Prezidentdan tavsiya, yoshlardan amaliy javob
“Bu yerga yoshlar albatta kelishi kerak”. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishi haqidagi chaqiruvi mamlakat bo‘ylab minglab yoshlarni bir nuqtaga jamladi.
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali qatnashgan 60 mingdan ziyod yoshlarning vakillari bilan uchrashuv doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani haqida to‘xtalarkan, ushbu majmua yosh avlod uchun tarixiy xotira, milliy o‘zlik va ma’naviy merosni anglashda muhim maskan ekanini ta’kidlab, bu yerga yoshlar albatta kelishi lozimligini qayd etdi.
“Har bir yosh, har bir o‘zbekistonlik borib albatta ko‘rsa, buyuk ajdodlarimiz merosi, millatimiz kimligi haqida tasavvuri uyg‘onib, g‘ururlanib qaytadi. Albatta, bu yerga yoshlar borishi kerak”, — dedi Prezident.
Ana shu chaqiriq bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan yoshlar muzeyning asosiy ekspozitsiya bo‘limlari bilan tanishdi. Islomdan avvalgi davr, ilk va o‘rta asrlar, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan bo‘limlarda jamlangan eksponatlar tarixiy jarayonlarning uzviy va izchil manzarasini namoyon etdi. Zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan ekspozitsiyalar yoshlarning tarixga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirdi.
Abdulaziz Mo‘minov, Yoshlar ishlari agentligi direktor o‘rinbosari:
Muhtaram Prezidentimiz yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotda Islom sivilizatsiyasi markaziga albatta kelish kerakligini alohida ta’kidladilar. Bu markaz Islom dinining tarixi va boy merosini, eng muhimi, o‘zbek xalqining yuzini ifodalaydi, deb qayd etdilar. Shuningdek, yig‘ilishdan so‘ng yoshlar birinchi navbatda tashrif buyurishi lozim bo‘lgan maskan aynan Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lishi kerakligi masalasini ko‘tardilar.
Biz yoshlar buni katta quvonch bilan qabul qildik va ushbu maskanga tashrif buyurdik. Tashrif davomida shuni ko‘rdikki, bu yerda islom davrining vujudga kelishidan boshlab Birinchi, Ikkinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston davrlarigacha bo‘lgan jarayonlar bir joyda jamlangan. Ota-bobolarimizning boy tarixi nihoyatda mukammal va ta’sirchan tarzda ifodalangan. Har qanday yosh bu maskanga kirgach, tarixiy ma’lumotlarni, ajdodlarimizga bo‘lgan hurmatni, Vatanga bo‘lgan muhabbatni, yurtimiz sivilizatsiyasining bosib o‘tgan yo‘lini bir zumda ko‘z oldidan o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Hammasi bir joyda mujassam bo‘lgani bilan bu markaz alohida ahamiyatga ega. Yaqin kunlarda muhtaram Prezidentimiz ushbu Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi bo‘lishini ham aytdilar. Ochilishdan so‘ng bu maskanga xalqimiz, yoshlarimiz, umuman keng jamoatchilikning tashrifi juda katta miqyosda bo‘lishiga ishonamiz. Chunki bu joy og‘izdan og‘izga o‘tib targ‘ib qilinadi va bu yerga kirgan har bir inson olgan bilim va taassurotlarining targ‘ibotchisiga aylanadi, deb hisoblayman.
Yoshlar Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlangan 3D xarita, immersiv videoroliklar va interaktiv ekspozitsiyalar orqali tarixni faqat tomosha qilish emas, balki uni his etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bunday yondashuv tarixiy bilimni hissiy tajribaga aylantirib, o‘zlikni anglash jarayonini yanada chuqurlashtirishi ta’kidlandi.
Lobarxon Jalolova, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi, Xalqaro yoshlar eko qo‘mitasi raisi:
Davlatimiz rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvni eng tarixiy uchrashuvlardan biri, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Uchrashuv davomida Prezidentimiz yoshlar uchun qator yangiliklar, imtiyozlar va muhim tashabbuslarni ilgari surdilar. Aynan uchrashuv yakunida ushbu g‘oya va tashabbuslarni yoshlarga targ‘ib qilish uchun birinchi lozim bo‘lgan ish Islom sivilizatsiyasi markaziga borib, sayohatni shu yerdan boshlash kerakligini ta’kidladilar.
Biz yoshlar delegatsiyasi bilan bu Markazga tashrif buyurdik. Bu yerga birinchi marta kelayotganim bo‘lsa-da, ko‘plab insonlardan ushbu Markaz haqida juda iliq fikrlarni eshitgan edim. Bu maskan tarixni jonlantira olgan makon sifatida ta’riflangan edi va bugungi tashrifim davomida bunga to‘liq amin bo‘ldim.
Bu yerda tarix haqiqatan ham jonlanadi. Eksponatlar, mulьtimedia materiallari, sun’iy intellekt orqali yaratilgan namoyishlar orqali o‘tmish va kelajak bir makonda uyg‘unlashgandek taassurot uyg‘otadi. Tarix va kelajakning bir nuqtada tutashuvi aynan shu yerda yaqqol seziladi.
Men o‘zim Navoiy viloyatidanman va bugungi kunda Raboti Malik qoldiqlari mavjudligini bilaman. Ammo uni bu darajada ulug‘vor va mukammal holatda tasavvur qilmagan edim. Islom sivilizatsiyasi markazida Raboti Malikning ilk ko‘rinishi asosida yaratilgan maket orqali tarixning naqadar jonli va aniq ifodalanganini ko‘rib, chin dildan hayratda qoldim.
Ilgari kitoblarda o‘qigan tarixim bugun ko‘z o‘ngimda jonlangandek bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman.
Laylo Aslonova, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi:
Shuni aytishim kerakki, bu yerga kirishimdan oldin bunday darajadagi kuchli taassurot olaman, deb o‘ylamagan edim.
Dastlab oddiy muzeyga kirib, eksponatlarni ko‘rib chiqib ketamiz, degan tasavvurda edik. Ammo bu yerda har bir eksponat bilan bevosita interaktiv tarzda tanishish, qo‘l bilan ushlab ko‘rish, o‘sha davr muhitiga sho‘ng‘ish imkoniyati borligi meni chin dildan hayratlantirdi. O‘tgan yili Londondagi muzeyda bo‘lganimda shunday interaktiv usullarni ko‘rib, bizda ham shunday imkoniyatlar bo‘lsa edi, degan orzu qilgan edim. Bugun esa Islom sivilizatsiyasi markazida undan-da go‘zalroq, undan-da hashamatliroq va eng asosiysi, yoshlar uchun nihoyatda qiziqarli tarzda yaratilgan ekspozitsiyalarni ko‘rib, bu orzularim ro‘yobga chiqqandek bo‘ldi.
Muzey to‘rtta davrga bo‘lingan bo‘lib, bu yerda O‘zbekiston tarixini maktab darsliklaridan emas, balki bevosita shu yerga kelib, har bir bosqichni, har bir davrni go‘yo o‘sha davrda yashagan insonlar kabi his qilib o‘rganish imkoniyati mavjud. Menimcha, bu yerga bir kun kelishning o‘zi ham yetarli bo‘lmaydi.
Yoshlar fikricha, Islom sivilizatsiyasi markazi ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va tafakkur tarixidagi beqiyos o‘rnini chuqur anglash imkonini beradi. Bu maskan o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni his etishga, yoshlarni yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qilmoqda.










