Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans g‘oyasi ortidagi sirlar bilan tanishtiramiz
Bugun O‘zbekiston yangi "Uchinchi Renessans" g‘oyasi asosida, davlat va jamiyat rivojiga qaratilgan aniq islohotlar orqali o‘zining yangi tarixi, taraqqiyoti va xalqqa xizmat qiladigan davlatni barpo etish yo‘lida yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Buning ortida qanday sirlar bor? Tahlillar nimani ko‘rsatmoqda? Qanday erishilmoqda?
Markaziy Osiyoning ilmiy va madaniy merosi, islomdan avvalgi sivilizatsiyalar va ularning ilm-fan, bunyodkorlik, insonparvarlik va bag‘rikenglikka qaratilgan g‘oyalari ko‘p asrlar davomida bu zaminda yashagan xalqlarning ilmiy salohiyati va mehnatsevarligi bilan hamohang bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida, Birinchi va Ikkinchi Renessanslar uchun mustahkam ma’naviy poydevor yaratdi. Uzoq tarixiy sinovlardan so‘ng, mustabid tuzumdan ozod bo‘lgan Markaziy Osiyo xalqlari yana bir bor yangi rivojlanish, taraqqiyot va milliy tiklanish bosqichiga qadam qo‘ydi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda, prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan, Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi asosida Yangi Uchinchi Renessans g‘oyasi ilgari surilmoqda. “Hamma narsa inson uchun, uning sha’ni va manfaatlari uchun” shiori mamlakat taraqqiyotining markaziy yo‘nalishini, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni belgilaydi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidagi "Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori" ekspozitsiyasi bu tarixiy jarayonlarning amaliy natijalarini chuqur tahlil qiladi. Ekspozitsiya mamlakat mustaqilligi va rivojlanishidagi asosiy yutuqlarni keng qamrovda yoritib, davlat va jamiyat qurilishi, boshqaruv tizimi, iqtisodiy modernizatsiya, madaniyat va ma’rifat rivoji, diniy bag‘rikenglik kabi sohalardagi ilmiy va vizual jarayonlarning natijalarini ko‘rsatadi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot modelining asosiy g‘oyasi — "Doimo xalq bilan" tamoyilidir. Bu tamoyil davlat boshqaruvida fuqarolar bilan ochiq muloqot va doimiy aloqaning ustuvorligini belgilaydi. Yangi islohotlarning aniq natijasi sifatida 2017-yilda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilinishi davlat siyosatidagi muhim bosqichni boshlab berdi.
Mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan Xalq qabulxonalari, raqamli boshqaruv tizimlari va innovatsion axborot platformalari fuqarolarning muammolarini tezkor va samarali hal qilishga imkon yaratib, mamlakatdagi ochiqlik va shaffoflikni mustahkamladi.
Raqamli davlat xizmatlari tizimi yangilanib, O‘zbekistonda millionlab murojaatlar qabul qilindi va ularning asosiy qismi ijobiy hal etildi. 2025-yilga kelib, portaldagi foydalanuvchilarning qoniqish darajasi 81,3 foizni tashkil etdi. Shuningdek, xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning ochiqlik va raqamli boshqaruv borasidagi yutuqlari e’tirof etildi, mamlakat BMTning elektron hukumat indeksida 63-o‘rinni egalladi.
Ekspozitsiyadagi zamonaviy innovatsion platforma va interaktiv gologrammalar fuqarolarga huquqiy maslahatlar berish, davlat xizmatlaridan foydalanish va ovozli yordamchi orqali savollarga javob olish imkonini yaratadi.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi xalqqa xizmat qiluvchi davlatni barpo etishga qaratilgan bo‘lib, bu jarayonda islohotlar va innovatsiyalar fuqarolik ishtiroki, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ekspozitsiyalar va interaktiv texnologiyalar ushbu siyosatning amaliy natijalarini namoyish etadi va Yangi Renessans poydevori barpo etilayotganidan dalolat.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


