Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Jahon ilmiy jamoatchiligi nega Movarounnahr olimlari ilmiy merosiga katta qiziqish bildirmoqda?

12.02.2026, 18:191082
Jahon ilmiy jamoatchiligi nega Movarounnahr olimlari ilmiy merosiga katta qiziqish bildirmoqda?

23 yoshida boshlangan buyuk safar, 16 yillik mehnat va 600 ming hadis orasidan saralangan eng ishonchli rivoyatlar… O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan alohida ekspozitsiya jahon ilmiy jamoatchiligining e’tiborini tortmoqda. Bunga nima sabab?

Jahon ilmiy jamoatchiligi nafaqat islom, balki jahon sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qo‘shgan, diniy va dunyoviy fanlarni birdek o‘rganib, ularni jamiyat hayotiga tatbiq eta olgan Movarounnahr olimlarining ma’naviy-ma’rifiy merosini o‘rganishga katta qiziqish bildirmoqda. Bunga esa O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan muzey ekspozitsiyalari sabab bo‘lmoqda.

Yangi O‘zbekistonda buyuk ajdodlar ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yosh avlodni milliy an’analar ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad – islomga e’tiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib bo‘lish biz uchun juda katta burch”dir.

Shu ma’noda, Imom Buxoriy kabi islom olamida yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan allomalar hayot yo‘li va ilmiy ijodini chuqur tadqiq etish hamda asarlarini keng jamoatchilikka targ‘ib qilish muhim masalalardan sanaladi.

Markaz muzeyi ekspozitsiyasining Birinchi Renessans davri bo‘limida Buxoroda tavallud topgan buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlariga bag‘ishlangan alohida kapsula joylashgan. Mazkur ekspozitsiya nafaqat allomaning hayot yo‘li va ilmiy merosini yoritadi, balki butun islom tamaddunining manbashunoslik va hadis ilmi sohasidagi yuksak darajasini namoyon etadi.

Kapsulada Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy safarlari va bebaho merosiga oid noyob qo‘lyozmalar, safar xaritalari, ilmiy majmualar hamda u zotga daxldor artefaktlar taqdim etilgan. Ekspozitsiyaning eng muhim jihati esa – ikki asl qo‘lyozma nusxaning namoyish qilinishidir.

Ulardan biri – islom olamida eng ishonchli hadis to‘plami sifatida e’tirof etilgan “Al-Jome’ as-Sahih” asaridir. Arab tilida, Sharq qog‘ozida, nasx xatida bitilgan ushbu nusxa kotib Sulaymon Ibrohim Alaviy tomonidan ko‘chirilgan.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810–870) tomonidan yaratilgan “Al-Jome’ as-Sahih” islom dunyosidagi “Kutub as-sitta” – oltita eng ishonchli hadis to‘plamining birinchisi hisoblanadi. Asar 97 kitob va 3881 bobdan iborat bo‘lib, unda qariyb 600 ming hadis orasidan saralangan 4 mingga yaqin eng sahih rivoyatlar jamlangan. Takrorlari bilan birga hadislar soni 7563 taga yetadi. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy ta’kidlaganidek, bu hisobga sahobalarga tegishli mavquf hadislar va tobeinlarga doir maqtu’ rivoyatlar kiritilmagan.

Imom Buxoriy ushbu buyuk asarni yozishni taxminan 833 yilda, 23 yoshida Masjidul Haramda boshlab, 16 yil davomida – 849 yilda, qirq yoshga yetmasdan turib nihoyasiga yetkazgan. Asarning to‘liq nomi “Al-Jome’ al-Musnad as-Sahih al-Muxtasar min umuri Rasulullohi sallallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomihi” bo‘lib, u Rasululloh (s.a.v)ning hayoti, sunnatlari va islom ahkomlarini jamlagan sahih, musnad va mukammal manba sifatida e’tirof etiladi.

«Al-Jome’» deb nomlanishining o‘ziyoq asarning qamrovini anglatadi. Unda imon va tavhid masalalaridan tortib, ibodat va muomalat hukmlarigacha, jihod, tarix, tafsir, nikoh, odob-axloq, zuhd kabi ko‘plab mavzular yoritilgan. Hadis ilmi an’anasida bunday keng qamrovli asar «jome’» deb ataladi.

Ekspozitsiyada namoyish etilayotgan ikkinchi nodir manba – “Sulosiyot al-Buxoriy” qo‘lyozmasidir. «Sulosiyot» so‘zi «uchlik» ma’nosini anglatadi. Bu to‘plam “Al-Jome’ as-Sahih”dagi shunday hadislarni o‘z ichiga oladiki, ular Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)dan keyin atigi uch avlod zanjiri orqali rivoyat qilingan. Ya’ni hadislar sahobalar, tobeinlar va taba tobeinlar orqali yetib kelgan. Rivoyat zanjirining qisqaligi ushbu hadislarning ishonchlilik darajasini belgilaydi. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy sulosiy hadislar ichida sahihlik jihatidan benazir rivoyatlar mavjudligini alohida ta’kidlaydi.

Abdurasul Yaxshiboyev, Markaz ilmiy xodimi:

Mazkur nusxa 1565 yilda qayta ko‘chirilgan bo‘lib, ayni paytda mutaxassislar tomonidan atroflicha o‘rganilmoqda.

Namoyish etilayotgan “Sulosiyot al-Buxoriy” qo‘lyozmasi Islom sivilizatsiyasi markazining Qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. Mazkur nusxa hijriy-milodiy 1565 yilda qayta ko‘chirilgan bo‘lib, bugungi kunda ilmiy xodimlar tomonidan atroflicha o‘rganilmoqda. Xususan, qo‘lyozmaning ko‘chirilgan davri va muallifi, qanday qog‘ozda bitilgani, xattotlik uslubi va chetki izohlar (sharhlar) mazmuni tadqiq etilmoqda. Ushbu izlanishlar natijasida qo‘lyozmaning tarixiy, ilmiy va manbashunoslik qiymatini yanada kengroq ochib berish rejalashtirilgan.

Kapsulada namoyish etilayotgan “Al-Jome’ as-Sahih”ning yana bir asl nusxasi esa Sharqshunoslik qo‘lyozmalari fondidan keltirilgan. Har ikki qo‘lyozma ham Imom Buxoriy merosining beqiyos ilmiy salohiyatini namoyon etuvchi nodir manbalardir.

Bugungi murakkab davrda hadislarning asl mazmunini manbalar asosida, xolis va adolatli talqin etish masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Sof islomiy tushunchalar – imon, jihod, hijrat, xalifalik, imomat kabi masalalarning turli davr va oqimlar tomonidan har xil talqin qilinishi sharoitida, Imom Buxoriy merosini ilmiy asosda o‘rganish va uni jamiyatga to‘g‘ri yetkazish muhim vazifadir.

Markaz muzeyi ekspozitsiyasidagi mazkur kapsula ana shu ulug‘ maqsadga xizmat qiladi. U buyuk muhaddisning ilmiy jasoratini, shuningdek o‘zbek zaminida kamol topgan allomalar merosining jahon tamaddunidagi yuksak o‘rnini ham yorqin ifodalaydi.

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14828
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12222
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9949
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7979
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar