Uch yarim asrlik imperiya: O‘zbekistonda ilk bor Boburiylar davrining asl yodgorliklari namoyishda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Boburiylar sulolasiga bag‘ishlab tashkil etilgan alohida ekspozitsiya nafaqat nodir artefaktlar jamlanmasi, balki Markaziy Osiyo va Hind sivilizatsiyalari o‘rtasidagi chuqur tarixiy va ma’naviy bog‘liqlikni ochib beruvchi ilmiy-ma’rifiy maydon sifatida e’tiborga molik.
Ekspozitsiyada yuzlab noyob eksponatlar orqali Boburiylar sulolasining davlatchilik an’analari, qurolsozligi, san’ati, me’morchiligi va ma’naviy hayoti kompleks tarzda yoritilgan.
“Buyuk mo‘g‘ullar”mi yoki Temur avlodlarimi?
G‘arb tarixshunosligida Boburiylar ko‘pincha “Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi” sifatida tilga olinadi. Ammo ekspozitsiyada namoyish etilayotgan miniatyuralar va manbalar sulola vakillari o‘zlarini bevosita Amir Temur avlodlari deb bilganini tasdiqlaydi.
Sohibqirondan boshlab keyingi hukmdorlargacha bo‘lgan sulola silsilasi tasvirlangan miniatyuralar Boburiylar davlatchiligi temuriylar an’analari davomi sifatida shakllanganini ko‘rsatadi. Bu esa tarixiy tasniflarga yangicha nazar tashlash imkonini beradi.
Qurolsozlik — hukmdorlik ramzi
Ekspozitsiyada XVII asr oxirida tayyorlangan nefrit dastali qilich alohida o‘rin tutadi. Po‘lat tig‘i va nafis bezaklari bilan ajralib turadigan ushbu qurol Markaziy Osiyo va Hind qurolsozlik maktablari uyg‘unligini namoyon etadi.
Fil suyagi va nefritdan yasalgan xanjar dastalari qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bo‘lib, ular faqat himoya vositasi emas, balki hukmdorlik maqomining ramzi sifatida ham xizmat qilgan. Ayniqsa, sher shaklidagi dasta jasorat va qudrat timsoli sifatida talqin qilinadi.
Miniatyura va portret san’ati — madaniy yuksalish ko‘zgusi
1720-yilda Amsterdamda nashr etilgan “Tarixiy atlas” kitobida Zahiriddin Muhammad Bobur, Akbar, Shohjahon va Avrangzeb portretlarining joy olgani sulolaning xalqaro nufuzini ko‘rsatadi.
Boburiylar davrida Markaziy Osiyo, Hind va Yevropa rassomchilik an’analari uyg‘unlashib, yangi badiiy uslub shakllangan. Bu holat imperiyaning madaniy ochiqligi va intellektual muhitining yuksak darajasidan dalolat beradi.
Qo‘lyozmalar va “xatti Boburiy”
Boburiylar sulolasining asoschisi — Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat sarkarda, balki shoir va ma’rifatparvar sifatida ham tarixda iz qoldirgan. U yaratgan “xatti Boburiy” alifbosi va shu yozuvda ko‘chirilgan Qur’on nusxalari ma’naviy hayotning yuksakligini namoyon etadi.
Boburnoma asari esa sulolaning tarixiy va adabiy durdonasi sifatida alohida o‘rin tutadi. Asarda Boburning hayoti, davlatchilik faoliyati va kuzatishlari samimiy va xolis uslubda yoritilgan.
Davlatchilik va huquqiy tizim
Avrangzeb davriga oid farmonlar va muhrlar markazlashgan boshqaruv tizimi va huquqiy tartib mustahkam shakllanganini ko‘rsatadi. Bu omil sulolaning qariyb uch yarim asr davomida barqaror hukmronlik qilishini ta’minlagan muhim asoslardan biri bo‘lgan.
Saroy madaniyati va hashamat
Nefrit piyolalar, zarhallangan idishlar va saroy buyumlari Boburiylar hayotida estetik did va san’atga yuksak e’tibor qaratilganini ko‘rsatadi. Ularda Markaziy Osiyo va Hind madaniy an’analari uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Muhabbat va me’morchilik timsoli
Boburiylar me’morchiligining eng mashhur namunasi — Tojmahal. Uni Shohjahon rafiqasi xotirasiga atab qurdirgan. Ushbu me’moriy obida islomiy va hind me’morchilik an’analari uyg‘unligining yuksak namunasi sifatida jahon madaniy merosida alohida o‘rin tutadi.
Ma’naviy himoya ramzi — muqaddas xirqa
Ekspozitsiyada Qur’on oyatlari bitilgan maxsus xirqa ham namoyish etilmoqda. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, u hukmdorni ma’naviy himoya qilish maqsadida tayyorlangan bo‘lishi mumkin. Ayrim manbalar uning bevosita Bobur Mirzoga tegishli bo‘lishi ehtimolini ham ko‘rsatadi.
Tarixiy meros — kelajakka ko‘prik
Boburiylar ekspozitsiyasi nafaqat muzey ko‘rgazmasi, balki milliy o‘zlikni anglash va tarixiy haqiqatni tiklashga xizmat qiluvchi ilmiy-ma’rifiy loyihadir. U tashrif buyuruvchilarga Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining jahon tarixidagi o‘rnini yanada teranroq anglash imkonini beradi.
Bu ekspozitsiya — temuriylar an’anasi Hindistonda qanday davom etganini ko‘rsatuvchi jonli dalildir.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


