Tunis delegatsiyasi a’zolari: "Butun dunyo uchun ahamiyatga ega ilmiy va ma’naviy maskan"

“Bunday masshtab va bunday darajadagi markazni ko‘raman, deb umuman kutmagandim” — Tunisdan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taassurotlarini aynan shu shunday ifoda etdi.
MWB Trading kompaniyasi bosh ijrochi direktori Mahdi Faxfax har bir detal puxta o‘ylanganini ta’kidlab, loyihaning ahamiyati butun dunyo miqyosida ekanini qayd etdi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Tunis Respublikasidan tashrif buyurgan rasmiy delegatsiya a’zolari Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya tarkibida MWB Trading kompaniyasi bosh ijrochi direktori Mahdi Faxfax, SCET Engineering kompaniyasi bosh ijrochi direktor o‘rinbosari Karim Garbi hamda Tunis Milliy qurilish va jamoat ishlari kompaniyalari federatsiyasi prezidenti Jamel Ksibi ishtirok etdi.
Mehmonlar O‘zbekiston hududida shakllangan boy madaniy meros, ilmiy yutuqlar va sivilizatsion taraqqiyot bosqichlarini qamrab olgan ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, ayniqsa zamonaviy multimedia va interaktiv texnologiyalar qo‘llanilganiga alohida e’tibor qaratdi.
Islomgacha bo‘lgan davrga bag‘ishlangan bo‘limda qadimiy yozuvlar, arxeologik topilmalar va ilk davlatchilikka oid eksponatlar zamonaviy texnologiyalar orqali taqdim etilgani mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qadimgi manbalarni interaktiv tarzda namoyish etuvchi monitorlar va vizual rekonstruksiya yechimlari tarixni jonli shaklda his qilish imkonini berdi.
Mahdi Faxfax, MWB Trading kompaniyasi bosh ijrochi direktori:
Bu juda hayratlanarli. Bunday darajadagi markazni ko‘raman, deb kutmagandim. Har bir detal puxta o‘ylangan. Bu loyiha nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun ahamiyatli. Bu yerda insoniyat sivilizatsiyasi tarixi mujassam.
U, shuningdek, tunisliklarni ham ushbu maskanga tashrif buyurishga chaqirdi.
SCET Engineering kompaniyasi vakili Karim Garbi esa sun’iy intellekt va interaktiv texnologiyalar orqali jonlantirilgan ekspozitsiyalar, ayniqsa Farg‘ona otlari, Imom Buxoriy, Ibn Sino va Xorazmiy merosiga bag‘ishlangan zallar katta taassurot qoldirganini bildirdi. Ka’ba kisvasi va kalitlarini ko‘rish esa u uchun “katta sharaf” bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Islomdan avvalgi davr, islom sivilizatsiyasi va Buyuk Ipak yo‘li tarixi juda zamonaviy usulda namoyish etilgan. Sun’iy intellekt va interaktiv yechimlar ekspozitsiyalarni jonlantirgan. Menga ayniqsa Farg‘ona otlari ekspozitsiyasi katta taassurot qoldirdi. Kisva va Ka’ba kalitlarini ko‘rish esa men uchun katta sharaf bo‘ldi, – dedi Karim Garbi.
Uning fikricha, Markaz kelajakda butun dunyo musulmonlari uchun muhim xalqaro ilmiy va madaniy maydonga aylanishi mumkin.
Tunis Milliy qurilish va jamoat ishlari kompaniyalari federatsiyasi prezidenti Jamel Ksibi esa Markazni O‘zbekiston taraqqiyotining yorqin ramzi sifatida baholab, uni “butun dunyo uchun ahamiyatli ilmiy va madaniy maskan” deb atadi.
Shuningdek, Markazda qo‘llanilgan texnologik yechimlarni alohida e’tirof etdi.
Jamel Ksibi, Tunis Milliy qurilish va jamoat ishlari kompaniyalari federatsiyasi prezidenti:
Bu yerda O‘zbekiston sivilizatsiyasi juda salobatli va zamonaviy usulda namoyish etilgan. Markazda amalga oshirilgan ishlar ulkan mehnat natijasidir. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun ahamiyatli ilmiy va madaniy maskan.




