900 yillik noyob ipak libos namoyish etilmoqda
Qariyb to‘qqiz asrlik vaqt silsilasidan omon o‘tib, bizgacha yetib kelgan noyob ipak xalat bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi asosida bunyod etilgan dunyoda hech bir o‘xshashi bo‘lmagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans bo‘limi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda. XII asrga mansub ushbu libos nafaqat yuksak to‘qimachilik san’ati namunasi, balki Markaziy Osiyoda shakllangan davlatchilik an’analari, diplomatik madaniyat va estetik tafakkurning yorqin ifodasidir.
Mazkur xalat Saljuqiylar saltanati davriga tegishli bo‘lib, oddiy marosim kiyimi emas, balki hokimiyat va nufuz ramzi sifatida yaratilgan. Saljuqiylar Movarounnahr hududidan chiqqan turkiy qabilalar avlodlari bo‘lib, qudratli imperiyaga asos solgan. Ularning saroy madaniyati nafosat, ramziy ma’no va badiiy yuksaklik bilan ajralib turgan. Namoyish etilayotgan ushbu xalat ana shu yuksak madaniy muhit mahsulidir.
Libos yumaloq yoqali, uzun yengli va keng bichimli. Matosi murakkab lampas to‘qish texnikasida to‘qilgan bo‘lib, qizil, ko‘k va oltin iplar uyg‘unligida ishlangan. Matolardagi juft buqalar va grifonlar tasviri kompozitsiyaga tantanavorlik baxsh etadi. Bu timsollar kuch-qudrat, farovonlik va hukmdor himoyasini anglatadi.
Tasvirlar atrofida kufiy xatda “to‘liq baraka” ma’nosini beruvchi yozuv bor. Bu yozuv xalatning hukmdor tomonidan faxriy maqsadda tayyorlanganini va sovg‘a sifatida taqdim etilganini ko‘rsatadi. Bunday to‘qimalar nafaqat bezak, balki siyosiy va ma’naviy ahamiyatini ham namoyon qiladi.
Akademik Alisher Hakimov ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyodagi to‘qima ornament nafaqat go‘zallikni ifoda etgan, balki davlat ramzi darajasiga ko‘tarilgan. Bu yerda san’at hukmdorlik va madaniy qimmatni mustahkamlovchi vosita ham bo‘lgan. Tarixchi va arxeologlar Edvard Rtveladze va Oleg Grabarning tadqiqotlariga ko‘ra, saljuqiylar to‘qimachilik madaniyati Samarqand va Balx kabi qadimiy markazlar an’analari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Bu shaharlarda mato hukmdorning ikkinchi toji sifatida ham e’tirof qilingan.
Juft grifon va buqalar yer qudrati bilan ilohiy himoyaning uyg‘unligini ifodalaydi. Bunday yuksak darajadagi lampas ipak ehtimol Movarounnahr yoki Xuroson ustaxonalarida to‘qilgan. Amerikalik san’atshunos Sheila Blair qayd etganidek, baraka mazmunidagi yozuvlar bilan bezatilgan ipak liboslar diplomatik e’tirof va shaxsiy hurmat ramzi bo‘lgan. Shu bois bunday xalatlar amirlar, vazirlar va valiahd shahzodalar tomonidan kiyilgan va islom Sharqida “komil hukmdor” sifatini namoyon qilgan.
XII asrga mansub to‘liq saqlangan liboslar juda kam uchraydi. Shuning uchun mazkur noyob yodgorlik nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom san’ati tarixi uchun ham beqiyos ahamiyatga ega. U Turon zamini — bugungi O‘zbekiston madaniy makoni — bilan bog‘liq bo‘lib, yuksak to‘qimachilik an’analari, davlatchilik madaniyati va estetik didning uyg‘unligini o‘z ichiga oladi.
Bu ipak xalat — o‘tmishning mahobati va ma’naviy merosning tirik guvohi, tarix va san’atning birlashgan betakror durdonasidir.
Go‘zal Beknazarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


