Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Amir Temur davridan qolgan noyob arxeologik topilma namoyishi sizni kutmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarix va ma’naviyat birlashdi! Amir Temur davridan qolgan eng salmoqli va nodir yodgorlik Ikkinchi Renessans bo‘limida namoyish etilmoqda.

Amir Temur davriga oid eng nodir va salmoqli yodgorliklardan biri — “Ulug‘tog‘ bitigi” bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi Renessans bo‘limida namoyish etilmoqda. Og‘irligi 11,2 tonna bo‘lgan ulkan bitiktosh nafaqat arxeologik topilma, balki davlatchilik g‘oyasi, harbiy qudrat va ma’naviy qarashlar mujassam etilgan noyob tarixiy hujjatdir.
Bu tosh — oddiy yodgorlik emas. Unda Sohibqiron Amir Temurning siyosiy tafakkuri, o‘zini anglashi va tarix oldidagi mas’uliyati toshga muhrlangan.

1391-yilgi yurish va tarixga muhrlangan xotira
Ma’lumki, 1391-yil aprel oyida Amir Temur Dashti Qipchoq hududiga — To‘xtamishxonga qarshi mashhur harbiy yurishni boshlagan. Bu yurish nafaqat ikki hukmdor o‘rtasidagi kurash, balki mintaqaning kelgusi siyosiy taqdirini belgilab bergan hal qiluvchi voqea edi.
Yurish davomida qo‘shinlar Ulug‘tog‘ hududiga yetib keladi. Aynan shu yerda Sohibqiron ushbu tarixiy voqeani abadiylashtirishga qaror qiladi. Uning amri bilan xarsangtosh ustiga maxsus bitik o‘yib yozdiriladi. Shu tariqa g‘alaba va davlatchilik g‘oyasi toshda muhrlanadi.

Bitik tili — davr ruhining ifodasi
Ulug‘tog‘ bitigi eski o‘zbek — chig‘atoy tilida bitilgan. Uning ilk uch qatori arab tilida, qolgan sakkiz qatori esa uyg‘ur xatidagi turkiy matndan iborat.
Bu holat o‘sha davrda arab tilining diniy va ma’naviy maqomi yuksak bo‘lganini, turkiy til esa davlatchilik va harbiy muhitning asosiy muloqot vositasi sifatida qo‘llanganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, uyg‘ur harfli qismning yaxshi saqlangani bitikning ilmiy va paleografik qiymatini yanada oshiradi.


Matnda quyidagi so‘zlar muhrlangan:
“Tarix yetti yuz to‘qson uchda, qo‘y yili, ko‘klamning ora oyida Turonning sultoni Temurbek uch yuz ming qo‘shin bilan islom uchun To‘xtamishxon, Bulg‘or xoniga qarshi qo‘shin tortdi. Bu yerga yetib, belgi bo‘lsin deb, ushbu bitigtoshni yozdirdi. Tangri nisfat bergay, inshoollo. Tangri fuqaroga rahm qilg‘ay, el bizni duo bilan yod qilg‘ay”.
Ushbu satrlardan bir necha muhim xulosalar kelib chiqadi. Birinchidan, Amir Temur o‘zini “Turon sultoni” sifatida anglagan. Ikkinchidan, yurishni islom manfaatlari yo‘lida olib borganini ta’kidlagan. Uchinchidan, davlat boshqaruvida adolat va xalq duosini asosiy mezon deb bilgan.
Shu ma’noda Ulug‘tog‘ bitigi harbiy xotira bilan birga, ma’naviy-siyosiy dastur vazifasini ham bajaradi.

Topilishi va ilmiy ahamiyati
Mazkur tarixiy yodgorlik 1935-yil avgust oyida mashhur geolog Qanыsh Satpayev tomonidan Qozog‘iston hududidagi Ulug‘tog‘ning “Oltin cho‘qqi” deb ataluvchi qismida aniqlangan.
Keyinchalik bitiktosh Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaj muzeyi kolleksiyasiga olib ketilgan va uzoq yillar davomida jahon ilmiy jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lib kelgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Amir Temur aynan Ulug‘tog‘ning Oltin cho‘qqi qismida qo‘shin bilan hordiq olish uchun to‘xtagan. Jangchilar atrofdan yirik xarsang toshlarni to‘plagan, mahalliy usta toshtaroshlar esa ularni ishlab, bitiktosh shakliga keltirgan. Shu tariqa tarixiy voqea tabiiy muhit bilan uyg‘un holda abadiylashtirilgan.
Temuriylar merosi va Ikkinchi Renessans
Bugungi kunda Ulug‘tog‘ bitigi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Ikkinchi Renessans bo‘limi doirasida namoyish etilmoqda. Bu joylashuv bejiz emas.
Temuriylar davri ilm-fan, harbiy san’at, me’morchilik va davlat boshqaruvi sohalarida yuksalish davri bo‘lgan. Shu bois mazkur bitik nafaqat harbiy yodgorlik, balki Ikkinchi Renessans tafakkurining ramziy ifodasi sifatida ham qaraladi.
Ermitaj fondida temuriylar davriga oid boshqa noyob ashyolar — Mironshoh nomi bitilgan muhr, Gavharshodbegimga tegishli nefrit uzuk va boshqa tarixiy buyumlar ham saqlanadi. Ular temuriylar madaniy merosining yuksak darajasini tasdiqlaydi.

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.