Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida navbatdagi Kengaytirilgan Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishida Markaz  faoliyatini va muzey ekspozitsiyasini ilmiy, mazmunan va tashkiliy jihatdan yanada takomillashtirishga qaratilgan eng muhim 8 ta ustuvor masala atroflicha muhokama qilindi. Ilmiy kengash raisi, Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov raisligida o‘tgan yig‘ilishda ilmiy kengash a’zolari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi  prezidenti Shavkat Ayupov, Fanlar akademiyasi akademigi Akbar Hakimov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi  vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, ekspozitsiyani tashkil etgan loyihalarda faoliyat olib borgan olimlar, shuningdek, Markaz xodimlari ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar taqdim etildi. Xususan, Birinchi Renessans bo‘limida jami 60 ta ilmiy va ekspozitsion loyiha amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, loyihalar ijrosini ta’minlash uchun 118 nafar olim va mutaxassis jalb etilgan bo‘lib, ular 15 ta ishchi guruhga bo‘lingan holda faoliyat yuritgan. Yig‘ilishda ekspozitsiyani takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion loyihalar doirasida 37 ta videorolik yaratilgani ham qayd etildi. Bu esa Markazda ilmiy ishlar tizimli, jamoaviy va aniq reja asosida tashkil etilganini ko‘rsatadi.

Ish jarayonida nodir ilmiy manbalar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Ustrushoniyning “Bola huquqlari” asarining faksimile nusxasi tayyorlangan, shuningdek, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” hamda Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarlari elektron faksimile shaklida yaratilgan. Shu bilan birga, Abu Rayhon Beruniy merosiga bag‘ishlangan Beruniy globusi tayyorlangani ilmiy-innovatsion yondashuvning amaliy natijasi sifatida qayd etildi. 

Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi  vitse-prezidenti: 

–Bu kabi ilmiy yangiliklar har bir bo‘limda bo‘lishi kerak. Ana shunda Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy darajasi yanada yuksaladi. 

Shuningdek, yig‘ilishda Markaz ekspozitsiyasini mazmunan boyitishga qaratilgan ishlar doirasida “O‘zbekiston XX asrda” bo‘limini tashkil etish jarayonlari ham muhokama qilindi. Tarix fanlari doktori, professor, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov ushbu bo‘lim bo‘yicha 57 ta loyihadan 37 tasi ma’qullangani haqida axborot berdi.


–Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Markaz ekspozitsiyalarini shakllantirish, kengaytirish, zamon talablariga mos holda mazmunan boyitish haqida bildirilgan taklifni biz — olimlar va markaz xodimlari chuqur mas’uliyat va yuksak iftixor bilan qabul qildik. Bu tashabbusga bir ovozdan "labbay" deb javob berdik va uni amalga oshirish yo‘lida bor bilim, tajriba hamda salohiyatimizni safarbar etishga kirishdik. Ayniqsa, “O‘zbekiston XX asrda” deb nomlangan bo‘limni tashkil etish g‘oyasi mamlakatimizning murakkab, shu bilan birga o‘ta muhim tarixiy bosqichini ilmiy, xolis va zamonaviy yondashuvlar asosida yoritish imkonini beradi. Biz ushbu loyihani yuksak saviyada amalga oshirish, uni mazmunan boy, g‘oyaviy jihatdan ta’sirchan va keng jamoatchilik uchun tushunarli qilib taqdim etish ustida jamoa bo‘lib, izchil ish olib bordik. Ma’qullangan loyihalarning 18 tasi jadidlar merosi va 10 tasi sobiq sovet davridagi murakkab tarixiy jarayonlarni, 9 tasi ilk mustaqillik ilmiy asosda yoritishga qaratilgan. Bu loyihalar orqali milliy tarixga xolis, manbalarga tayangan yondashuvni ta’minlash maqsad qilingan, – dedi Temur Shirinov.

Ilmiy kengashda Markaz kutubxonasi fondini yanada boyitishga, xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyevaning ma’lum qilishicha, kutubxona yo‘nalishida 8 ta yirik ilmiy loyiha ustida ishlar olib borilmoqda.

–Xalqaro ta’lim muassasalari, xususan, "Perfect" universiteti bilan hamkorlikda eng noyob kitoblarning onlayn variantlari kutubxonaning elektron bazasiga joylashtirilgan, shuningdek, Milliy kutubxona bilan hamkorlikda qo‘shma 4 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Kutubxona faoliyatiga “Koha” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgani uning ilmiy va axborot salohiyatini yanada mustahkamlaydi, – deya axborot berdi Umida Teshaboyeva.

Shuningdek, Markazning yagona rasmiy raqamli platformasi ishga tushirilgani va unda barcha bo‘limlar, loyihalar hamda ilmiy materiallar jamlangani ma’lum qilindi. Ilmiy kengash a’zolariga ushbu platformani bir hafta davomida ko‘rib chiqib, tahlil qilish va tavsiyalar kiritish ma’lum qilindi va mazkur taklif bir ovozdan ma’qullandi.

Yig‘ilishda Markazning ochilishiga tayyorgarlik va tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish sifati ham muhokama qilindi. Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bu borada tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida muzey bo‘limlari bo‘ylab harakat yo‘nalishlari, ekspozitsiya nazoratchilari va gid xizmatlarini to‘laqonli ta’minlash bo‘yicha ishlar jadal olib borilayotganini ma’lum qildi. 

–Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Markazda har bir loyiha mukammal bo‘lishi, har bir tashrif buyuruvchi esa yuqori darajadagi xizmatni his etishi shart, — deb ta’kidladi F.Abduxoliqov.

Markaz direktorining axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Izzat Ibragimov bu borada bolalar, ayollar va olimlar uchun alohida ma’lumotlar, gid xizmatlari tashkil etilishi, shuningdek, QR-kodlar, planshetlar va elektron quloqchinlar orqali ekspozitsiyalar bilan mustaqil tanishish imkoniyatlari yaratilayotgani haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, robot-gidlar xizmatini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgani haqida ham ma’lum qildi. 

Ilmiy kengash yakunida Markaz hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum doirasida magistrantlar amaliyotini tashkil eish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda ilmiy nashrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani qayd etildi. Bu hamkorlik Markazning ilmiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
 

Uyg‘un G‘ofurov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori:

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi bu Prezidentimizning mega loyihalari va uni har bitta jarayonida qatnashish, har bir o‘zbekistonlik, jumladan, islomshunos mutaxassislar uchun ham tarixiy muhim hodisa. Bugun Markaz bilan institutimiz o‘rtasida memorandum imzolashga erishdik. Bu quruq imzo emas, balki aniq amaliy ishlar rejasini o‘z ichiga olgan hujjatdir. Yaqin kunlarda institut magistrantlari Islom sivilizatsiyasi markazida amaliyot o‘tashni boshlaydi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan yaratilgan 130 dan ortiq ilmiy nashrlar Markaz kutubxonasiga hadya qilindi. Bu hamkorlik kelgusida yanada mustahkamlanadi.


Yig‘ilish davomida bildirilgan taklif va xulosalar Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.