Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Temuriylar davrining besh asrlik nodir asari – Iskandar Sulton tole’nomasi e’tibor markazida!

Markaziy Osiyoda san’at va ilmni rivojlantirishda muhim o‘rin tutgan, Temuriylar davlatini tashkil etgan Sohibqiron Amir Temurning nabirasi Iskandar Sultonning shaxsiy tole’nomasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda.

Iskandar Sulton tole’nomasi nafaqat tarixiy hujjat, balki besh asrdan ortiq vaqtdan keyin ham olimlar, san’atshunoslar va tashrif buyuruvchilarning diqqatini tortayotgan nodir asar hisoblanadi. 

Tole’noma Iskandar Sulton 27 yoshga to‘lganda tuzilgan va tug‘ilgan sanasini aniqlash imkonini beradi. Tole’noma Ulug‘bek saroyida xizmat qilgan G‘iyosiddin Jamshid Koshiyning bobosi Maqsud ibn Hasan Koshiy tomonidan 1411-yilda tuzilgan. Tole’noma qo‘lyozmaning 18b-19a varaqlaridan joy olgan. Ushbu qo‘lyozma Eronning Sheroz rassomlik maktabi namunasi hisoblanadi. Ushbu Temuriylar davri kitobat san’atining durdonasi qo‘sh sahifadan iborat bo‘lib, unda temuriy shahzoda Iskandar Sulton ibn Umarshayx Mirzoning tavallud paytidagi osmondagi asosiy burj va sayyoralar holati tasvirlangan. Iskandar Sulton (1384–1415) uchun tayyorlangan bu nodir qo‘lyozma nafaqat shaxzodaning tug‘ilgan sanasini va shaxsiy tole’nomasini ko‘rsatadi, balki Temuriylar davri san’ati va saroy madaniyatiga oid ko‘plab ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi.

Iskandar madaniyatli inson, san’at va adabiyot homiysi edi. U kitoblar kuchirtirdi, kutubxonalarni rivojlantirdi va ilm-fanga ulkan e’tibor qaratdi. 1410 yilda u tug‘ilgan paytdagi yulduz va sayyoralar holatini aks ettiruvchi shaxsiy tole’noma tuzdirdi. Bu asar o‘sha davrning eng go‘zal namunasi bo‘lib, unda burjning o‘n ikki belgisi hayotiy va mukammal tarzda tasvirlangan edi.

Qo‘lyozma muallifi – G‘iyosiddin Jamshid Koshiyning bobosi Maqsud ibn Hasan Koshiy va u shohsaroyda xizmat qilgan astronom, musavvir, xattot va qog‘oz tayyorlovchi mutaxassislar bilan hamkorlikda tayyorlangan. Qo‘lyozmada Iskandarning tug‘ilgan paytida osmonda yulduzlar va sayyoralar qanday joylashgani tasvirlangan bo‘lib, shu bois bu qo‘lyozma Temuriylar saroy kitobxonasi namunalaridan biri sifatida ham qadrlanadi. 

Sahifaning ikki yonida shunday yozilgan: 

Ey Humoyun tole’atro Sa’di Akbar Mushtariy,

Sharti  anjum bo tu xidmat rasmi Gardun chokariy.

Ya’ni,

Ey baxtli, sening baxtingga mushtariy yulduzi xaridor
Yulduz sening davrangda, falak xizmatingda deya qayd etilgan. 

Iskandar Sulton tole’nomasi bezaklari bilan ajralib turadi. Lojuvard va oltin bilan qo‘lda bezatilgan sahifalar Temuriylar davridagi kitobat san’atining eng zo‘r namunasi hisoblanadi. Shahzoda Iskandarga berilgan Iskandar Zulqarnayn nomi va tole’nomadagi astronomik ma’lumotlar, bu qo‘lyozmaning nafaqat tarixiy, balki ilmiy ahamiyatga ham ega ekanligini ko‘rsatadi.

Astrologiya va astronomiyaning amaliy ahamiyati ham alohida e’tiborga sazovor.

Tole’noma hukmdorlar hayotida muhim rolь o‘ynab, janglar, nikohlar va qurilishlar uchun qulay sana va vaqtlarni belgilashda qo‘llangan. 

Iskandar Sultonning shaxsiy hayoti ham qo‘lyozmada aniq aks ettirilgan. U oilaviy va siyosiy munosabatlardagi voqealar, bobosi Amir Temur bilan bog‘liq tarixiy ma’lumotlar, madaniyat va san’atga homiyligi orqali tarixiy muhitni namoyon etadi. 1411 yilda Iskandar Yazd Isfahonni egallab, sulton sifatida o‘zini e’lon qildi va Isfahon poytaxt bo‘ldi. Ammo 1415 yilda uning porloq hayoti to‘xtagani, qo‘lyozmadagi bashoratlar bilan bog‘liq holatlar uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu tariqa, Iskandar Sulton tole’nomasi nafaqat Markaz muzeyida tashkil etilgan Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasining eng nodir va diqqatga sazovor eksponati, balki besh asrdan ortiq vaqtdan keyin ham zamonaviy olimlar va tashrif buyuruvchilarning qiziqish markazida bo‘lib qolmoqda. Ushbu qo‘lyozma orqali mehmonlar Temuriylar davrining san’at, ilm-fan va saroy madaniyati bilan yaqindan tanishib, tarixni vizual va interaktiv tarzda his qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.