Jamiyatni yuksaltiradigan eng katta kuch
Jamiyatni yuksaltiradigan eng katta kuch — bu bilim va ma’naviyatdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 3 105 kvadrat metr maydonni egallagan, 266 nafar kitobxonga mo‘ljallangan zamonaviy kutubxona bugun ana shu merosni tizimli ravishda jamlash va yangi avlodga yetkazish vazifasini o‘z zimmasiga olgan ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biridir.
Mazkur kutubxona fondi 35 150 nusxani tashkil etadi. Shulardan 2 359 tasi nodir nashrlar, 4 921 tasi “Sharq va G‘arb kolleksiyasi”ga mansub asarlardir. 350 000 dan ortiq elektron kitoblar mavjudligi esa ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini yanada kengaytiradi.
Markaz kutubxona mutaxassislarining ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil davomida fondga 4 789 ta adabiyot qabul qilindi. Ularning 3 879 tasi hadya, 910 tasi xarid asosida kelib tushgan. Qadimiy yozma manbalarni jamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilib, jami 2 359 dona yozma manba qabul qilindi. Ular orasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan taqdim etilgan noyob asarlar alohida ahamiyatga ega.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 907 ta qo‘lyozma, 1 228 ta toshbosma asar va 224 ta tarixiy hujjat fondni mazmun jihatidan boyitdi.
Raqamlashtirish jarayonlari ham jadal olib borilmoqda. 700 dan ortiq nodir adabiyot elektron formatga o‘tkazildi. 30 000 ta adabiyotga elektron chiplar o‘rnatilib, 28 turdagi zamonaviy uskunalar joriy etildi. Bu kutubxona faoliyatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqdi.
Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun 762 ta Brayl yozuvidagi adabiyot xarid qilingani esa inklyuziv muhitni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Markaz raqamli kutubxonasi orqali O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron bazalari hamda xorijiy ma’lumotlar bazalariga kirish imkoniyati yaratildi. Natijada 10 milliondan ortiq elektron resurslardan foydalanish imkoni mavjud.
Sevara Nigmatova, kutubxona va arxiv hujjatlari bo‘limi bosh mutaxassisi:
Kutubxonada zamonaviy ilmiy adabiyotlar, xususan, xorijda nashr etilayotgan ilmiy jurnallarni tizimli tahlil qilish va ularga obuna bo‘lish masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. “Xorijda nashr qilinadigan ilmiy jurnallar to‘plami” nomli ilmiy-innovatsion loyiha doirasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi: qariyb 200 ta xorijiy ilmiy jurnal ro‘yxati shakllantirilib, 2025–2026 yillar uchun obuna narxlari batafsil o‘rganildi. Tahlil natijasida jami 198 ta jurnal saralanib, shundan 107 tasi ochiq kirish (open access), 91 tasi esa obunaga asoslangan nashrlar ekani aniqlandi. Markaz faoliyati yo‘nalishlariga mos va ilmiy ahamiyati yuqori bo‘lgan jurnallar tanlab olinib, ularga obuna tashkil etish yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur tavsiyalar Markaz ilmiy fondini boyitish, tadqiqotlar sifatini oshirish va ularni zamonaviy ilmiy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.


