Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Muhim qarorlar qabul qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi ochilish marosimi arafasida amalga oshirilayotgan ilmiy-innovatsion, tashkiliy va ijodiy jarayonlarni kompleks tahlil qilish, bajarilgan ishlar samaradorligini baholash va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlandi. Yig‘ilishda ilmiy kengash a’zolari, loyihalar ishchi guruh rahbarlari, olimlar, ilmiy xodimlar va  mutaxassislar ishtirok etdi.

Yig‘ilishni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, Kengash raisi Firdavs Abduxoliqov boshqardi. Kirish so‘zida Markaz direktori davlatimiz rahbari tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilgan va yaqin kunlarda keng jamoatchilik, xalqimiz uchun ochilishi kutilayotgan Markazni oddiy muzey majmuasi sifatida emas, balki milliy sivilizatsiya tarixi, islomiy ilm-fan taraqqiyoti va davlatchilik an’analarini zamonaviy ekspozitsion yechimlar orqali namoyon etuvchi strategik ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida shakllanganini alohida ta’kidladi. Unga ko‘ra, ochilishga tayyorgarlik jarayonlari faqat tashqi bezak va infratuzilma bilan cheklanmasdan, mazmun, ilmiy asos, manbashunoslik aniqligi va konseptual yaxlitlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yig‘ilishda muzey ekspozitsiyasi bo‘limlari doirasida amalga oshirilgan 1-toifa ilmiy-innovatsion loyihalar ijrosi yuzasidan batafsil hisobotlar taqdim etildi. Xususan, “Qur’oni Karim” zali bo‘yicha 10 ta loyiha amalga oshirilgani, “Qur’oni karimning jahondagi 114 nodir nusxasi” maxsus loyihasi konsepsiya asosida dizaynerlik, faksimile tayyorlash va restavratsiya ishlari olib borilgani qayd etildi. Mazkur zalda muqaddas manbaning tarixiy nusxalari, xattotlik maktablari va kitobat an’analari ilmiy asosda yoritilgan bo‘lib, mulьtimediaviy formatda taqdim etish ishlari yakunlanish arafasida ekanligi Markaz ilmiy xodimi Azimjon G‘afurov tomonidan ma’lum qilindi.

Kengash yig‘ilishida Markaz “Qur’oni karim zali”da gumbaz ostida Qur’oni karim oyatlarining nozil bo‘lish jarayonini ramziy tarzda ifodalovchi maxsus mepping shou namoyish etilishi jarayonlari ham muhokama qilindi. Mazkur loyihani yuksak badiiy va ruhiy saviyada amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasining 1-bosqich loyihalari ham ko‘rib chiqildi.

–  Bugungi kunga qadar “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasi doirasida jami 25 ta ilmiy-innovatsion loyiha amalga oshirildi. Qadimgi Baqtriya, Xorazm, Sug‘d, Farg‘ona, Choch hamda Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlangan loyihalar tadqiqotlar asosida tayyorlangan materiallar puxta monitoringdan o‘tkazilib, dastlabki va yakuniy jadvallar tasdiqlanib, ishchi guruh bayonnomalari rasmiylashtirilgan holda bajarilgan. Mazkur yo‘nalishda ekspozitsiya tarixiy izchillik va sivilizatsion uzviylik tamoyili asosida shakllantirilgan bo‘lib, u arxeologik topilmalar, numizmatik materiallar hamda interaktiv xaritalar orqali mazmunan va vizual jihatdan boyitilgan, – dedi tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova.

Tarix fanlari nomzodi, dotsent Xurshid Fayziyev o‘z taqdimotida “Ikkinchi Renessans” ekspozitsiyasi doirasida bajarilgan 88 ta ilmiy-innovatsion loyihalar ijrosi to‘liq bajarilgani haqida ma’lumot berdi. Mazkur yo‘nalish temuriylar davridagi ulkan ma’naviy va ilmiy yuksalishni kompleks ravishda ochib berishga xizmat qiladi. Tarix va manbashunoslik, adabiyot, islom ilmlari, arxitektura, san’at va astronomiya sohalarida yaratilgan medialoyihalar mazmun jihatidan chuqur ilmiy tahlilga asoslangani ta’kidlandi. Jumladan, Amir Temur davlatchiligi va diplomatiyasi, Shohrux Mirzo davri madaniy muhiti, Mirzo Ulug‘bekning astronomiya maktabi, Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur faoliyatiga bag‘ishlangan medialoyihalar ekspozitsiyaning asosiy g‘oyaviy ustunini tashkil etmoqda.

