TURONZAMIN MADANIYATLAR, SIVILIZATSIYA VA DINLARNI UYG‘UNLASHTIRGAN
Budda haykalchasi, nasroniy xoch-tumori, zardushtiylik izlari va islom me’morchiligi namunasi — bular bir-biriga begona emas, balki bir zaminda tutashgan tarix qatlamlaridir. Movarounnahr asrlar davomida turli din va madaniyatlar tinch-totuv yashagan hudud sifatida shakllangan. Bag‘rikenglik bu yerda shior emas, balki hayot tarzi bo‘lgan. Bugun ushbu ko‘p qatlamli tarixni yaxlit konsepsiya asosida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan va yaqin kunlarda ochilishi kutilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston hududi qadim zamonlardan buyon sivilizatsiyalar chorrahasi sifatida shakllangan. Bu yerda turli xalqlar, madaniyatlar va dinlar bir-biri bilan o‘zaro ta’sirda rivojlangan. Diniy bag‘rikenglik esa jamiyat taraqqiyotini belgilab bergan muhim tamoyil sifatida tarixda mustahkam o‘rin egallagan.
Islom dini kirib kelishidan avval ham bu hududda zardushtiylik, buddaviylik, moniylik, nasroniylik (asosan nestorianlik) va yahudiylik kabi dinlar mavjud bo‘lgan. Buyuk Ipak yo‘li orqali nafaqat tovarlar, balki g‘oyalar, falsafiy qarashlar va diniy ta’limotlar ham tarqalgan.
Buddaviylik Hindistondan Baqtriya orqali Sug‘diyona va Xitoygacha yoyilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan.
Termiz yaqinidagi Fayoztepa va Qoratepa yodgorliklari ushbu hududda buddaviylik markazlari mavjud bo‘lganini tasdiqlaydi. Buxorodagi Mag‘oki Attori masjidi esa turli diniy qatlamlar uzviyligining yorqin namunasi hisoblanadi.
Sug‘d va Turk hoqonligi davrlarida turli e’tiqod vakillari bir jamiyatda tinch-totuv yashagan. Hatto Amir Temur davrida ham uning qo‘shinida turli din vakillari xizmat qilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Arab istilosidan so‘ng islom keng yoyilgan bo‘lsa-da, mahalliy an’analar yangi diniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashib ketgan.
IX–XII asrlarda yuz bergan Birinchi Renessans davrida antik Yunon va Rim ilmiy merosining arab tiliga tarjima qilinishi ilmiy ochiqlik va madaniy bag‘rikenglik muhitining yorqin ifodasi bo‘ldi. Bu jarayon ilm-fan taraqqiyotiga kuchli turtki berib, mintaqani jahon sivilizatsiyasining ilmiy markazlaridan biriga aylantirdi.
Bugun ushbu tarixiy jarayonlar yaxlit konsepsiya asosida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida namoyish etilmoqda. Markazdagi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” islomdan avvalgi davrdan tortib Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlarigacha bo‘lgan tarixiy evolyusiyani ochib beradi.
Ushbu ekspozitsiyada nasroniylik, buddaviylik va boshqa e’tiqodlarga oid bronza va tosh buyumlar alohida o‘rin egallaydi. VIII–XII asrlarga mansub nasroniy kamar bezaklari va xoch-tumorlar o‘sha davrdagi xristian jamoalarining e’tiqodi va hunarmandchilik darajasidan dalolat beradi. IX–X asrlarga oid Budda haykalchasi esa mintaqada buddaviylik ta’siri mavjud bo‘lganini tasdiqlaydi.
XII–XIV asrlarga mansub nasroniy qabrtoshlari hududda xristian jamoalari uzoq vaqt faoliyat yuritganini ko‘rsatadi.
Ushbu eksponatlarning aksariyati Prezidentimiz tashabbusi bilan vatanga qaytarilgan noyob asl artefaktlar bo‘lib, ular madaniy merosni tiklash siyosatining amaliy natijasidir.
Obidjon Tangirov, Markaz katta ilmiy xodimi:
Ekspozitsiya berayotgan asosiy xulosa shuki, Movarounnahr qadimdan turli din va madaniyatlar tinch-totuv yashagan hudud bo‘lgan. Islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti bilan birga boshqa e’tiqod vakillarining ham erkin hayot kechirishi uchun sharoit yaratilgani tarixiy manbalar va moddiy dalillar bilan tasdiqlanadi.
Bugun ushbu noyob eksponatlar nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun dunyodan kelgan mehmonlarga bitta haqiqatni eslatadi: bag‘rikenglik — bu zamonaviy qadriyat emas, balki asrlar davomida shakllangan va Movarounnahr zaminida sayqal topgan hayot falsafasidir.”
Shu tariqa, Movarounnahr tarixi bitta haqiqatni tasdiqlaydi: turli din va madaniyatlar uyg‘unligi bu zamin taraqqiyotining asosiy omili bo‘lgan. Bu an’ana bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


