Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Berlinda “Asrlarni bog‘lagan meros: o‘zbek miniatyura san’ati” ko‘rgazmasi tashkil etildi

 

Germaniya poytaxtida mamlakatimiz elchixonasi va “San’at – Forum” (San’at – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V.) madaniy jamiyati bilan hamkorlikdaAsrlarni bog‘lagan meros: o‘zbek miniatyura san’atinomli ko‘rgazma tashkil etildi, deb xabar bermoqdaDunyoAA

Tadbir buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan Temuriylar davri an’analari va nozik ijro texnikasini saqlab qolgan holda yaratilgan zamonaviy o‘zbek miniatyurasi namunalari o‘rin olgan. Bu asarlar mumtoz merosning bugungi kundagi izchil davomiyligini va badiiy tafakkurning yangi qirralarini aks ettiradi.

Uning konseptual asosini Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning boy adabiy merosi tashkil etadi. Ularning XV asrdan buyon Markaziy Osiyo miniatyura maktabi uchun asosiy ilhom manbai bo‘lib kelayotgan barhayot asarlari nafaqat mintaqa adabiyotini shakllantirgan, balki axloqiy g‘oyalar, ruhiyat va tabiat uyg‘unlashgan o‘ziga xos vizual obrazlar tizimiga zamin yaratgan.

Ushbu ko‘rgazmaning markaziy qismi Navoiy ijodining cho‘qqisi bo‘lmish “Xamsa” dostonlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda musavvirlar tarixiy hattotlik va kitob bezak san’ati an’analariga tayangan holda, asarning falsafiy mohiyatini zamonaviy tasviriy til orqali qayta talqin qilmoqda. Shuningdek, ko‘rgazmada xalqimizning milliy madaniylikni ifodalovchi an’anaviy choyxonalar, bozorlar va uloq o‘yinlari aks etgan maishiy janrdagi asarlar ham namoyish etilmoqda.

Tadbir doirasida “San’at – Forum” madaniy jamiyat rahbari Zuhra Rahmatova tomonidan mehmonlarga miniatyura texnikasi, syujet manbalari va uning bugungi kunda davomiyligi haqida ma’lumot berildi. Ko‘rgazma yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otib, namoyish etilgan asarlar mamlakatimiz o‘rta asrlar davri ma’naviy muhiti, saroy madaniyati hamda kitobxonlik an’analarini yorqin aks ettirgani bilan ishtirokchilarda tarixiy meros va klassik san’atga qiziqishni oshirdi.

Ishtirokchilar ta’kidlaganidek, o‘zbek miniatyurasi XIV–XVI asrlarda, xususan, Temuriylar Renessansi davrida yuksaklikka ko‘tarilgan. U G‘arb tasviriy san’atiga xos istiqbol (perspektiva) va hajmdorlik (soya-yorug‘) tamoyillaridan farq qilib, ramziy makon va shartli vaqt tushunchalariga asoslanadi.

Rang va naqshlar shunchaki dekorativ element emas, balki ichki ma’naviy mazmun va estetik tartibni ifodalovchi vositalardir.

Mazkur ko‘rgazmada Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Pavel Benьkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi ustozlari -Avazbek Qodirov, Zilola Sulaymonova, Shohrux Butayev, Sabrina Jonibekova va iste’dodli shogirdlar Olim Omonov va Ibrat Fayzullayev kabi iste’dodli musavvirlarning ijod namunalari taqdim etilgan. Ushbu asarlarda “ustoz-shogird” an’analarining barhayotligi va har bir ijodkorning individual uslubi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tashkilotchi Zuhra Rahmatovaning so‘zlariga ko‘ra, u ushbu ko‘rgazmada miniatyura san’atini adabiyot, tarix, o‘tmish falsafasi va bugungi kunni birlashtiruvchi jonli badiiy jarayon sifatida dunyoga taqdim etishni maqsad qilgan.

Berlinda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazma O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib etishda katta ahamiyat kasb etadi. Tadbir nafaqat Temuriylar davri miniatyura maktabining noyob an’analarini xorijlik tomoshabinlarga tanishtiradi, balki "ustoz-shogird" maktabi asosida shakllangan zamonaviy o‘zbek musavvirlarining yuksak mahoratini ham namoyish etadi.

 

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.