

Yangiliklar
Xorijliklar e’tirof etayotgan ulkan loyihadan Belarus delegatsiyasi ham hayratda qoldi
“Tasavvur qilib bo‘lmas darajadagi fundamental inshoot”. Belarus delegatsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishgach, ilk taassurotini aynan shunday ifoda etdi. Ularning ta’kidlashicha, xalqning o‘z tarixiga bo‘lgan hurmati uning kelajagini belgilaydi — va buni Toshkentda yaqqol his qilish mumkin.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazda mehmonlar qadimgi sivilizatsiyalardan tortib Temuriylar me’moriy mo‘’jizalari, jonli portretlar va immersiv shoular orqali namoyon etilgan Renessans bosqichlarigacha bo‘lgan ulkan tarixiy sayohatni boshdan kechirdi.
Delegatsiya a’zolari muzeyning islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limidagi noyob eksponatlar bilan tanishar ekan, Surxondaryoning Xolchayon hududidan topilgan, miloddan avvalgi I asr — milodiy I asrlarga oid chavandoz haykali alohida qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, mehmonlar e’tiborini Xorazm sivilizatsiyasiga oid chig‘ir (suv chiqarish moslamasi) maketi tortdi. Ushbu inshoot qadimiy sug‘orish texnologiyalarining mukammalligini ko‘rsatib, mintaqada dehqonchilik va suv boshqaruvi tizimi yuqori darajada rivojlanganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, har bir bo‘limdan o‘rin olgan immersiv shoular orqali har bir Renessans jarayonining yaxlit va ta’sirchan tasvirlanishi delegatsiya a’zolari tomonidan yuqori baholandi. Ularning ta’kidlashicha, bunday format tarixiy davrni bir qarashda anglash va his etish imkonini beradi.
Ikkinchi Renessans davrida esa Amir Temur bunyod ettirgan ulkan me’moriy obidalar mehmonlarni hayratda qoldirdi. Jumladan, Oqsaroy, Dorus Saodat majmuasi hamda Ahmad Yassaviy maqbarasi kabi inshootlar Sohibqiron davridagi bunyodkorlik salohiyati va me’moriy tafakkurning yuksak namunasi sifatida e’tirof etildi.
Delegatsiya a’zolarini hayratga solgan yana bir jihat maxsus ekranlar orqali tarixiy shaxslar bilan “muloqot qilish” imkonini beruvchi jonli portretlar bo‘ldi. Ushbu innovatsion yechim tashrif buyuruvchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish va tarixiy siymolardan javob olish imkonini yaratadi.
Delegatsiya tashrifi Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori bo‘limida davom etdi. Bu yerda mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti, yoshlar siyosati va sport sohasidagi yutuqlarni aks ettiruvchi ekspozitsiyalar mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Sportchilar qo‘lga kiritgan medallar, yoshlar salohiyatini namoyon etuvchi taqdimotlar delegatsiya a’zolari tomonidan yuksak baholandi.
Sergey Xmelkov, Yevropa kikboksing federatsiyasi prezidenti va Belarus Respublikasi kikboksing federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari:
– Aytishim kerakki, bu tasavvur qilib bo‘lmas darajadagi fundamental inshoot ekan. Bu yerga tashrif buyurib, Markazni ko‘rganimizda his qilgan tuyg‘ularimizni, ehtimol, so‘z bilan to‘liq ifodalab bo‘lmas, biroq baribir harakat qilib ko‘raman.
Xalqning o‘z tarixiga munosabati uning kelajagini belgilaydi. Bugun O‘zbekiston tarixi bosqichlari bo‘ylab sayohat qilib, shunga amin bo‘ldikki, sizlarning xalqingiz yaqin kelajakda barcha yo‘nalishlarda o‘zini namoyon etadi, o‘z so‘zini aytadi va yurtingizni sharaflaydi. Mening fikrimcha, mamlakatingiz to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda. Sizlar va davlat rahbaringiz Prezident Shavkat Mirziyoev tanlagan taraqqiyot yo‘li haqiqatan ham to‘g‘ri yo‘l. Sizlarga ushbu yo‘ldan hech qachon og‘ishmaslikni va doimo olg‘a intilishni samimiy tilayman.
Mening asosiy yo‘nalishim — sport. Shu bilan birga, mamlakatimizda yetakchi tibbiyot markazlaridan biri bilan hamkorlik qilaman. Aytishim mumkinki, bu yerda har ikki yo‘nalish bo‘yicha ham o‘rnak olish mumkin bo‘lgan jihatlar bor. Chunki har qanday tarix nafaqat mamlakat o‘tmishi bilan tanishtiradi, balki bizga saboq ham beradi.
Bugun bu yerda ko‘rganlarimizning keng ko‘lam va zamonaviy formatda taqdim etilgani menda katta taassurot qoldirdi. Bu tajribani yosh avlodga, shuningdek, vatanimga qaytgach, hamkasblarimga ham yetkazish mumkin.
Sizlar o‘z mehnatingiz bilan tarixingizni yaratib, uni butun dunyoga tanitish imkonini bergansiz. Bugungi kunda eng muhim jihat ham aynan shudir, deb hisoblayman.
Delegatsiya vakillari O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tarixiy va insoniy qadriyatlar asosida mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Ularning fikricha, bu hamkorlik nafaqat rasmiy aloqalar, balki insoniy yaqinlik va o‘zaro hurmatga tayanadi.
Sergey Xmelkov, shuningdek, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan shakllangan samimiy munosabatlarni alohida e’tirof etib, shunday dedi:
“Bizni o‘zaro do‘stlik birlashtiradi. Yillar davomida o‘zbekistonlik hamkorlarimiz biz uchun aka-ukadek bo‘lib qoldi, sport sohasida ko‘plab yo‘llarni birga bosib o‘tdik.
Bizning hududda o‘zbek farzandi Mamadali Topvoldiyev jang qilgan. Uning laqabi Kazbek bo‘lgan. Shahrimizda uning nomi bilan atalgan ko‘cha bor.
U haqiqiy qahramon bo‘lgan. U partizanlar otryadida razvedka bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilib, hududimizni ozod etishda mislsiz jasorat ko‘rsatgan.
O‘sha paytlarda bunday tarixiy bog‘liqliklar hayotimda qachondir O‘zbekiston bilan taqdirimni bog‘lab qo‘yadi, deb o‘ylamagan edim. Ammo keyinchalik do‘stlarimiz paydo bo‘ldi, umumiy jihatlar topildi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.