“O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi Yevropa muzeylari bilan bellasha oladi"
Germaniyaning rivojlanayotgan mamlakatlarda hayot sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan nufuzli tashkilot — “Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit” (GIZ) delegatsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Markaz mutasaddilari tomonidan mehmonlarga ekspozitsiyalar ilmiy asoslari, ularni yaratishdagi konseptual yondashuv va zamonaviy mulьtimedia texnologiyalarining o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy artefaktlar va raqamli texnologiyalar uyg‘unlashtirilgan Markaz nafaqat muzey, balki ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy va xalqaro muloqot maydoni sifatida ham faoliyat yuritadi.
“Islomdan avvalgi davr” bo‘limidagi arxeologik topilmalar, qadimiy shahar madaniyatiga oid materiallar hamda immersiv xona delegatsiya a’zolarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Vizual va ovozli effektlar orqali yaratilgan muhit mehmonlarga tarixiy jarayonlarni chuqur his qilish imkonini berdi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans bo‘limlarida buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi interaktiv formatda taqdim etilgani, sun’iy intellekt asosida yaratilgan vizual materiallar tarixiy siymolar obrazini jonli va ta’sirchan tarzda namoyon etgani alohida e’tirof etildi.
Madina Ishmuradova, GIZ maslahatchisi:
Bu markaz haqida ko‘p eshitganman, ammo ko‘rganlarim kutganimdan ham yuqori bo‘ldi. Innovatsion yondashuv va estetik muhit meni hayratga soldi. Har bir Renessans bo‘limi o‘ziga xos mazmunga ega. Bu markazni Berlindagi “Dark Matter Berlin” bilan taqqoslar edim — u yerda yorug‘lik va musiqa orqali ta’sirchan muhit yaratilgan. Bu yerda ham zamonaviy texnologiyalar orqali shunday kuchli taassurot uyg‘otilgan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning tartibga solish siyosati bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Daniyel Trnka esa Markazdagi sun’iy intellekt texnologiyalariga alohida to‘xtaldi:
Tarix va zamonaviy texnologiyalarning bunday uyg‘unlashuvi juda ta’sirli. AI asosida yaratilgan videolar orqali tarixiy shaxslarni deyarli jonlidek ko‘rish mumkin. Bu yerga albatta oilam bilan yana kelmoqchiman.
Interaktiv qismlar yoshlar uchun ayniqsa qiziqarli. Parijdagi “Arab World Institute” bilan solishtirganda, bu Markaz zamonaviyligi va ko‘lami jihatidan ancha ta’sirchan.
Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari Markaz faoliyatini yuqori baholab, ma’naviy qadriyatlarni zamonaviy talqinda namoyon etadigan noyob maskan sifatida e’tirof etdi.


