

Yangiliklar
CNN world: “O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi orqali ilm-fan va madaniyatdagi o‘rniga yangicha e’tibor qaratmoqda”
CNN World nashrida e’lon qilingan maxsus maqolada O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi markazi orqali ilm-fan va madaniyatdagi tarixiy o‘rniga yangicha e’tibor qaratayotgani keng yoritildi. Materialda Markaz Markaziy Osiyoning savdo yo‘llari, dinlar va ilmiy an’analar chorrahasida shakllangan boy merosini zamonaviy ilmiy-innovatsion formatda namoyon etayotgani ta’kidlanadi. Shuningdek, qariyb ikki mingga yaqin noyob qo‘lyozma va artefaktlarning xalqaro hamkorlik orqali Vatanga qaytarilishi, ekspozitsiyalarni shakllantirishda minglab olim va mutaxassislar ishtirok etgani hamda Markazning global muloqot va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi hamkorlik maydoniga aylanayotgani alohida urg‘u bilan qayd etilgan.
Qariyb o‘n yil davomida barpo etilgan ushbu loyiha orqali Markaziy Osiyo davlati din, madaniy almashinuv va ilmiy an’analar rivojiga qo‘shgan keng qamrovli hissasini namoyish etishga tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda dunyo jadal texnologik o‘zgarishlar hamda geosiyosiy mojarolar, madaniy o‘zlik bilan bog‘liq xavotirlar kabi global muammolar ta’sirida katta siljishlarni boshdan kechirmoqda. Bu esa konstruktiv muloqotga ehtiyojni yanada kuchaytirmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi chegaralararo intellektual almashinuvga e’tibor qaratgan holda tarixan savdo yo‘llari, dinlar, ilmiy an’analar va madaniyatlar chorrahasida shakllangan mintaqaning boy merosiga tayanadi.
Islom sivilizatsiyasi markazining intellektual va ilmiy asoslari Islomni sivilizatsiyalar taraqqiyoti jarayonida ilmiy yutuqlar ro‘y bergan, universitet va akademiyalar tashkil etilgan, kutubxonalar kengaygan, laboratoriya tajribalari rivojlangan tarixiy jarayonlar doirasida ko‘rsatadi.
Al-Xorazmiyning matematika sohasidagi ishlari, Ibn Sinoning tibbiyotga qo‘shgan hissasi kabi bugungi O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan allomalar tibbiyot, falsafa, san’at va ilmiy izlanishlar sohasida mintaqalar va avlodlar osha davom etgan beqiyos meros qoldirgan.
“Bir xalqni anglash uchun uning tarixini bilish kerak. [O‘zbekistonda] u nihoyatda boy.”
— Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya
Yaqinda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya shunday dedi: “insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab ilmiy va madaniy yutuqlar aynan mana shu zaminda yuzaga kelgan.”
Mazkur ilmiy almashinuv merosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaz tashabbusi ilk bor e’lon qilinganidan buyon ilgari surib kelinayotgan bilim va ma’rifat g‘oyalariga hamohangdir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Markazga tashrifi chog‘ida Prezident Mirziyoyevning xalqaro muloqot, ma’rifat va o‘zaro hurmatni targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etgan.
Markaz ekspozitsiyasini shakllantirish jarayonida qariyb 2000 nafar olim, mutaxassis va dizaynerlar ishtirok etgan bo‘lib, 2017-yildan buyon olib borilgan uzluksiz ilmiy tadqiqotlar loyiha markazida turgan muloqot va almashinuv ruhini aks ettiradi.
Merosni tiklash
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Markazning asosiy maqsadlaridan biri — O‘zbekistonning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini tarixiy ashyolarni vatanga qaytarish orqali namoyish etishdir. Bu jarayonda Sotheby’s va Christie’s kabi xalqaro auksion uylari, shuningdek muzeylar, universitetlar va xususiy kolleksionerlar bilan hamkorlik qilindi.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasida qariyb 2000 ta tarixiy asar va qo‘lyozmalar O‘zbekistonga qaytarildi. Ular orasida Ibn Sinoga nisbat berilgan qo‘lyozmalar, Abu Rayhon Beruniy bilan bog‘liq asarlar, Temuriylar davriga oid miniatyuralar hamda ilgari xorijda saqlangan boshqa islom san’ati namunalari mavjud.
Muzey ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan eng noyob asarlar qatorida Qur’onning eng qadimiy nusxalaridan biri hisoblangan Usmon Mus’hafi hamda Makka shahridagi Ka’bani qoplaydigan Kisva matosining bir parchasi ham bor.
Islom madaniyatining kengroq diniy, madaniy va ta’limiy an’analar doirasidagi o‘rnini tushuntirish maqsadida Markaz ekspozitsiyalari turli tarixiy davrlarni o‘zaro bog‘langan taraqqiyot jarayoni sifatida yorituvchi yaxlit konsepsiya asosida tashkil etilgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi vaqt o‘tishi bilan rivojlanib boradigan, islomshunoslik, muzeyshunoslik va madaniy almashinuv sohalaridagi yangiliklarni o‘zida mujassam etadigan muassasa sifatida loyihalashtirilgan. Ekspozitsiya zallari bilan bir qatorda, majmua tarkibida ilmiy tadqiqot xonalari, kutubxonalar, restavratsiya va raqamlashtirish laboratoriyalari hamda arxiv fondlari mavjud bo‘lib, ular ilmiy izlanishlar va jamoatchilik bilan ishlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ta’limiy dasturlar yosh avlodni tarixiy meros bilan tanishtirish, ularda ilmiy tadqiqot va izlanishga qiziqish uyg‘otishga qaratilgan. Xususan, Qur’on matnlarini matematika, texnologiya va tabiiy fanlar asosida tahlil qiluvchi fanlararo loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Ushbu Markaz nafaqat o‘tgan asrlar merosini qayta tikladi, balki kelajak avlodlar uchun ilhom manbaiga aylandi.”
— Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb
Zamonaviy intellektual muassasa sifatida Markaz Bag‘doddagi Baytul hikma, Xorazm Ma’mun akademiyasi va Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi kabi tarixiy ilm markazlariga tayanadi. Biroq ilgari g‘oyalar asosan qo‘lyozmalar orqali uzoq vaqt davomida tarqalgan bo‘lsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey va ilmiy tadqiqot uyg‘unligidagi, xalqaro ta’lim yo‘nalishiga ega zamonaviy majmua sifatida madaniy va ilmiy muloqotni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
2025-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Sivilizatsiyalar alyansining 11-Global forumida Islom sivilizatsiyasi markazi va UNAOC o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam asos yaratdi.
“Kelishuv madaniyat, fan va ta’lim sohalarida hamkorlikni, qo‘shma ilmiy va ta’limiy tashabbuslarni amalga oshirishni, umumiy madaniy va media loyihalarni, shuningdek bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va sivilizatsiyalararo qadriyatlarini targ‘ib etish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarni qamrab oladi”, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori va WOSCU raisi doktor Firdavs Abduxoliqov.
Ekspozitsiyalar, ilmiy tadqiqotlar va raqamli imkoniyatlarni uyg‘unlashtirgan Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yil mart oyida jamoatchilik uchun o‘z eshiklarini ochishi rejalashtirilgan. U O‘zbekistonning milliy merosini xalqaro va akademik maydonda taqdim etib, uni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash va chuqur o‘rganishga xizmat qiladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.