Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Arxeologik dalillar isbotlagan haqiqatga ekspozitsiyada guvoh bo‘lish mumkin

19.02.2026, 12:491177

Arxeologik dalillar miloddan avvalgi IV asrda osmon sirlarini ilmiy o‘rgangan eng qadimiy noyob inshoot – Markaziy Osiyoda qadimgi Xorazm hududida joylashgan Qo‘yqirilganqal’a bo‘lganini tasdiqlaydi. Osmon sirlarini o‘rgangan qadimgi rasadxona maketi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda.

Rasadxona – osmon jismlari, jumladan, Quyosh, Oy, sayyoralar va yulduzlarning harakati, joylashuvi hamda ularning qonuniyatlarini kuzatish va ilmiy jihatdan o‘rganish uchun barpo etilgan maxsus ilmiy inshoot. Bunday inshootlar insoniyat taraqqiyoti tarixida muhim o‘rin tutib, vaqtni aniqlash, taqvim tuzish, tabiat hodisalarini bashorat qilish va ilmiy bilimlarni rivojlantirishda asosiy markaz vazifasini bajargan. Rasadxonalar nafaqat astronomiya, balki matematika, geometriya, trigonometriya, geodeziya va fizika kabi fundamental fanlarning taraqqiyotiga zamin yaratgan ilmiy maskanlar hisoblanadi. Shu ma’noda, qadimgi Xorazm hududida barpo etilgan Qo‘yqirilgan qal’a Markaziy Osiyodagi eng qadimiy rasadxonalardan biri sifatida alohida ahamiyatga ega.

Bugungi kunda ushbu noyob tarixiy yodgorlik maketi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalariga bag‘ishlangan ekspozitsiyasidan o‘rin olgan. Bu esa yurtimiz hududida islomdan avval ham yuksak ilm-fan, murakkab me’morchilik va rivojlangan sivilizatsiya mavjud bo‘lganini namoyon etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumani hududida joylashgan Qo‘yqirilgan qal’a Turon sahrosining qoq markazida qad ko‘targan noyob yodgorliklardan biri hisoblanadi. U mashhur “Qal’alar vodiysi” tarkibiga kirib, qadimgi Xorazm sivilizatsiyasining muhim siyosiy, diniy va ilmiy markazlaridan biri sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, mazkur yodgorlik miloddan avvalgi IV asrdan milodiy IV asrgacha bo‘lgan davrga mansub bo‘lib, ayrim ilmiy qarashlarga ko‘ra, uning ildizlari yanada qadimiy davrlarga borib taqaladi.

Qal’aning me’moriy tuzilishi uning oddiy mudofaa inshooti emas, balki ilmiy va diniy markaz bo‘lganini ko‘rsatadi. U doira shaklida qurilgan bo‘lib, markaziy qismida diametri qariyb 44,4 metr bo‘lgan ikki qavatli ibodatxona va qasr joylashgan. Qal’a qalin paxsa va xom g‘isht devorlar bilan o‘ralgan, tashqi qismi burjlar va mudofaa devorlari bilan mustahkamlangan. Bunday murakkab va aniq hisob-kitob asosida qurilgan inshoot qadimgi me’morlar va olimlarning yuqori darajadagi bilim va tajribaga ega bo‘lganini yaqqol namoyon etadi.
Qo‘yqirilgan qal’aning aylanma shakli uning rasadxona vazifasini bajarganini ko‘rsatuvchi muhim dalillardan biridir. Olimlar fikriga ko‘ra, bunday shakl osmon jismlarining harakatini aniq kuzatish, quyosh chiqishi va botishi, yil fasllarining almashinuvini belgilash hamda taqvim tizimini shakllantirish imkonini bergan. Bu yerda faoliyat yuritgan munajjimlar va olimlar samoviy jismlarni kuzatish orqali vaqtni hisoblash, tabiat qonuniyatlarini o‘rganish va ilmiy xulosalar chiqarish bilan shug‘ullangan.

Qazish ishlari natijasida qal’a hududidan ko‘plab arxeologik topilmalar, jumladan, kulolchilik buyumlari, tangalar, haykalchalar, devoriy tasvirlar, muqaddas ramzlar va yozuv namunalari topilgan. Bu topilmalar mazkur hududda rivojlangan madaniyat, davlatchilik an’analari va mukammal e’tiqod tizimi mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. Ayniqsa, qadimgi Xorazm yozuvining ilk namunalarining aynan shu hududdan topilgani bu yer nafaqat rasadxona, balki ilmiy-ma’rifiy markaz ham bo‘lganini tasdiqlaydi.

Qo‘yqirilgan qal’a 1938–1939 yillarda mashhur arxeolog S.P. Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tomonidan ilmiy jihatdan o‘rganilgan. Ekspeditsiya natijalari mazkur yodgorlik Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va mukammal arxitektura yodgorliklaridan biri ekanini tasdiqladi. 
Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan ushbu qadimiy inshoot maketi orqali tashrif buyuruvchilar qadimgi ajdodlarimizning astronomiya, matematika, geometriya va me’morchilik sohalarida erishgan yutuqlari, ularning intellektual salohiyati va ilmiy merosi haqida keng tasavvurga ega bo‘ladi.
Shuningdek, bu tarixiy me’moriy yodgorlik O‘zbekiston zamini insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ilmiy markazlardan biri bo‘lganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14829
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12223
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9951
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7980
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar