ROSATOM vakili: “Bu buyuk va o‘z vaqtida amalga oshirilgan loyiha”
Xalqaro hamjamiyatda O‘zbekistonning madaniy merosni tiklash borasidagi navbatdagi tarixiy yutug‘i deya e’tirof etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy, madaniy va interaktiv imkoniyatlari bilan Rossiya Federatsiyasining “Rosatom” davlat atom energiyasi korporatsiyasi delegatsiyasi vakillarining ham hayratiga sabab bo‘ldi.
“Rosatom” delegatsiyasi vakillarining Markaz bilan tanishuvi “Shon-sharaf” zalidan boshlanib, mehmonlar Islomdan oldingi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limlarini ko‘zdan kechirdilar. Ayniqsa, Markaz kutubxonasida saqlanayotgan nodir manbalar va zamonaviy multimedia yechimlari delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya vakillari mazkur majmuani Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy tarixiy va ma’naviy merosini anglash uchun muhim platforma sifatida e’tirof etdilar.
Yelena Mironenko, “ATOM” muzeyi bosh direktori markaz:
Ham muzey xodimi, ham madaniyatshunos sifatida O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilgan ushbu ulkan ishdan hayratdaman. Bu markaz bugungi kunda dunyodagi eng zamonaviy ilmiy-madaniy muzeylardan biri deb hisoblayman. Bu yerda yangi texnologiyalar an’analar bilan uzviy bog‘langan. Markaz ochilgandan so‘ng har bir muzey mutaxassisi bu yerga kelishi lozim, deb o‘ylayman.
Yuliya Ujakina, “Rosatom” korporatsiyasi Korporativ akademiyasi bosh direktori:
Islom sivilizatsiyasi markazi — bu buyuk va o‘z vaqtida amalga oshirilgan loyiha. “Shon-sharaf” zaliga qadam qo‘yganingizdan boshlab, u sizni hayratga soladi. Sivilizatsiya tarixi mehr va hurmat bilan taqdim etilgani alohida e’tiborga loyiq. Bu yosh avlod uchun g‘urur manbaidir. Muzey ekspozitsiyasining Islomdan avvalgi davr bo‘limidagi “paxta installyasiyasi” va zargarlik buyumlari menda katta taassurot qoldirdi.
“FESCO” transport guruhi bosh direktorining davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik va tashqi aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Sergey Sidorov esa markazni “fantastik va ta’riflab bo‘lmaydigan maskan” deb atadi:
Sivilizatsiyani anglash va mintaqa madaniyatini chuqur tushunish uchun avvalo shu yerga kelish kerak. Men uzoq vaqt Samarqandda yashaganman, shu bois Amir Temur va Samarqand tarixi yoritilgan bo‘lim menga alohida ma’qul bo‘ldi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov bilan ham uchrashuv o‘tkazdilar. Muloqot chog‘ida xalqaro hamkorlik istiqbollari, qo‘shma dasturlar va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ilmiy va madaniy muassasalar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish hamda barqaror sheriklik aloqalarini mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Qayd etish joizki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, bugun va kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik sifatida shakllanmoqda. Markaz o‘z ekspozitsiyalari orqali nafaqat milliy, balki umuminsoniy merosni zamonaviy yondashuv asosida namoyon etmoqda.