Hisobotda qayd etilganidek, ushbu ekspozitsiya doirasida 49 ta videorolik, 39 ta mulyaj va 7 ta maket yaratilgan. Temuriylar davriga oid shaharsozlik, kitobat san’ati, musiqa madaniyati, madrasa tizimi va ilm-fan namoyandalari haqidagi interaktiv materiallar yagona raqamli platformaga joylashtirilgan. “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” konsepsiyasi asosida tayyorlangan medialoyihalar orqali tarixiy jarayonlar izchil xronologik tartibda namoyon etilmoqda. 

Shu bilan birga, “O‘zbek xonliklari davri” bo‘yicha 51 ta, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda 21 ta, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” bo‘limi doirasida 20 ta loyiha amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Bu loyihalar Markaz ekspozitsiyasining tarixiy davriylik tamoyili asosida — qadimdan to zamonaviy bosqichgacha bo‘lgan sivilizatsion taraqqiyotni yaxlit konsepsiyada yoritishga qaratilganini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda moliyaviy-tashkiliy masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. Ilmiy-innovatsion loyihalar doirasida tuzilgan shartnomalar ijrosi, moliyalashtirish jarayoni, dizayner va mutaxassislarga to‘lovlarni belgilangan tartibda amalga oshirish, jumladan 114 ta Qur’oni karim nusxasi bilan bog‘liq loyihada faksimile va restavratsiya ishlari yuzasidan hisobotlar tinglandi. Barcha jarayonlar shaffoflik va sifat nazorati asosida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, “Imom Buxoriy majmuasi” kitob-alьbomini nashrga tayyorlash konsepsiyasi va ijodiy guruh tarkibini tasdiqlash, Markazga tashrif buyuruvchilar uchun ma’lumotnoma ishlab chiqish, ochilish munosabati bilan nashr etiladigan kitoblarni qisqa muddatda, yuqori poligrafik va ilmiy sifatda chop etish maqsadida qo‘shimcha olimlarni shartnoma asosida jalb qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Markazning yangi mobil ilovasini ishga tushirish, audiogid uskunalari miqdorlarini oshirish, tizimni to‘liq joriy etish, kutubxona o‘quv zali devorlari uchun jadidlarning 22 ta portretlari ro‘yxatini tasdiqlash, muzeyning 2-qavatini qo‘shimcha dizayn qilish va jihozlash kabi tashkiliy masalalarning ham birlamchi takliflari kengash muhokamasiga taqdim etildi. 

Shuningdek, ochilish marosimida namoyish etiladigan mepping shouni Xorazm portalidan Mirzo Ulug‘bek portaliga ko‘chirish hamda tarixiy va zamonaviy vizual effektlarni uyg‘unlashtirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Yig‘ilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoнevning shaxsiy tashabbusi bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nufuzli xalqaro Prix Versailles mukofotiga nomzod sifatida tanlangani xushxabar va yuqori e’tirof sifatida qayd etildi. Bu borada Markaz faoliyatini yanada keng targ‘ib qilish uchun mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun press-turlar tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi. Bu Markazni xalqaro me’moriy va madaniy platformalarda keng tanitishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida barcha loyihalarni belgilangan muddatlarda, yuqori ilmiy saviya va texnik jihatdan sifatli yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Ta’kidlanganidek, Markazning ochilishi mamlakatimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy merosini zamonaviy muzey texnologiyalari orqali jahon hamjamiyatiga taqdim etuvchi tarixiy voqea bo‘lib, uning har bir ekspozitsion yechimi chuqur ilmiy tahlil va konseptual yaxlitlikka asoslanishi shart.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.