

Yangiliklar
Qisqa metrajli hujjatli filmlar qayta ko‘rib chiqildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi arafasida Markaz uchun tayyorlanayotgan qisqa metrajli hujjatli filmlar va videomateriallar yuzasidan muhim muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov hamda mashhur rejissyor Ali Hamroyev va bir necha ijodkorlar, rejissyorlar ishtirok etib, loyihalar mazmuni va vizual yechimlarini atroflicha tahlil qilindi.
Muhokamada tarixiy shaxslarni sun’iy intellekt orqali jonlantirish jarayoniga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, bu texnologiya shunchaki texnik effekt emas, balki tarixiy haqiqatni to‘liq va ta’sirchan ifoda etish vositasiga aylanishi lozim.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov muhokama yig‘ilishida namoyish etilgan filmlar yuzasidan quyidagilarni bildirdi:
– Sun’iy intellekt orqali jonlantirilayotgan qahramonlar zamonaviy texnik effekt emas, balki tarixiy haqiqatning davomi sifatida qabul qilinishi kerak. Ular orqali tomoshabin aynan o‘sha davr muhitini his qilishi, o‘sha zamon insonlarining fikrlashi va ruhiyatini anglashi juda muhim.
Shuningdek, Ali Hamroyev videomateriallarning ma’naviy va estetik mas’uliyati haqida to‘xtalib, shunday dedi:
– Bu filmlar orqali Markazga keladigan inson ilk tasavvurini shakllantiradi. Shuning uchun har bir bo‘limga bag‘ishlangan hujjatli lavhalar puxta, aniq va hissiy jihatdan kuchli bo‘lishi shart. Biz tomoshabinni tarix bilan yuzma-yuz olib kelishimiz kerak.
Yig‘ilish davomida tayyorlangan filmlar va videolavhalar tomosha qilinib, ularning mazmuni, vizual yechimlari hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish usullari bo‘yicha amaliy takliflar berildi. Kinoijodkorlarga ayrim sahnalarni qayta ishlash, tarixiy urg‘ularni kuchaytirish va davr ruhini yanada chuqurroq ifoda etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.


