Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi duch kelgan haqiqiy mo‘jiza va kashf etilgan yangilik

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasida ekspozitsiyalardagi interaktiv xaritalar, 3D formatdagi tarixiy talqinlar va virtual tajribalar katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un holda namoyon etayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yana bir nufuzli xalqaro delegatsiyani qabul qildi. Bu gal Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasi tashrif buyurdi.


Delegatsiya a’zolari Markaz ekspozitsiyalarini batafsil ko‘zdan kechirar ekan, har bir bo‘limda o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, davrlar kesimidagi ilmiy va madaniy jarayonlar haqida batafsil ma’lumot oldilar. Ayniqsa, Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Markaz bo‘ylab sayohat davomida delegatsiya e’tiborini eng ko‘p tortgan jihatlardan biri — tarixiy xaritalarning zamonaviy talqinda taqdim etilgani bo‘ldi. Davrlar ketma-ketligini aniq aks ettiruvchi xaritalar oddiy grafik shaklda emas, balki 3D formatda yaratilgani, sensorli texnologiyalar orqali qo‘shimcha ma’lumot olish imkoniyati mavjudligi mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.

Xususan, Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan interaktiv xaritalar savdo yo‘llari, madaniy almashinuv va sivilizatsiyalar tutashuvini jonli tarzda tasavvur etish imkonini berishi bilan alohida e’tirof etildi.

Ekskursiya davomida Toshkent va Samarqand hududlaridan topilgan VI– VIII asrlarga oid tumorlar, ma’bud va ma’budalar timsollari, hayvon va qush totemlari delegatsiya e’tiborini tortdi. Ushbu topilmalar o‘sha davrda hududda turli diniy e’tiqodlar mavjud bo‘lganini, insonlar tabiat kuchlari va muqaddas timsollarga sig‘inganini ko‘rsatuvchi muhim tarixiy dalil sifatida baholandi.

Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘limda XI asr tabibining jarrohlik anjomlari asosida yaratilgan interaktiv o‘yin delegatsiya a’zolarini ayniqsa jalb etdi. Mehmonlar tarixiy manbalarga tayangan holda virtual jarrohlik asboblaridan foydalanib ko‘rishdi va o‘sha davr tibbiy bilimlarining naqadar rivojlanganiga guvoh bo‘lishdi.
 
Jongkap Kim, Global Digital Innovation Network (GDIN) bosh direktori:

“Bu yerda men nihoyatda ko‘p yangi bilimlarga ega bo‘ldim. Bunday boy tarix haqida ilgari chuqur o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Ayniqsa, ilm-fan va texnologiyalar bo‘limi meni hayratga soldi. Bolalar uchun yaratilgan immersiv ta’lim muhiti kelajak avlod uchun unutilmas tajriba bo‘lishiga ishonaman.

Bu muzey nihoyatda nufuzli va mazmunan boy maskan. Eng muhimi, u dunyo xalqlarining bir-birini yaxshiroq tushunishiga xizmat qiladi — bu hamkorlik va o‘zaro anglashuv uchun mustahkam poydevordir.

Ilm-fan bo‘limidagi suv sathini o‘lchash qurilmalari meni ayniqsa hayratga soldi. Yog‘ochdan yasalgan murakkab konstruksiyalar chuqur fizik va texnologik bilimlarni aks ettiradi. Ming yillar avval insonlar bunday ixtirolarni yaratgani — haqiqiy mo‘’jiza.”

Yoonee Jeong, Osiyo taraqqiyot banki raqamli transformatsiya bo‘yicha bosh mutaxassisi:

“Bu maskan meni to‘liq ilhomlantirdi. Uning me’morchiligi, ko‘lami va mayda detallarigacha puxta o‘ylangani katta taassurot qoldirdi. Ko‘plab mamlakatlar muzeylarini ko‘rganman, ammo bu markaz eng mukammal tashkil etilgan maskanlardan biri.

Bu yerda Islom sivilizatsiyasi haqida ilgari bilmagan juda ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Ayniqsa, matematika va ilm-fan rivojiga qo‘shilgan ulkan hissa meni hayratga soldi. Men raqamli texnologiyalar sohasida ishlayman va algoritm ilmining asoschisi aynan shu mintaqadan yetishib chiqqanini bilmaganimdan hayratda qoldim.

Hukumatning ta’lim, tarix va madaniyatni dunyoga tanitishga qaratilgan yondashuvi tahsinga loyiq. Bu markaz — uzoqni ko‘zlagan, istiqbolli loyiha bo‘lib, bebaho tarixiy meros bo‘lib qoladi.

Islomdan avval mavjud bo‘lgan rang-barang madaniyatlar va O‘zbekistonning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi ham nihoyatda ta’sirli bo‘ldi.”

Mehmonlar bu maskan xalqaro ilmiy-madaniy muloqot va o‘zaro anglashuvni mustahkamlovchi muhim platforma bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.