Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari va kursantlari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini zamonaviy texnologiyalar orqali namoyon etayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari va kursantlari tarixiy manbalar va noyob artefaktlar haqida keng ma’lumotga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari va kursantlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, yurtimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishdi.
Markaz faoliyati, uning ekspozitsiya konsepsiyasi hamda bu yerda namoyish etilayotgan noyob tarixiy manbalar haqida qisqacha ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolariga har bir bo‘limda namoyish etilayotgan noyob artefaktlar, qo‘lyozmalar, san’at namunalari va tarixiy manbalar bilan tanishtirildi. Mehmonlar tashkil etilgan ekspozitsiyadan Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari haqida keng tasavvurga ega bo‘ldilar.
Ayniqsa, immersiv xonalarda namoyish etilayotgan maxsus videoroliklar delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi. Ta’kidlanishicha, bunday zamonaviy mulьtimedia taqdimotlari har bir zal mazmunini umumlashtirib, tashrif buyuruvchilarga tarixiy jarayonlarni yaxlit holda anglash imkonini beradi.
Bojxona institutining Ixtisoslashtirilgan bojxona nazorati kafedrasi katta o‘qituvchisi Yelena Ladigina tashrif haqida fikr bildirib, Markaz ekspozitsiyalari ayniqsa yoshlar uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Tashrif davomida noyob yozma manbalar, buyuk allomalarimiz merosi hamda islom sivilizatsiyasi sohasidagi yutuqlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Ayniqsa, kursantlar uchun tarixiy ma’lumotlar, muhim sanalar va yozma manbalar bilan tanishish nihoyatda muhim. Bu kelgusida bilimli va keng dunyoqarashga ega yoshlarni tarbiyalashga xizmat qiladi, — dedi u.
Shuningdek, u O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jahon miqyosidagi ilmiy-ma’naviy maskan sifatida nufuzli muzeylar bilan raqobatlasha olishini ta’kidladi.
Bojxona instituti katta o‘qituvchisi Ruxshona Madaliyeva ham Markaz ekspozitsiyalarini yuqori baholadi.
Markazga ilk bor tashrif buyurdim va katta taassurot oldim. Bu yerda tariximizning eng qadimgi bosqichlari — ibtidoiy jamoa davridan tortib, o‘rta asrlar, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid noyob eksponatlar jamlangan. Markazdagi boy artefaktlar va tarixiy dalillar nafaqat yurtdoshlarimizga, ayniqsa yoshlarga, balki xalqaro hamjamiyatga ham O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini namoyon etadi, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning avgust oyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasini boyitish maqsadida Forumlar saroyida jamlangan nodir eksponatlar va qo‘lyozmalarni Markaz binosiga bosqichma-bosqich ko‘chirish jarayonida bojxona xodimlari faol ishtirok etib, tarixiy va madaniy qimmatga ega noyob ashyolarning xavfsiz va tizimli tarzda yetkazilishini ta’minladilar.
Yuksak mas’uliyat va puxta tashkil etilgan amaliy yordam tufayli eksponatlarning har biri belgilangan tartibda Markaz fondiga qabul qilingan.


