Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Turizm xaritasida yangi bosqich boshlanmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hali rasman ochilmagan bo‘lsa-da, u allaqachon turizm sohasi vakillari e’tiborini torta boshlagan. Turizm sohasi mutaxassislarining fikricha, bugungi sayyohni faqat tarixiy bino yoki qadimiy eksponat bilan hayratlantirib bo‘lmaydi. U hikoya izlaydi, u o‘z xalqi va mamlakati bilan tarixiy bog‘liqlikni ko‘rishni istaydi. Ana shunday talablar fonida O‘zbekiston turizmida yangi strategik manzil shakllanmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakat turizm xaritasida yangi “magnit nuqta” sifatida maydonga chiqmoqda.

Respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 130 nafarga yaqin tur operator O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida tur operatorlar Markaz ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirdi, interaktiv va innovatsion taqdimotlar hamda har bir bo‘lim mazmuni bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, Islomdan oldingi davr bo‘limidagi Farg‘onaning samoviy otlari, Birinchi Renessans bo‘limida namoyish etilgan Abu Rayhon Beruniy globusi, Ikkinchi Renessans bo‘limidagi Mirzo Ulug‘bek hayotiga bag‘ishlangan ekspozitsiya, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida milliy qadriyatlarga asoslangan qismlar bilan yaqindan tanishib, tarixiy meros va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unligi ularda alohida taassurot qoldirganini ta’kidlashdi.

Zulxumor Normatova, 25 yillik tajribaga ega turizm sohasi vakili, turistik korxona rahbari:

— Bu markazni ko‘rib ko‘zlarimiz quvondi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu maskanda tarix va innovatsiyaning uyg‘unlashganini ko‘rib g‘ururlandik. Tarixni kitobdan o‘qiymiz, gidlar hikoya qiladi, ammo bu yerda u zamonaviy sun’iy intellekt asosida taqdim etilgani yanada ta’sirli. Ko‘plab xorijiy muzeylarda bo‘lganmiz, biroq o‘zimizda ham shunday darajadagi markaz yaratilgani quvonarli. Eng muhimi, tarixiy jarayonlar bir makonda mujassam etilgan.

Rasya Jumanazarova, turizm sohasi vakili:

— Bu yerga kirganingizdan boshlab oxirigacha o‘tmishimiz va islom sivilizatsiyasining ildizlari aniq dalillar asosida ochib berilgan. Birinchi, Ikkinchi va Yangi Renessans g‘oyasi izchil va kompleks tarzda yoritilgan. Fransiyaning Luvr muzeyida ko‘rgan ayrim eksponatlarni esladim. Bu yerda ularning nusxalari ham mavjud. Miniatyuralar va ko‘p asrlik tarixni aks ettiruvchi dalillar meni chuqur ta’sirlantirdi. Bu joy O‘zbekistonning katta boyligidir.

Saodat Azizova, turistik kompaniya xodimi:

— Hayajonimni yashira olmadim. Ayrim ekspozitsiyalar oldidan o‘tayotganimda ko‘zimga yosh keldi. Temuriylar davri va malikalar obrazlarining gologramma hamda AI texnologiyalar asosida taqdim etilgani juda ta’sirli. Bu yondashuv meni hayratga soldi. Kelajakda tur marshrutlarimizga Islom sivilizatsiyasi markazini birinchilardan bo‘lib kiritishni maqsad qildim.

Ekspozitsiyalar bilan tanishuvdan so‘ng Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov tur operatorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida tur operatorlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi hamda Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Xususan, tur operatorlari tomonidan tashrif buyuruvchilar uchun chipta narxlarini belgilash tartiblari bo‘yicha takliflar berildi. Shuningdek, tur operatorlar uchun alohida chegirma tizimini joriy etish, yuqori darajadagi mehmon tashrifi sababli chiptalarni qaytarish yoki ko‘chirish tartibini belgilash, avtoturargoh hamda kirish-chiqish yo‘nalishlari bo‘yicha aniq ma’lumot berish, mehmonlar uchun bir joyda o‘tirib tomosha qilish imkonini yaratish hamda kechki tashriflar uchun chegirma mexanizmini ko‘rib chiqish masalalari ham ilgari surildi.

— Chet ellik mehmonlar uchun eng qiziq jihat — xalqlar o‘rtasidagi tarixiy bog‘liqlikdir. Shu bois Markazda Britaniya, Hindiston va boshqa mamlakatlardan keladigan sayyohlar uchun maxsus ekspozitsiyalar yaratilgan. Bu yerda 10 ta robot-gid faoliyat yuritadi, shuningdek, audio-gidlar va planshetlar orqali ma’lumot olish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Markaz soat 10:00 dan 22:00 gacha ishlaydi. Issiq mavsumda kechki tashriflar uchun qulay sharoit yaratiladi, yarmarkalar va mepping-shoular tashkil etiladi. Eng asosiy masala — yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish. Hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bu yerga kelgan chet ellik mehmon o‘zbek xalqiga ta’zim bilan chiqib ketishi kerak, – dedi Markaz direktori F.Abduxoliqov muloqot chog‘ida.

Muloqot yakunida qayd etilishicha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakat turizmi rivojida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3
carousel image 4
carousel image 5
carousel image 6
carousel image 7
carousel image 8
carousel image 9

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.