Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazida 200 ga yaqin gidlar qanday tashabbuslarni ilgari surdi?

Respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 200 nafarga yaqin gid O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va gidlar ishtirokida ochiq muloqot ham o‘tkazildi.

Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tanishuv sayohati davomida ular Markazning ekspozitsiyalari, ilmiy konsepsiyasi va zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan muhitini yaqindan ko‘rib, uni mamlakat turizmi uchun yangi bosqich deb baholashdi. Gidlar fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey emas — bu tarix bilan yuzma-yuz muloqot qiladigan, uni his qilish va anglash mumkin bo‘lgan yangi formatdagi ma’rifiy makondir.

Tashrif davomida gidlar eng ko‘p hayratlangan joy — 14 ravoqli mozaikali “Shon-sharaf” zali bo‘ldi. Zalning me’moriy salobati, allomalar va tarixiy siymo obrazlari aks etgan mozaik pannolar, shuningdek, raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan namoyish ularda katta taassurot qoldirdi.

Deyarli 60 yillik tajribaga ega ustoz gid Zohir Rajabov Markaz haqida shunday dedi:

– Men markaz ichkarisiga kirib hayron qoldim. Tashqaridan ko‘p ko‘rganmiz, ammo ichkarisidagi taassurot juda katta. Bu yerga bir-ikki soat yetmaydi. Uch-to‘rt soat tarix bilan yashaysiz. Ayniqsa, “Shon-sharaf” zali juda kuchli ta’sir qildi. Yosh gidlarga tavsiya qilardim — bu yerga albatta kelishsin. Kelib, bilim olsin. Men uzoq yillar shu sohada ishlab, harqalay ko‘p narsani bilsam kerak, degan o‘yda edim. Lekin bugun yana yangi ma’lumotlar oldim. Bu nafaqat Toshkent, balki butun respublika uchun ahamiyatli maskan.

Temuriylar tarixi davlat muzeyi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida ishlagan, hozirda mahalliy gid sifatida faoliyat yuritayotgan Muhabbat Hasanova Markazning o‘ziga xos jihatlariga to‘xtaldi:

– Muzey — bu beshik, o‘tmish bilan yuzma-yuz turadigan maskan. Lekin Islom sivilizatsiyasi markazi boshqacha. Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki his qilasiz. Eksponatlarning katta qismi dunyoning turli mamlakatlaridan olib kelingan. Arxeologik topilmalar tasdiqlaganidek, sivilizatsiyamiz kamida uch ming yillik tarixga ega. Bu merosni yoshlarga yetkazish — bizning vazifamiz.

Gid-ekskursovod Ja’far Begaliyev esa turizm sohasida mas’uliyatning ortib borayotganini ta’kidladi:

– Turizm rivojlanyapti, gidlar ham ko‘paymoqda. Ammo shunchaki gid bo‘lish yetarli emas. Doimiy o‘qib-o‘rganish, bilimni oshirish zarur. Mehmon qanday savol bermasin, aniq va ishonchli javob berish kerak. Bu yerdagi har bir zal ortida katta tarix va shuning uchun ham chuqur bilim va mas’uliyat birinchi o‘rinda. Ana shu mas’uliyat uchun biz Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishish uchun tashrif buyurdik.

 Yosh gid Iroda Bahriddinova esa Markazning poytaxt imidji uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi:

– Samarqandda Registon, Buxoroda Ark, Xivada Ichan-qal’a bor. Toshkentga ham milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan shunday maskan kerak edi. Bu yerda miloddan avvalgi Baqtriya va Sug‘diyona davridan boshlab, Temuriylar va Yangi O‘zbekiston bosqichigacha to‘liq yoritilgan. Sayyohlarni bu maskan bilan tanishtirish uchun kamida bir kun ajratish kerak. Chunki bu yerda juda katta tarix aks etgan.

Ekspozitsiyalar bilan tanishuvdan so‘ng Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va gidlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqot avvalida F.Abduxoliqov gidlar bilan hamkorlik masalalariga to‘xtalib, bu borada hamfikrlikda ishlarni tashkil etish kerakligini bildirdi. Shuningdek, ekskursiya yo‘nalishlarini takomillashtirish, ayrim ekspozitsiyalar bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirish materiallarini tayyorlash, xorijiy tillarda gid xizmatini kengaytirish va yosh gidlar uchun malaka oshirish seminarlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Gidlar Markaz faoliyati yuzasidan o‘z taassurotlari, amaliy takliflari va mulohazalarini bildirishdi.

Avvalo, muzeyning ish tartibini yanada aniqlashtirish va tashrif buyuruvchilar uchun barqaror rejimni yo‘lga qo‘yish muhimligini  ta’kidlandi.

Kirish va chiqish tizimini takomillashtirish, asosiy va qo‘shimcha eshiklar bo‘yicha aniq yo‘naltiruvchi belgilar o‘rnatish, katta guruhlar kelganida tashrif tig‘izliklarini bartaraf etish zarurligi ham aytildi. Shuningdek, chiqish yo‘nalishini alohida tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Yozgi issiq mavsumda tashqi hududda soyabonlar tashkil etish, mehmonlar qisqa muddat dam olgandan so‘ng tartib bilan kiritilishini yo‘lga qo‘yish Samarqand va Buxorodagi tarixiy majmualar tajribasi asosida taklif etildi.

Muzey ichida gid xizmatidan foydalanmaydigan mehmonlar uchun aniq yo‘nalish ko‘rsatkichlari, 3D formatdagi interaktiv xarita tizimini joriy etish zarurligi bildirildi. Bu tashrif buyuruvchilarga ekspozitsiyalar, xususan, Qur’on saqlanayotgan joy va boshqa muhim bo‘limlar haqida mustaqil ravishda batafsil ma’lumot olish imkonini beradi.

Shu bilan birga, tashqi infratuzilma — avtovokzal va avtoturargohlar, mehmonxonalar, restoran va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlari haqida ma’lumot beruvchi elektron xarita yoki mobil ilova yaratish taklifi ham qo‘llab-quvvatlandi.

Volontyor-gidlar sonini ko‘paytirish, yosh mutaxassislar uchun malaka oshirish seminarlarini muntazam o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuv yakunida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov gidlarning samimiy fikr va takliflariga minnatdorchilik bildirib, ekspozitsiyalarni yanada boyitish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishini qayd etdi.

 — Bildirilgan takliflar biz uchun juda muhim. Ekspozitsiyalarni yanada boyitish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarga nafaqat ekspozitsiyalar, balki Markaz qurilishi, unda ishtirok etgan ustalar, muhim faktlar, maydoni kabi ma’lumotlar haqida ham ochiq va tushunarli tarzda ma’lumotlar berilishi maqsadga muvofiq. Bu tashrif buyuruvchilar uchun qiziqarli va ahamiyatli axborotdir.  Hamkorlikni bundan keyin ham tizimli ravishda davom ettiramiz.

Muloqotda qayd etilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakat turizmi rivojiga xizmat qilishi shubhasiz. Uning ochilishi mamlakat turizmi rivojida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3
carousel image 4
carousel image 5
carousel image 6
carousel image 7
carousel image 8
carousel image 9
carousel image 10

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.