“Biz kutgandan ham yuqori!” — KIND direktori Markaz haqida
Xalqaro maydonda 2026-yilda ochilishi eng ko‘p kutilayotgan muzeylar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Koreya xalqaro infratuzilma va shaharsozlikni rivojlantirish korporatsiyasi (KIND) prezidenti boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurib, muzey ekspozitsiyalarida namoyish etilgan qadimiy shaharlar xaritalari, Jarqo‘ton topilmalari, Bayt ul-Hikma ilmiy merosi va Ibrohim Sulton ko‘chirgan Qur’oni Karim nusxasiga alohida qiziqishdi.
Mehmonlar ayniqsa ekspozitsiyaning “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da aks ettirilgan, islomdan avvalgi davrga oid O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan qadimiy shaharlar xaritalari va tarixiy ma’lumotlarga katta qiziqish bildirdi. Ular hududiy chegaralar, qadimgi shaharlarning joylashuvi hamda ushbu sivilizatsiyalarning mintaqa taraqqiyotidagi o‘rni yuzasidan ko‘plab savollar bilan murojaat qildi.
Delegatsiya a’zolarini piktografik yozuv namunalari, sopol buyumlardagi ilk yozuvlar hamda Jarqo‘ton yodgorligidan topilgan miloddan avvalgi II ming yillikka oid arxeologik topilmalar mulyajlari ham befarq qoldirmadi. Xususan, Xorazm sivilizatsiyasi bo‘limida namoyish etilgan zig-zag shaklidagi suv ko‘targich maketi qadimiy muhandislik tafakkurining yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.
Mehmonlar e’tiborini tortgan yana bir noyob eksponat Kofirqala darvozasi parchasidir. VI asrga oid ushbu yodgorlikdagi murakkab naqshlar, bo‘rtma tasvirlar va ramziy bezaklar delegatsiya vakillarida katta qiziqish uyg‘otib, ularning ma’no-mazmuni yuzasidan qizg‘in savol-javoblarga sabab bo‘ldi.
Muzeyning Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan ekspozitsiya qismida namoyish etilgan “Sirli tabiat o‘yini” interaktiv ekspozitsiyasi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Gerbariy elementlarini o‘zaro uyg‘unlashtirishga asoslangan ushbu o‘yin delegatsiya a’zolari tomonidan katta qiziqish va zavq bilan sinab ko‘rildi. Shuningdek, qadimiy ilm maskani bo‘lgan Bayt ul-Hikma faoliyati haqidagi ma’lumotlar hamda Abu Rayhon Beruniy yaratgan globus ilm-fan tarixidagi ulkan yutuqlar sifatida alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi haqida chuqur qiziqish bildirib, hadis ilmining mohiyati, uning islom madaniyatidagi o‘rni yuzasidan savollar bilan murojaat qildi.
Ikkinchi Renessans davriga oid ekspozitsiyalarda esa Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devoridan o‘rin olgan rang-barang miniatyuralar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Tasvirlardagi nozik detal va ranglar uyg‘unligi yuksak badiiy an’analarni namoyon etishi ta’kidlandi. Shuningdek, XV asrga oid, Ibrohim Sulton tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni Karim nusxasi delegatsiya a’zolarida alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif yakunida mehmonlar Markaz ekspozitsiyalarining boy ilmiy asosga ega ekani, interaktiv yondashuv va zamonaviy taqdimot usullari orqali mintaqa sivilizatsiyalari tarixini chuqur va ta’sirchan tarzda yoritib berilganini alohida ta’kidladi.
So Chanxun, Koreya xalqaro infratuzilma va shaharsozlikni rivojlantirish korporatsiyasi (KIND) direktori:
“Bu yerga taklif etilganimdan nihoyatda mamnunman. Markaz ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, u biz kutganimizdan ham yuqori darajada ekaniga guvoh bo‘ldik. Qadimiy madaniyatlar merosi va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligi nihoyatda puxta va ta’sirchan tarzda namoyish etilgan.
Men uchun eng katta taassurot qoldirgan eksponatlardan biri tarixiy tangalar bo‘ldi. Ularning bir tomonida hukmdorlar siymosi, ikkinchi tomonida esa davlat arboblari tasviri aks ettirilgani tarixiy ramziylik va siyosiy madaniyat uyg‘unligini yaqqol ifodalaydi. Bunday noyob namunalarni ilk bor ko‘rdim va ular xotiramda uzoq vaqt saqlanib qoladi.
Menimcha, tarixni o‘rganish orqali undan saboq olib, kelajakda yangi g‘oyalarni shakllantirish mumkin. Ayniqsa, yosh avlod bu yerga tashrif buyurganda, ular uchun yangi g‘oyalar manbai, ilhom va izlanishlarga undovchi katta imkoniyatlar ochilishiga ishonaman.”


