

Yangiliklar
3000 yillik bronza bug‘u xorvatiyalik mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro hamjamiyatning yuqori e’tiborini jalb etmoqda. Xususan, Xorvatiya parlamentining Konstitutsiya, reglament va siyosiy tizim qo‘mitasi raisi Ivan Malenitsa boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi buni yana bir bor tasdiqladi. Xorvatiya parlamentining O‘zbekiston bilan hamkorlik guruhi a’zosi Xrvoe Zekanovich Markazni "Hayotim davomida ko‘rgan eng yaxshi muzeylardan biri" deb e’tirof etdi.
Tashrif davomida Markazning to‘rtta asosiy ekspozitsiya zali bilan batafsil tanishgan delegatsiya a’zolarida, ayniqsa, muzeyning Islomdan avvalgi davr bo‘limida namoyish etilgan, taxminan 3000 yillik tarixga ega bronza bug‘u haykali katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, Dalvarzintepa hududidan topilgan II–III asrlarga oid shaxmat donalari va taxtasi mehmonlarni hayratga soldi. Ular mazkur topilmalar Hindistonda shaxmat paydo bo‘lgan davrdan ham avvalgi davrga oid ekani haqidagi ma’lumotni katta qiziqish bilan tinglab, ushbu o‘yin donalarining vazifasi va ramziy ma’nosiga ham qiziqdilar.
Delegatsiya Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan 3D xaritani alohida e’tirof etdi. Ularning ta’kidlashicha, tarixiy yo‘llar va savdo yo‘nalishlarini o‘sha davr ruhiga mos uslubda tasvirlash innovatsion yondashuv bo‘lib, oddiy elektron xaritalardan tubdan farq qiladi va tashrif buyuruvchini tarixiy muhitga olib kiradi.
Shuningdek, Renessans davrlariga bag‘ishlangan immersiv videoroliklar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ularning fikricha, ushbu audiovizual yechimlar tomoshabinni to‘liq ravishda o‘sha davr muhitiga olib kirib, tarixni his qilish imkonini beradi.
Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasida namoyish etilgan Temuriy malika Bibixonim (Saroymulkxonim) libosining nafis ishlanganini esa delegatsiya a’zolari yuqori baholab, uning tarixiy shaxs bilan bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratdilar.
Markazning Bolalar uchun ko‘rgazma maydonidagi interaktiv zal hamda davrlar kesimida me’moriy uslublarning o‘zgarishini aks ettiruvchi yechimlar yuksak baholandi. Ularning qayd etishicha, ayniqsa keyingi davrlarda me’moriy bezaklarning murakkablashuvi va nafisligi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori g‘oyasi asosida tashkil etilgan ekspozitsiyada O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot yo‘li va sanoat yutuqlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, mamlakatda yangi avtomobil sanoati loyihalarining yo‘lga qo‘yilgani, jumladan, BYD zavodining tashkil etilishi O‘zbekistonning sanoat rivojidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Delegatsiya bu kabi tashabbuslar kelajakda mamlakatda turli xalqaro avtomobil brendlarining paydo bo‘lishiga zamin yaratishini ta’kidladi.
Ularning fikricha, Markaz ekspozitsiyalarining mazmuni va innovatsion taqdimot uslublari uni ko‘plab Yevropa muzeylaridan ajratib turadi.
Xrvoe Zekanovich, Xorvatiya parlamentining O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhi a’zosi:
– Ushbu Markaz, ehtimol, hayotim davomida ko‘rgan eng yaxshi muzeylardan biridir. Bu nihoyatda noyob va betakror maskan. Siz bu yerda jamlangan boy meros bilan haqli ravishda faxrlanishingiz kerak.
Markazning har bir qismi o‘ziga xos va takrorlanmas. Har bir zalga kirganingizda yangi bir hayrat hissini boshdan kechirasiz. Bu shunday maskanki, O‘zbekistonning buyuk merosi, ulug‘ madaniyati va boy tarixini deyarli to‘liq anglash imkoniga ega bo‘lasiz.
Fikrimcha, O‘zbekistonga tashrif buyurgan har bir inson albatta bu muzeyni ko‘rishi kerak. Chunki bu mamlakatdagi eng yaxshi maskanlardan biridir.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.

