
Yangiliklar
YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilgan “Samarqand qog‘ozi” ekspozitsiyada!
Ming yillar davomida qo‘lyozmalarni asrab kelgan, Navoiy va Ulug‘bek davrida ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qilgan, bugun esa YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand qog‘ozi — O‘zbekistonning eng noyob madaniy meroslaridan biridir. VIII asrda shakllangan ushbu an’ana Buyuk Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arbni bog‘lab, sivilizatsiyalar o‘rtasida bilim almashinuviga xizmat qilgan. Bugun Konigildagi “Meros” ustaxonasida qadimiy texnologiyalar asosida qayta jonlantirilgan Samarqand qog‘ozi nafaqat tarixiy yodgorlik, balki zamonaviy dizaynerlik va restavratsiya sohasida ham yuksak qadrlanmoqda.
Samarqand qog‘ozining tarixi VIII asrga borib taqaladi. IX–X asrlarda Somoniylar davrida Samarqand qog‘oz ishlab chiqarishning yirik markaziga aylandi. Keyinchalik Temuriylar davrida ushbu an’ana yanada rivojlanib, ilm-fan va san’at ravnaqiga xizmat qildi. Alisher Navoiy va Ulug‘bek davri olimlarining ko‘plab asarlari aynan shu qog‘ozda bitilgan.
Samarqand qog‘ozi asosan tut daraxti po‘stlog‘idan tayyorlanadi. Tayyorlash jarayoni bir nechta murakkab bosqichdan iborat:
• Tut po‘stlog‘ini yig‘ish va ivitish
• 5–6 soat davomida qaynatish
• Yog‘och bolg‘alar bilan maydalash
• Maxsus ramkalar orqali shakllantirish
• Quritish va silliqlash
Bu jarayon asrlar davomida deyarli o‘zgarmagan. Har bir varaq qo‘l mehnati mahsuli bo‘lib, betakror xususiyatga ega.
Samarqand qog‘ozi mustahkamligi va sifat darajasi bilan ajralib turadi. U chidamli, tabiiy sariq-sarg‘ish tusga ega va bo‘yoqlarni mukammal singdiradi. Shu sababli ko‘plab qadimiy Qur’on nusxalari va ilmiy asarlar bugungi kungacha yetib kelgan.
Hozirgi kunda ham bu qog‘oz Yaponiyada qadimiy yozma manbalarni restavratsiya qilishda qo‘llanilayotgani uning ishonchliligi va sifatini yana bir bor isbotlaydi.
Samarqand qog‘ozi YUNЕSKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2025-yil 5-iyulda esa u O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan rasman geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu uning aynan Samarqandga xos noyob mahsulot ekanini huquqiy jihatdan ham tasdiqladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Birinchi Renessans davri bo‘limida “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” orqali Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarish jarayoni videorolik shaklida namoyish etilmoqda. Tashrif buyuruvchilar nafaqat tomosha qilish, balki qog‘oz namunalarini ushlab ko‘rish imkoniyatiga ham ega.
Markaz katta ilmiy xodimi Obidjon Tangirov ta’kidlashicha, Samarqand qog‘ozi mahalliy va xitoy tajribasi sintezi natijasida shakllangan o‘ziga xos maktabdir.
Obidjon Tangirov, katta ilmiy xodimi:
– Birinchi Renessans davrining eng muhim ixtirolaridan biri – Samarqand qog‘ozi tarixiga murojaat qilsak, ayrim manbalarda Talas jangidan so‘ng xitoylik ustalar Samarqandga kelib, qog‘oz tayyorlash sirlarini o‘rgatgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Biroq bir qator tadqiqotchilar fikricha, Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish an’analari bundan avval ham mavjud bo‘lgan. Xitoy tajribasi esa mahalliy tajriba bilan uyg‘unlashib, yanada mukammal va o‘ziga xos Samarqand qog‘ozchilik maktabining shakllanishiga xizmat qilgan. Aynan shu sintez natijasida Samarqand qog‘ozi keyingi asrlarda keng rivoj topadi. Uning mustahkamligi, pishiqligi va sifat darajasi nihoyatda yuqori bo‘lgan. Zararga chidamliligi sababli ko‘plab qo‘lyozmalar asrlar davomida saqlanib qolgan. Ekspozitsiyada namoyish etilayotgan namunalar bugungi an’anaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga uni ushlab ko‘rish, varaqlash imkoniyati yaratilgan. Qog‘ozning yuqori sifati uni keng hududlarga eksport qilinishiga sabab bo‘lgan. U islom olami markazlari – Bag‘dod, Kufa, Andalusiya, hatto Yevropaning ayrim hududlarigacha yetib borgan.
Samarqand qog‘ozi — bu shunchaki yozuv vositasi emas. U — sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ko‘prik, ilm-fan taraqqiyotining ramzi va milliy hunarmandchilikning yorqin namunasidir. Ming yillik an’analar bugun ham yashab kelmoqda va dunyoni hayratga solishda davom etmoqda.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.