Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Yevropa 600 yil davomida qaysi o‘zbek allomasidan dars olganini bilasizmi?

24.02.2026, 12:311130

Yevropa universitetlarida 600 yil davomida asosiy darslik bo‘lgan kitob Parij yoki Rimda emas, balki Movarounnahr zaminida yaratilgan edi. Butun dunyo tibbiyoti taraqqiyotiga asos bo‘lgan noyob qo‘lyozmaning faksimile nusxasi bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining Birinchi Renessans bo‘limida namoyish etilmoqda.

XI asrda Movarounnahr zaminida tug‘ilgan bir asar asrlar davomida Yevropa universitetlarida asosiy darslik bo‘lib xizmat qilganini tasavvur qilish qiyin. Ammo bu tarixiy haqiqat. Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sino yaratgan “Tib qonunlari” (“Al-Qonun fi-t-tibb”) asari nafaqat Sharq, balki butun jahon tibbiyoti taraqqiyotiga beqiyos ta’sir ko‘rsatgan.
Bu kitob shunchaki tabobat qo‘llanmasi emas edi. U inson organizmi, kasalliklarning sabablari, tashxis va davolash usullarini ilmiy-mantiqiy tizimga solgan ulkan ensiklopediya bo‘lgan. Ibn Sino tibbiyotni nazariya va tajribani uyg‘unlashtirgan mustaqil fan darajasiga ko‘tardi.

Ilmni tizimlashtirgan daho
“Tib qonunlari” besh kitobdan iborat bo‘lib, unda tibbiyot nazariyasi, anatomiya va fiziologiya asoslari, umumiy kasalliklar, a’zolar xastaliklari, yuqumli kasalliklar, toksikologiya hamda murakkab dorivor vositalarni tayyorlash qoidalari batafsil yoritilgan.
Asarda 800 dan ortiq dorivor modda tavsiflangan, 760 dan ziyod dori vositalari tasniflangan. Eng muhimi, Ibn Sino tashxis qo‘yishning aniq tamoyillarini ishlab chiqqan. U kasallikni alomatlar yig‘indisi orqali tahlil qilish, bemor organizmiga yaxlit yondashuv asosida munosabat bildirish zarurligini ta’kidlagan.
Bugun zamonaviy tibbiyotda qo‘llanilayotgan ko‘plab g‘oyalar — profilaktika, klinik kuzatuv, tibbiy etika, dorilarni sinovdan o‘tkazish tamoyillari — Ibn Sino asarida o‘z ifodasini topganini ko‘rish mumkin.

1279 yil: asarning Yevropaga yo‘li ochiladi
Ilm-fan taraqqiyotida tarjima maktablarining o‘rni beqiyos. 1279-yilda yahudiy olimi Natan ha-Meati “Tib qonunlari”ni ivrit tiliga to‘liq tarjima qildi. Aynan shu tarjima asarning Yevropa intellektual muhitiga kirib borishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Ivritcha matn keyinchalik lotin tiliga o‘girildi. Natijada “Tib qonunlari” XII–XVII asrlar davomida Yevropaning nufuzli universitetlarida asosiy darslik sifatida o‘qitildi. Tibbiyot fakultetlarida talabalar avvalo Ibn Sino qomusini o‘zlashtirishi shart edi.
Bu holat Sharq ilmiy merosining G‘arb sivilizatsiyasi taraqqiyotiga nechog‘lik kuchli ta’sir ko‘rsatganini yaqqol namoyon etadi.

Boloniyada saqlanayotgan noyob meros
XV asrning birinchi yarmida Shimoliy Italiyada yaratilgan 532 varaqlik bezakli qo‘lyozma “Tib qonunlari”ning eng mashhur nusxalaridan biri hisoblanadi. U bugun Boloniya universiteti kutubxonasi fondida saqlanmoqda.
Besh jilddan iborat ushbu majmua nafaqat tibbiy, balki badiiy jihatdan ham noyob asardir. Qo‘lyozma nafis miniatyuralar, tilla suvi bilan ishlangan hoshiyalar, gulli bezaklar bilan jihozlangan. Unda tabibning bemor pulьsini tekshirishi, peshob tahlili, dorixonadagi faoliyati kabi sahnalar tasvirlangan.
Fransuz poleografi Bernar de Monfokon ushbu jildni “Liber Avicennae elegantissimus” — “Ibn Sinoning eng nafis kitobi” deb ta’riflagani bejiz emas.
1491 yilda Neapolda ivrit tilida bosilgan nashr esa eng qadimgi bosma tarjimalardan biri sifatida tarixga kirgan. Bu holat asarning faqat qo‘lyozma shaklidagina emas, balki bosma madaniyatda ham keng tarqalganini ko‘rsatadi.

Qo‘lyozmaning sarguzashti: qaytish
XVIII asr oxirigacha mazkur qo‘lyozma Boloniyadagi Avliyo Dominik monastiri kutubxonasida saqlangan. 1796-yilda fransuz qo‘shinlari tomonidan yuzlab noyob asarlar qatorida Parijga olib ketilgan. Keyinchalik u Italiyaga qaytarilib, yana Boloniya universiteti fondiga topshirilgan.
Bu tarixiy sayohatning o‘ziyoq ilm-fan merosi milliy chegaralardan ancha yuqori turishini, u umuminsoniy qadriyat ekanini anglatadi.
Ayni paytda ushbu noyob qo‘lyozmaning faksimile nusxasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining Birinchi Renessans bo‘limida namoyish etilmoqda.
Bu — ramziy voqea. Chunki Ibn Sino merosi aynan Markaziy Osiyo ilmiy muhitida shakllangan. Birinchi Renessans deb ataluvchi davrda Movarounnahr allomalari ilm-fan, tibbiyot, falsafa va madaniyat sohalarida global uyg‘onish jarayonlariga zamin yaratgan.
“Tib qonunlari” va uning ivritcha tarjimasi esa sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ilmiy muloqot, bilimlar almashinuvi va madaniy hamkorlikning yorqin timsoli bo‘lib qolmoqda.

Nega bugun ham dolzarb?
Ibn Sino asarining qadri faqat tarixiy ahamiyati bilan cheklanmaydi. U inson salomatligiga kompleks yondashuv, ilm va amaliyot uyg‘unligi, axloqiy mas’uliyat kabi tamoyillarni ilgari surgan. Bu g‘oyalar bugungi global tibbiyot tizimi uchun ham muhimdir.
Shu ma’noda, “Tib qonunlari” — bu o‘tmish yodgorligi emas, balki hozirgi va kelajak avlodlar uchun ilhom manbai. Movarounnahr zaminida tug‘ilgan ushbu ilmiy meros asrlar osha insoniyat salomatligiga xizmat qilishda davom etmoqda.

Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14829
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12224
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9951
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7981
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar