Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

SMITHSONIAN e’tirof etgan Markazga Fransiya elchisi tashrif buyurdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro diplomatlar va olimlar diqqat markazida bo‘lib qolmoqda. Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ualid Fuk Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida bunyod etilgan Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan, uni “O‘zbekiston tarixining muhim va betakror qismini namoyon etuvchi noyob maskan” deb atadi. Uchrashuv davomida Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ham muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning dunyo hamjamiyati tomonidan islom merosini asrash, tadqiq etish va jahon hamjamiyatiga tanitishda muhim ilmiy-ma’rifiy maydon sifatida e’tirof etilayotgan mualliflik g‘oyasi – Islom sivilizatsiyasi markaziga Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk tashrif buyurdi. Tashrif nafaqat madaniy tanishuv, balki mazmunli muloqot va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab bergan uchrashuv sifatida ahamiyatli bo‘ldi.

Elchi muzey ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishar ekan, O‘zbekiston hududidagi sivilizatsion jarayonlar uzviy va izchil rivojlanganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, islomdan avvalgi davrga oid qadimiy kiyimlar kolleksiyasi, ularning qayta tiklangan uslubi va ilmiy asosda taqdim etilgani mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.

Birinchi Renessans bo‘limida namoyishga tayyorlangan Somoniylar maqbarasi maketi bilan tanishgan elchi ushbu tarixiy obyektning tarixi va me’moriy yechimlari haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan tingladi. Samarqand qog‘ozi an’anasi, uning Yevropaga tarqalishi va ilmiy-madaniy aloqalar rivojida tutgan o‘rni ham suhbat markazida bo‘ldi.

Ikkinchi Renessans qismida esa Amir Temur davriga oid ekspozitsiyalar, xususan, Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI o‘rtasidagi tarixiy yozishmalar mavzusi mehmonda alohida qiziqish uyg‘otdi. Ushbu diplomatik muloqotlar ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini namoyon etishi qayd etildi.

Ualid Fuk, Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

– O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va muzeyiga tashrif buyurganimdan nihoyatda mamnun bo‘ldim. Ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan barpo etilgan g‘oyat noyob va muhim loyiha hisoblanadi. Bu maskan O‘zbekistonning islomdan avvalgi davri hamda islomiy davrdagi betakror tarixini chuqur va tizimli ravishda yoritib beradi.

Barcha tashrif buyuruvchilarni ushbu markazni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga chorlayman. Bu yerda namoyish etilgan ko‘plab hujjatlar va eksponatlar Fransiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi samarali hamkorlik mahsulidir, ayniqsa arxeologiya va tarix yo‘nalishidagi ilmiy aloqalar doirasida. Bu esa markazning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yanada oshiradi.

Shubhasiz, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston tarixining nihoyatda muhim va betakror bir qismini namoyon etadi. Shu ma’noda u nafaqat tarixiy merosni ko‘rsatadi, balki o‘zbek xalqi so‘nggi asrlar davomida boshdan kechirgan sinovlarni, murakkab davrlarni va ularga jasorat hamda matonat bilan bardosh berganini ham ochib beradi. Bu maskan o‘tmish va bugun o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni chuqur anglash imkonini beradi.

Ahamiyatlisi shundaki, Amerikaning SMITHSONIAN jurnali Islom sivilizatsiyasi markazini ochilishi eng ko‘p kutilayotgan TOP-10 ta muzeylar qatoriga kiritdi. Bu yuksak e’tirof markazning nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi nufuzini ham tasdiqlaydi.

Men ishonamanki, bu Markaz katta muvaffaqiyatga erishadi va Markaziy Osiyodagi eng yirik hamda eng nufuzli muzeylardan biriga aylanadi. Fransiyaning muzey ishi bo‘yicha boy tajribasini inobatga olgan holda, kelgusida Fransiya bilan hamkorlik yanada kengayishiga va yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirilishiga katta imkoniyatlar mavjud, deb hisoblayman.

Tashrif doirasida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va janob Ualid Fuk bilan muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Samarqand va Surxondaryo hududlarida amalga oshirilayotgan arxeologik missiyalar, fransuz tadqiqotchilari ishtirokidagi qo‘shma loyihalar hamda kelgusida temurshunoslik yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari haqida fikr almashildi.

Shuningdek, Markazning ikkinchi qavatida fransuz olimlari uchun alohida ilmiy maydon tashkil etish, qo‘shma konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish, yosh tadqiqotchilar uchun ma’ruzalar va mahorat darslari tashkil qilish masalalari muhokama qilindi. Elchi bu tashabbuslarni yuqori baholab, madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etishda bunday muloqot platformalari muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tashrif yakunida Fransiya elchisi Islom sivilizatsiyasi markazini nafaqat muzey, balki xalqaro ilmiy-ma’rifiy muloqot maydoni sifatida yuksalayotgan maskan sifatida e’tirof etdi. Tomonlar kelgusida alohida uchrashuv o‘tkazib, amaliy hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha aniq dasturlar ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz: Smithsonian Magazine — AQShdagi Smitson institutining rasmiy nashri talqiniga ko‘ra, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etildi.  Shuningdek, BBC TRAVEL tomonidan Markaz dunyo bo‘ylab 2026 yilda ochilishi eng ko‘p kutilayotgan olti muzey qatoridan o‘rin olgan.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.