BMTdagi xalqaro taqdimot konsepsiyasi muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida mamlakatimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan maxsus xalqaro taqdimotni tashkil etish konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari, Toshkent islom instituti rahbariyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ullari hamda markazlarning mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, mazkur tashabbus O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan taklifning amaliy ifodasi hisoblanadi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va buyuk allomalarning ilmiy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, ularning global sivilizatsiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini jahon hamjamiyatiga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda taqdimotning asosiy maqsadi — Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy qoldirgan bebaho ilmiy-ma’naviy merosning ahamiyatini BMTga a’zo davlatlar va xalqaro jamoatchilikka namoyon etish, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini ochib berishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Konsepsiyaga ko‘ra, taqdimot multiformat shaklda tashkil etiladi. U konferensiyalar, forumlar, seminarlar, noyob qo‘lyozmalar va artefaktlar ko‘rgazmalari, kitob va albomlar taqdimotlari, hujjatli va qisqa metrajli filmlar namoyishi, shuningdek zamonaviy VR/AR texnologiyalari asosidagi interaktiv installyasiyalarni o‘z ichiga oladi.
Xususan, “O‘zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki”, “Ma’naviy renessans tilsimi: Imom Buxoriy merosida hadislar haqiqati”, “Termiziy fenomeni”, “Moturidiy ta’limoti va global mafkuraviy barqarorlik” mavzularida xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Taqdimot doirasida har bir allomaga bag‘ishlangan alohida pavilьonlar tashkil etiladi. Imom Buxoriy pavilьonida “Sahihul Buxoriy” asariga bag‘ishlangan ekspozitsiya, elektron mulyajlar va ilmiy safar xaritasi namoyish etiladi. Imom Termiziy pavilьonida “Sunani Termiziy” va “Shamoili Muhammadiya” asarlarining nodir qo‘lyozmalari mulyajlari, ziyoratgoh maketi hamda ilmiy tadqiqotlar taqdim etiladi. Imom Moturidiy pavilьonida esa “Kitob at-tavhid” va “Ta’vilot al-Qur’on” qo‘lyozmalari mulyajlari, Samarqand ilmiy muhitiga bag‘ishlangan installyasiyalar va moturidiylik ta’limotining bag‘rikenglik g‘oyalarini yorituvchi multimedia materiallar joylashtiriladi.
Shuningdek, “Qaytarilgan meros” maxsus ko‘rgazmasi, raqamli platformalar taqdimoti va virtual sayohat loyihalari ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Allomalarimiz ilmiy merosini namoyish etar ekanmiz, xorijliklar avvalo bugungi O‘zbekistonni yaqindan tanishi zarur. Yangi O‘zbekistonda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-ma’rifiy sohadagi islohotlardan xalqaro jamoatchilikni kengroq xabardor qilish kerak. Aynan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qad rostladi. Bugun bu markazning maqsad va vazifalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishimiz muhim, – dedi F.Abduholiqov yig‘ilish doirasida belgilangan ustuvor vazifalarga to‘xtalarkan.
Bugun barcha ilmiy tadqiqot markazlari rahbariyatining bir yerga jamlanishi va birgalikda loyihalarni amalga oshirayotganimiz bejiz emas. Prezidentimizning markazlarimiz ilmiy faoliyatlarini birlashtirishdek muhim tashabbus bunga muhim asosdir. Shuningdek, bu boradagi sa’y-harakatlar, amalga oshirilayotgan loyihalar haqida axborot tarqatishda ham birdamlikda ishlash samaradorlikni oshirishda muhim rol o‘ynaydi, – dedi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov.
Yig‘ilishda diniy-ma’rifiy sohada ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Markazlar faoliyati va allomalar merosini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida teleko‘rsatuvlar, hujjatli filmlar va maxsus media-loyihalar tayyorlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Taqdimotni amalga oshirish bosqichma-bosqich konsepsiyani takomillashtirish, xalqaro hamkorlar bilan kelishuvlar o‘tkazish, mulьtimedia mahsulotlarini tayyorlash va BMT bosh qarorgohida yuqori saviyada namoyish etish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro tadbir O‘zbekistonning boy tarixi va ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga namoyon etish, islom dinining insonparvarlik va bag‘rikenglik mohiyatini ilmiy asosda ochib berish hamda mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


