf etaman. Bu Markaz butun islom olami uchun ulkan yutuqdir. Chunki u islom sivilizatsiyasini faqat diniy nuqtayi nazardan emas, balki ilm-fan, matematika, astronomiya, tibbiyot va madaniyat nuqtayi nazaridan ham yoritadi. Bu — jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan zamin ekanini isbotlaydi.
U, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusini yuqori baholab, mazkur qaror islom merosini global miqyosda namoyon etishda muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.
Bilol al-Shabiy, ISESCO Meros markazi dasturlar direktori:
– Dunyo bo‘ylab ko‘plab muzey va madaniy markazlarda bo‘lganman. Ammo bu yerdagi taqdimot uslubi alohida e’tiborga sazovor. Eksponatlar shunchaki joylashtirilmagan — ular muayyan hikoyani so‘zlaydi. Bu yerga kelgan inson shunchaki tomoshabin bo‘lib qolmaydi, balki tarixiy sayohat ishtirokchisiga aylanadi. 10 tilda ma’lumot taqdim etilishi, virtual sayohat, gologrammalar — bularning barchasi ekspozitsiyani global darajaga olib chiqqan. Bu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun namunaviy loyihadir.
Eysa Yusuf, Sharja Arxeologiya boshqarmasi bosh direktori:
– Bu yerda Shosh va Samarqandda zarb qilingan dirhamlarni ko‘rish men uchun juda ta’sirli bo‘ldi. Bu nafaqat iqtisodiy munosabatlarni, balki madaniy almashinuvni ham ko‘rsatadi. Bizning hududimizda topilgan ayrim islomiy artefaktlar ham Markaz ekspozitsiyasidagi materiallar bilan bog‘liq.
Muhammad Elvayl, O‘mon sultonligi Meros va turizm vazirligi vakili:
– Bu mening O‘zbekistonga ilk tashrifim. Bu yerdagi tartib, ekspozitsiya, xodimlarning kasbiy yondashuvi meni hayratga soldi. Tarixga bunday ehtirom bilan yondashish juda muhim. Chunki o‘tmishni bilmagan xalq kelajagini barpo eta olmaydi. Rostini aytsam, bu yerdagi barcha narsa juda noyob va go‘zal. Har bir belgi va eksponat o‘ziga xos. Alohida diqqatimni tortgan jihat — Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning turli yurtlarga yuborgan maktublari bo‘ldi. Ayniqsa, ulardan biri mening mamlakatimga yuborilgan maktub ekanini ko‘rdim. Bu juda ta’sirli va quvonarli holat. Bu yerda nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo bo‘ylab islom tarixi va sivilizatsiyasi namoyon etilgan. ISESCO O‘zbekistondagi tarixiy va arxeologik obidalar, yodgorliklar haqidagi ma’lumotlarni butun dunyoga yetkazishda muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, ISESCOning asosiy maqsadlaridan biri — muzeylar, ommaviy axborot vositalari va boshqa media platformalar orqali mamlakatlarning tarixi va madaniy merosini jahon hamjamiyatiga tanitishdir. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston tarixi va bu yerdagi go‘zal maskanlarni dunyoga namoyon etishda hamkorlik muhim ahamiyatga ega.
Ndiyay Aliu, Muzeylar hamda nomoddiy madaniy meros yo‘nalishi bo‘limi rahbari:
– Markaz juda keng qamrovli mazmunga ega. U O‘zbekiston sivilizatsiyasi, tarixi, o‘tgan sulolalar va amirlar, yozuv madaniyati, arxeologiya hamda boshqa ko‘plab sohalar haqida batafsil ma’lumot beradi. Bu yerda taqdim etilgan ekspozitsiyalar orqali O‘zbekistonning o‘tmishi va tarixi bilan birga uning kelajagi haqida ham tasavvur hosil qilish mumkin. Chunki bu binoning o‘zi ham kelajak avlodlar uchun barpo etilgan, uzoq yillar xizmat qiladigan, kelgusi nasllarni qabul qilishga mo‘ljallangan haqiqiy madaniy meros namunasidir. Menga eng yoqqan ekspozitsiya — diniy ulamolar va islomiy shaxsiyatlarga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ldi. Masalan, biz Senegalda — aholisining ko‘pchiligi musulmon bo‘lgan mamlakatda yashaymiz. Islom dini va ulamolar haqida ma’lumotga egamiz. Imom Buxoriy nomini ham eshitganman, ammo uning aynan shu yurtda tug‘ilganini bilmas edim. Bugungi ekspozitsiya orqali Imom Buxoriy kim bo‘lgani, qayerda tug‘ilgani, nima ishlar qilgani, qayerda ulg‘aygani haqida batafsil ma’lumot oldim. Bu menga juda yoqdi va katta taassurot qoldirdi.
ISESCO delegatsiyasining tashrifi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydondagi nufuzini yana bir bor tasdiqladi. Markaz bugungi kunda O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasida muhim o‘rin tutib, islom olamining umumiy merosini birlashtiruvchi nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida e’tirof etilmoqda.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.



