Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Xalqaro maslahatchilar kengashi vakillari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yana bir yorqin ramzini e’tirof etdi

Xalqaro maslahatchilar kengashi vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishib, uning me’moriy ko‘lami va mazmunan chuqur ilmiy konsepsiyasiga yuqori baho berishdi.

Tashrif davomida Xalqaro maslahatchilar kengashi vakillari Islomdan avvalgi davr bo‘limida “Avesto” asariga bag‘ishlangan interaktiv monitor orqali qadimiy matnlarni eski yozuv shaklida kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu texnologik yechim ajdodlar yozma merosini zamonaviy formatda namoyon etish imkonini yaratgani alohida ta’kidlandi.

Birinchi Renessans bo‘limidagi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiyga bag‘ishlangan ekran namoyishi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Allomalarni “jonlantirish” g‘oyasi zamonaviy muzeychilikda ta’sirchan usul sifatida baholandi.

Shuningdek, “Amir Temur yevropaliklar nigohida” loyihasi ham alohida e’tiborga tushdi. U orqali Sohibqironning Yevropa davlatlari bilan aloqalari, uning xalqaro maydondagi o‘rni va ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

“Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasida esa mamlakatning zamonaviy yutuqlari, jumladan, Tokio–2020 Olimpiya o‘yinlari chempionlariga bag‘ishlangan bo‘lim mehmonlar diqqatini tortdi.

Alfred Guzenbauer, Xalqaro maslahatchilar kengashi vakili:

– Bu yerga tashrif buyurgan har bir inson beixtiyor hayratga tushadi. Markaz nafaqat ulkan me’moriy qiyofaga, balki mazmunan ham juda boy va ko‘p qirrali imkoniyatlarga ega. Bu zamonaviy interaktiv markaz bo‘lib, tashrif buyuruvchilar islom sivilizatsiyasi, xususan, O‘zbekiston tarixi bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega. Ayniqsa, qadimiy astronomlar va olimlarning kashfiyotlari haqidagi bo‘limlar katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgani alohida ahamiyatga ega. Bu tashabbus Yangi O‘zbekiston g‘oyasini mujassam etuvchi, milliy an’analarni zamonaviy taraqqiyot maqsadlari bilan uyg‘unlashtiruvchi muhim qadamdir. 

Shtefan Fyulle, Xalqaro maslahatchilar kengashi vakili:

– Bu markaz favqulodda maskan. Islom taraqqiyot va ma’rifat bilan uyg‘unlashgan zaminda bunday markazning barpo etilishi chuqur ramziy ahamiyatga ega. Bu yerda inson go‘yo tarixning tirik nafasini his qiladi. Ekspozitsiya juda puxta o‘ylangan. Sun’iy intellekt, audio va video texnologiyalardan samarali foydalanilgani katta taassurot qoldiradi. Bu — muzeychilikka mutlaqo yangicha yondashuv. Uni nafaqat muzey, balki sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ma’naviy muloqot maydoni deb baholash mumkin.

Xalqaro maslahatchilar kengashi vakillari Markazning zamonaviyligi va texnologik jihatdan puxta tashkil etilgani uni Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yana bir yorqin ramziga aylantirayotganini ta’kidlashdi.

carousel image 1
carousel image 2

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.