Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Osiyo dzyudo ittifoqi rahbari: “O‘zbekistonda shunday markaz borligi faxrli”

O‘zining mahobati, me’moriy yechimi, ilmiy mazmuni va ekspozitsiya qamrovi bilan ajralib turadigan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olami uchun muhim ma’naviy-ilmiy maskanga aylanib bormoqda. Islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalari taraqqiyotini yaxlit konsepsiya asosida namoyish etuvchi ushbu majmua ko‘plab xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan yuksak baholanmoqda.

Markazga turli davlatlardan rasmiy delegatsiyalar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, olimlar va madaniyat arboblari tashrif buyurib, uning ilmiy konsepsiyasi, interaktiv yondashuvi hamda tarixiy merosni zamonaviy talqinda namoyish etish tajribasini alohida e’tirof etib kelmoqda.

Ana shunday nufuzli mehmonlar safini bu gal Osiyo dzyudo ittifoqi prezidenti boshchiligidagi delegatsiya davom ettirdi. Mehmonlar har bir bo‘limni batafsil ko‘zdan kechirar ekan, gidlar tomonidan eksponatlar, tarixiy manbalar va ilmiy meros haqida atroflicha ma’lumot berildi. Delegatsiya a’zolari, ayniqsa, Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘limda namoyish etilgan ilmiy kashfiyotlar va allomalar merosidan katta taassurot oldilar.

Ikkinchi kapsulada joylashgan Bayt ul-Hikmaga bag‘ishlangan ekspozitsiya mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda Muhammad Xorazmiyning mazkur ilmiy markazga rahbarlik qilgani, algebra faniga asos solgani va uning ilmiy merosi bugungi zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida ham dolzarb ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Ahmad Farg‘oniy faoliyati ham delegatsiya e’tirofiga sabab bo‘ldi. Uning gidrostatika qonunlari asosida ishlagan va Nil daryosidagi suv miqdorini aniqlash orqali qishloq xo‘jaligi hosildorligi, soliqlar hamda qurg‘oqchilik yoki toshqinlarni oldindan bashorat qilish imkonini bergan kashfiyoti – Nilometr mehmonlarni hayratga soldi. Ilmning davlat boshqaruvi va iqtisodiy hayot bilan uzviy bog‘liqligi o‘sha davrdayoq mukammal yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.

“Yangi O‘zbekiston — yangi Renessans poydevori” bo‘limida esa delegatsiya mamlakatning zamonaviy taraqqiyot bosqichi bilan tanishdi. Ayniqsa, yoshlar va sport yo‘nalishiga ajratilgan qism mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalar va Olimpiada o‘yinlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari, ularga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar keng yoritilgan.

Sport sohasi vakillari uchun muzey ekspozitsiyasida zamonaviy sportchilar yutuqlarining tarixiy meros bilan bir qatorda namoyish etilishi alohida e’tirof etildi.

Obayd Al-Anzi, Osiyo dzyudo ittifoqi prezidenti: 

Ikki yil avval bu yerga kelganimda Markaz endi qurilayotgan edi. Bugun esa to‘liq yakunlanganini ko‘rib hayratdaman. O‘zbekistonda shunday ulkan va mazmunli markazni ko‘rish men uchun faxrdir. Bu yerda islom tarixining boy merosi, buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi zotlar haqida keng ma’lumot berilgan. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki barcha musulmon mamlakatlari uchun muhim markazdir.

U, ayniqsa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy bilan bog‘liq eksponatlar o‘zida chuqur taassurot qoldirganini ta’kidladi. Hadis ilmining buyuk namoyandalari bo‘lgan ushbu allomalar merosi bugungi kunda ham butun musulmon olami uchun asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.