Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin: “Markaz Islom sivilizatsiyasining ilm-fanga qo‘shgan hissasini ochib beradi”

Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, markaz direktori Firdavs Abduxoliqov hamda akademik Akbar Hakimov hamrohlik qildi. Nufuzli mehmonlar markazning Islomdan oldingi davr, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans, Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori bo‘limlarini ko‘zdan kechirdi.
Ular O‘zbekistonning 3000 yillik tarixini aks ettirgan ekspozitsiyalar, tarixiy eksponatlar va interaktiv taqdimotlardan katta taassurot oldi. Belarus Respublikasi Bosh vaziri bunday markazning tashkil etilgani O‘zbekiston rahbarining tarix va madaniy merosga, buyuk ajdodlar merosini o‘rganishga e’tibor qaratganini ko‘rsatadi, deya ta’kidladi.
Markazning Islomdan oldingi davr ekspozitsiyalari orqali mehmonlar turli sivilizatsiyalarning rivojlanishini va ularning ijodiy va ilmiy yutuqlarini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Birinchi va Ikkinchi Renessans zallarida Amir Temur va Temuriylar davriga oid noyob eksponatlar, miniatyura san’ati va me’moriy yodgorliklar haqida ma’lumot berildi. Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans bo‘limi va Shon-sharaf zallari esa zamonaviy media texnologiyalari va interaktiv namoyishlar orqali muzeyni yanada qiziqarli qilib ko‘rsatdi.
Shuningdek, tashrif davomida delegatsiya xorijiy galereya va auksionlarda yo‘qolgan madaniy meros asarlarini qidirish imkoniyatlari va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha ma’lumotlar oldi.
Tashrif so‘ngida, delegatsiya Markaz ekspozitsiyasini yuqori saviyada tashkil etilgani, ekspozitsiyalarning tarkibi va ta’limiy qimmati, shuningdek, O‘zbekistonning madaniy va ilmiy merosini taqdim etishdagi ahamiyatini e’tirof etdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro hamkorlik, madaniy diplomatiya va milliy madaniy merosni saqlashdagi muhim maskan sifatida baholandi.
Bu maskan, bir tomondan, juda keng qamrovli va puxta o‘ylangan majmua bo‘lsa, ikkinchi tomondan, insonni ming yillar qa’ridan bizgacha yetib kelgan buyuk sivilizatsiyalar bilan yuzma-yuz qo‘yadi. Bu yerda tug‘iladigan his-tuyg‘ularni birgina so‘z bilan ifodalash qiyin. Muzey haqiqatan ham hayratlanarli darajada ta’sirchan va mazmunli. Menimcha, uni imkon qadar tezroq ochish zarur. Zero, qancha ko‘p insonlar ushbu ekspozitsiya bilan tanishsa, islom sivilizatsiyasining haqiqiy mohiyatini, uning ilm-fan va taraqqiyotga qo‘shgan ulkan hissasini shuncha teranroq anglaydi. Kecha biz Samarqandda bo‘ldik va u yerda ham juda boy tarixiy ma’lumotlarni oldik. Bugun esa ko‘rganlarimiz va eshitganlarimiz o‘zaro uyg‘unlashib, yaxlit tasavvur hosil qildi. Bunday bilim va taassurotlar inson xotirasida uzoq saqlanadi, uni yanada chuqur o‘ylashga, anglashga undaydi. Men O‘zbekistonga Uchinchi Renessans davrini tilayman. U kuchli va bardavom bo‘lsin. Bugun mamlakatingiz jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, xalqingiz esa ilm-ma’rifatga chanqoq va intiluvchan. Biroq taraqqiyot yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishiga ishonaman. Markaz haqidagi taassurotlarim juda yuqori. Bugun biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Shavkat Mirziyoev bilan ham uchrashdik. Suhbat davomida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Men davlat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami va salmog‘idan chuqur ta’sirlandim. Bunday keng qamrovli, ulkan va strategik ahamiyatga ega loyihalar yurt kelajagiga xizmat qilishi shubhasiz. Ishonamanki, bunday noyob va bebaho maskanlar yaratishda davlat rahbarining hissasi bundan keyin ham sezilarli bo‘ladi, - Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin.
Shundan so‘ng, ikki tomon o‘rtasida kelgusidagi hamkorlik va madaniy almashinuv imkoniyatlari muhokama qilindi.


