“Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da XIX asr Turkiston madaniy haqiqati bilan yuzlashasiz
XIX–XX asrlar Turkiston hududida amaliy san’at va hunarmandchilikning yuksalish davri bo‘ldi. Ipak adras matolari, nafis kumush taqinchoqlar, marosimiy bezaklar — bular shunchaki buyum emas, balki o‘sha davr jamiyatining estetik didi, ijtimoiy munosabatlari va madaniy o‘zligini ifoda etgan badiiy merosdir. Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidagi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da namoyish etilayotgan ana shu noyob namunalar Ikkinchi Renessans davri madaniy muhitini yorqin tasvirlab, tashrif buyuruvchilarni o‘tmish san’ati olamiga chorlaydi.
XIX asrning ikkinchi yarmi — XX asr boshlarida Turkiston hududida to‘qimachilik va zargarlik san’ati alohida taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Bu davrda mahalliy hunarmandlar an’anaviy uslublarni saqlagan holda, yangi badiiy yechimlar va kompozitsion shakllar yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Ekspozitsiyada namoyish etilayotgan adras parda va zargarlik buyumlari ana shu jarayonning yorqin dalilidir.
Adras — ipak ikkat an’anasining badiiy namunasi
Taxminan 1880 yillarda O‘zbekiston hududida yaratilgan ipak adras parda XIX asr oxiri to‘qimachilik maktabining yuksak namunasi hisoblanadi. Ikkat texnikasida tayyorlangan bu matoda ranglar iplarni oldindan maxsus usulda bog‘lab, so‘ngra bo‘yash orqali hosil qilingan. Natijada naqshlar yumshoq o‘tishlar va o‘ziga xos “titroq” chiziqlar bilan namoyon bo‘ladi.
Bunday pardalar XIX asr oxirida xonadon interьerida nafis bezak sifatida qo‘llanilgan, shu bilan birga, oilaning ijtimoiy mavqei va farovonligini ifoda etuvchi muhim unsur bo‘lgan. Marosimlarda, ayniqsa to‘y va qabul marosimlarida, adras matolar keng qo‘llanilgani ma’lum.
Xiva zargarlik maktabi: nafislik va mahorat timsoli
Ekspozitsiyada XIX asr oxirida Xiva xonligi hududida yaratilgan kumush uzuk alohida o‘rin tutadi. Mazkur uzuk shakli va bezak uslubi bilan o‘sha davr zargarlik an’analarini yorqin namoyon etadi. Xiva zargarlari metallga ishlov berish, o‘yma naqsh solish va bezak elementlarini uyg‘unlashtirishda yuqori mahoratga ega bo‘lgan. Uzuk nafaqat bezak buyumi, balki shaxsning ijtimoiy maqomi, didi va ayrim hollarda marosimiy maqsadlarni ham ifoda etgan.
Shu hududda yaratilgan o‘ngirjiyak — ko‘krak bezagi ham XIX asr oxiri zargarlik san’atining yuksak namunasidir. Ushbu bezak kumush va tabiiy matodan ishlangan bo‘lib, ayollar marosimiy libosining muhim qismi sanalgan. Undagi o‘yma naqshlar, ilovalar va metall kompozitsiyasi badiiy mukammallik va nozik didni aks ettiradi. Bunday yirik ko‘krak bezaklari to‘ylar, bayramlar va diniy marosimlarda taqilib, ayolning ijtimoiy mavqei va madaniy mansubligini namoyon etgan.
Buxoro zargarlik an’analari
XIX asr oxirida Buxoro amirligi hududida yaratilgan kumush sirg‘alar ham ekspozitsiyaning qimmatli qismi. Bu sirg‘alar shakli va bezak uslubi bilan o‘sha davr zargarlik maktabining nozik didi va mukammal ishlovini ko‘rsatadi. Sirg‘alar ayollar libosining ajralmas qismi bo‘lib, ular orqali nafaqat go‘zallik mezonlari, balki ijtimoiy va madaniy qarashlar ham ifoda etilgan.
“Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da namoyish etilayotgan mazkur adras parda va zargarlik buyumlari Ikkinchi Renessans davri madaniy muhitini anglashda muhim manba hisoblanadi. Ular orqali XIX–XX asrlarda Turkistonda amaliy san’at va hunarmandchilik qay darajada taraqqiy etgani, xalqning estetik didi va madaniy merosi qanchalik boy bo‘lgani yaqqol ko‘rinadi.
Ushbu eksponatlar nafaqat san’at asari, balki millat tarixi, madaniy xotira va an’analarning moddiy ifodasi sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


