Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Imperatorlar orzusi bo‘lgan samoviy otlar: afsona ortidagi chinakam qudrat tarixi namoyish etilmoqda

Imperatorlar orzusiga aylangan, “samoviy” deb ulug‘langan otlar haqida eshitganmisiz? Va hatto ularni qo‘lga kiritish uchun Xitoy imperatorlari qo‘shin tortgan. Manbalarda “qon bilan terlaydigan otlar” sifatida ta’riflangan bu afsonaviy tulporlar bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi orqali yana bir bor tarix sahnasiga qaytdi.

Manbalarga ko‘ra, eng mashhur chopqir tulporlar Farg‘ona vodiysida, shuningdek, Tojikistonning sharqiy hududlari hamda Afg‘oniston shimoli-sharqiga tutash go‘zal Pomirning shimoliy etaklarida yetishtirilgan. Ular kuchi, bardoshi va uzoq masofalarni bosib o‘tish qobiliyati bilan ajralib turgan. Ayrim Farg‘ona tulporlari o‘z davrining haqiqiy “yulduzlari”ga aylangan — ular she’rlarda kuylangan, haykaltaroshlik va tasviriy san’at asarlarida aks ettirilgan.

Bugun ana shu tarix sahifalari yana bir bor jonlandi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Islomdan oldingi davr bo‘limida — Qadimgi Farg‘ona ekspozitsiyasida ushbu noyob tulporlar tarixiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma shakllantirilgan.

Qadimgi Xitoy manbalarida Farg‘ona vodiysi “Dayuan” nomi bilan tilga olinadi. Bu yerda yetishtirilgan otlar “Tianma” — ya’ni samoviy, ilohiy otlar deb atalgan. Xitoy mualliflari ularni hatto afsonaviy ajdarlar avlodlari sifatida tasvirlashgan. Shuningdek, manbalarda “hansyu ma” — ya’ni “qon bilan terlaydigan otlar” iborasi ham uchraydi. Bu tavsiflar asosan hayrat va e’tirof ifodasi sifatida ishlatilgan. Tadqiqotchilar otlarning qizg‘ish ter ajralishini g‘ayrioddiy yupqa teri yoki kuchli jismoniy zo‘riqish natijasida mayda tomirlarning yorilishi bilan izohlashadi. Shu xususiyat esa ularning shon-shuhratini yanada oshirgan.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Xitoyning Xan sulolasi imperatori Xan Vudi Farg‘ona tulporlarini qo‘lga kiritish maqsadida maxsus yurish uyushtirgan. Bu voqealar miloddan avvalgi 104–102 yillarda bo‘lib o‘tgan va tarixda Han–Dayuan urushi nomi bilan ma’lum. Shu tariqa, bu otlar shunchaki afsona emas, balki o‘z davrining strategik jihatdan muhim boyligi bo‘lgan.

Ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, hukmdorlar sevimli tulporlari bilan birga dafn etilgan. Sevimli tulporlarning dafn joylari va ularni tasvirlovchi terrakota haykallari (loydan yasalgan ramziy haykallar) otlarning qadimgi jamiyatda yuqori maqomga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Anvar Matniyazov, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori:

— Samoviy otlar haqidagi ma’lumotlar nafaqat afsonalarda, balki aniq tarixiy yozma manbalarda ham uchraydi. Bu tulporlar qadimgi Farg‘onaning dunyo bilan aloqalarida muhim o‘rin tutgan. Ekspozitsiyada aynan mana shu tarixiy haqiqat ochib beriladi. “Qon bilan terlash” tasviri esa ko‘proq mifologik ifoda. Ammo bu tasvirning o‘ziyoq Farg‘ona otlarining qanchalik hayrat uyg‘otganini ko‘rsatadi.

Ko‘rgazmada qadimgi Farg‘onaga oid arxeologik topilmalar, ot anjomlari, yozma manbalarga tayangan tasvirlar va tarixiy izohlar o‘rin olgan. Tashrif buyuruvchilar bu yerda Farg‘ona vodiysining qadimda mashhur otchilik markaziga aylanganini, uning xalqaro savdo va diplomatik aloqalardagi o‘rnini bilib olishlari mumkin.

Samoviy otlar — bu shunchaki chiroyli rivoyat emas. Ular Farg‘onaning shonli o‘tmishi, jasorat va qudrat ramzi. Endi esa bu tarixni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozitsiyada o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin.

Go‘zal Beknazarova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.