
Yangiliklar
Islom merosining ilmiy xazinasi aks etgan ipak gilamlar Markaz ”yuragi”dan joy olgan
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Qur’oni karim zali nafaqat binodagi eng yirik va salobatli bo‘lim sifatida shakllantirildi, balki butun majmuaning ruhiy yuragi sifatida konseptual jihatdan alohida o‘rin egalladi. Shu bois zalga kirgan har bir tashrif buyuruvchi, avvalo, muqaddas kalom ulug‘langan, islom tamaddunining ilmiy va ma’rifiy yutuqlari mujassam etilgan muhitga qadam qo‘yadi. Bu makonda me’moriy yechim, badiiy bezak va ma’naviy mazmun o‘zaro uyg‘unlashib, yaxlit g‘oyaviy manzarani vujudga keltirgan.
Sakkiz qirrali interьerga ega bo‘lgan zal 45 metr diametr va 1 638 kvadrat metr umumiy maydonni egallagan. Tanlangan shakl bejiz emas, u mukammallik, mutanosiblik va ilohiy tartib g‘oyasini ramziy ifoda etadi. Zal markazida, 65 metr balandlikdagi muhtasham gumbaz ostida islom olamining noyob yodgorligi — VII asrga mansub muqaddas Usmon Mushafi maxsus vitrinada namoyish etilgan. Bu muqaddas yodgorlik butun ekspozitsiyaning g‘oyaviy o‘zagi sifatida qabul qilinadi.
Birinchi gilamda “Fotiha” surasining 1-7-oyatlari hamda “Baqara” surasining 1-5-oyatlari;
Ikkinchi gilamda “Baqara” surasining 137-142-oyatlari;
Uchinchi gilamda “Oli Imron” surasining 199-200-oyatlari va “Niso” surasining 1-2-oyatlari;
To‘rtinchi gilamda “Isro” surasining 110-111-oyatlari va “Kahf” surasining 1-6-oyatlari;
Beshinchi gilamda “Maryam” surasining 97-98-oyatlari hamda “Toho” surasining 1-6-oyatlari;
Oltinchi gilamda “Yosin” surasining 82-83-oyatlari hamda “Soffot” surasining 1-9-oyatlari;
Yettinchi gilamda “Soffot” surasining 179-182-oyatlari hamda “Sod” 1-6-oyatlari;
Sakkizinchi gilamda “Sho‘ro” surasining 52-53-oyatlari va “Zuxruf” surasining 1-8-oyatlari;
Shuningdek, “Qur’oni karim zali” devorlaridagi 4 ta ravoqqa 8 ta ipak gilam ilingan bo‘lib, ularning har biriga Usmon Mushafi sahifalaridan olingan oyatlar to‘qib bitilgan.
Ta’kidlash joizki, mazkur gilamlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tayyorlangan. Gilamlarning har biriga Usmon Mus’hafi matnidan olingan oyatlar bitilgani ularning ma’naviy qiymatini yanada oshirgan. Gilamlar yozuvi mashhur xattot Habibullo Solih tomonidan ko‘chirilgan. Ular nafaqat bezak vazifasini bajaradi, balki ilmiy-ma’rifiy manba sifatida ham xizmat qilmoqda. Oyatlar asliyatdagi kufiy xatda berilgani holda, nasx xatidagi shakli ham taqdim etilgan. Shu bilan birga, zamonaviy axborot texnologiyalari qo‘llanilib, o‘zbek, ingliz, rus va boshqa tillardagi tarjimalar QR kod orqali joylashtirilgan. Bu yechim tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratib, zalni xalqaro miqyosdagi ziyorat va tadqiqot makoniga aylantirgan.
Gilamlardagi yozuvlar haqida Markaz ilmiy xodimi, xattot Habibulloh Solih batafsil ma’lumot berdi:
– Birinchi gilamda “Fotiha” surasining 1-7-oyatlari hamda “Baqara” surasining 1-5-oyatlari;
Ikkinchi gilamda “Baqara” surasining 137-142-oyatlari;
Uchinchi gilamda “Oli Imron” surasining 199-200-oyatlari va “Niso” surasining 1-2-oyatlari;
To‘rtinchi gilamda “Isro” surasining 110-111-oyatlari va “Kahf” surasining 1-6-oyatlari;
Beshinchi gilamda “Maryam” surasining 97-98-oyatlari hamda “Toho” surasining 1-6-oyatlari;
Oltinchi gilamda “Yosin” surasining 82-83-oyatlari hamda “Soffot” surasining 1-9-oyatlari;
Yettinchi gilamda “Soffot” surasining 179-182-oyatlari hamda “Sod” 1-6-oyatlari;
Sakkizinchi gilamda “Sho‘ro” surasining 52-53-oyatlari va “Zuxruf” surasining 1-8-oyatlari tasviri naqshlanadi.
Gilamlarning joylashuv estetikasi ham puxta o‘ylangan. Ular yer sathidan ma’lum balandlikda, ravoqlar markazida va tabiiy hamda sun’iy yoritish tizimi bilan uyg‘un holda o‘rnatilgan. Nur tushishi, rang uyg‘unligi va devor naqshlari bilan mutanosiblik har tomonlama hisob-kitob qilingan. Ana shu jihatlar tufayli sakkizta gilam Qur’on zalining badiiy-kompozitsion o‘zagi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Gumbaz ostida Qur’oni karimning ilmiy manbalarda qayd etilgan 66 ga yaqin nomi naqshlar bilan uyg‘unlashtirib yozilgan. Bu yechim muqaddas kitobning turli sifat va fazilatlarini badiiy uslubda ifoda etish imkonini berib, zalning ma’naviy ta’sirini yanada kuchaytirgan.
Qur’on zali faqat ekspozitsiya maydoni sifatida emas, balki amaliy ibodat va tafakkur maskani sifatida ham tashkil etilgan. Bu yerda qorilarning jonli tilovati uchun maxsus joy ajratilgan bo‘lib, Qur’oni karim doimiy ravishda tilovat qilinmoqda. Natijada zal muhitida ruhiy sokinlik va ma’naviy yuksaklik ta’minlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Qur’on zali — sakkizta gilamda mujassamlashgan ilohiy kalom, gumbaz ostidagi noyob mushaf, atrofida joylashgan 114 qo‘lyozma va doimiy tilovat sadosi bilan Markazning eng ulug‘vor va eng ta’sirchan maskaniga aylangan. U yurtimizning islomiy merosga bo‘lgan ehtiromini, uni asrab-avaylash va jahon miqyosida namoyon etishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlarni yorqin ifoda etadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.