
Yangiliklar
Muhim tashrif: OIIB prezidenti Szou Szyai O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida
Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki (OIIB) Prezidenti Szou Szyai boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi. Ushbu markaz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Mazkur tashrif iqtisodiy taraqqiyot va ma’naviy meros o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yaqqol namoyon etdi. Zero, infratuzilmaviy rivojlanish faqatgina sarmoya va zamonaviy qurilish bilan emas, balki xalqlarning tarixiy tajribasi, ilmiy yutuqlari va sivilizatsion merosiga tayanadi.
Delegatsiya, avvalo, Markazning “Shon-sharaf zali”ni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda Markaziy Osiyo zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar va davlat arboblari siymosi me’moriy va badiiy yechimlar orqali mujassam etilgan. Mehmonlarda ushbu makon ilmiy tafakkur va davlatchilik an’analari izchilligi haqida yaxlit tasavvur hosil qildi.
Islomdan avvalgi davr bo‘limida qadimgi Xorazm, Sug‘d va Baqtriya madaniyati, “Avesto” merosi hamda arxeologik topilmalar delegatsiya a’zolarida mintaqaning ko‘p ming yillik sivilizatsion ildizlari haqida chuqur qiziqish uyg‘otdi. Interaktiv taqdimotlar, qadimiy shaharlar maketlari va multimediaviy yechimlar ayniqsa katta e’tibor bilan tomosha qilindi.
Ekspozitsiyadan o‘rin olgan “Buyuk ipak yo‘li xaritasi”ni mehmonlar O‘zbekistonning tarixiy savdo va madaniy aloqalar chorrahasida joylashgani bugungi xalqaro iqtisodiy hamkorlik jarayonlari bilan uyg‘un ekanini ta’kidladilar. Bu esa tarixiy meros va zamonaviy iqtisodiy aloqalar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yana bir bor ko‘rsatdi.
Birinchi Renessans bo‘limida IX–XII asrlarda yurtimizda shakllangan ilmiy muhit, Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sino kabi allomalarning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi zamonaviy muzey texnologiyalari orqali jonlantirilgani delegatsiyada katta taassurot qoldirdi. Ilmiy merosning interaktiv formatda taqdim etilgani ekspozitsiyaning ta’sirchanligini yanada oshirdi.
Ikkinchi Renessans bo‘limida Temuriylar davrida ilm-fan va me’morchilik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, Samarqand va Hirotning ilmiy markaz sifatidagi nufuzi, qo‘lyozmalar va vizual installyatsiyalar orqali yaqqol namoyon etildi. Delegatsiya a’zolari ushbu ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdilar.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida mamlakatimizning so‘nggi yillardagi islohotlari, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari va infratuzilmaviy loyihalari aks ettirilgan multimediaviy taqdimotlar yuqori baholandi.
Szou Szyai, OIIB prezidenti:
– Namoyish etilgan ekspozitsiyalar nihoyatda ma’lumotlarga boy va ta’limiy ahamiyatga ega. Biz sizning buyuk madaniyatingiz, boy an’analaringiz va ilmiy merosingiz haqida juda ko‘p yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Tarixingiz va madaniyatingiz ilm-fan va bilim bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rdik. Men bundan katta taassurot oldim va buni yuksak qadrlayman.
Delegatsiya a’zolari fikricha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy formatda jahon hamjamiyatiga taqdim etish borasidagi ilg‘or tajribaning yorqin namunasidir.
Shu tariqa, Toshkentdagi mazkur uchrashuv xalqaro moliyaviy institut va sivilizatsion meros uyg‘unligi orqali Yangi O‘zbekistonning ochiqlik, hamkorlik va ma’naviy taraqqiyot tamoyillarini yana bir bor namoyon etdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.