Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi OAV bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini keng jamoatchilikka tanitish, uning ilmiy va ma’rifiy faoliyatini milliy hamda xalqaro axborot maydonida keng targ‘ib qilish maqsadida Markaz va mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar Markaz faoliyatini zamonaviy media platformalar orqali keng auditoriyaga yetkazish va islom sivilizatsiyasiga oid boy merosni ommalashtirishga xizmat qiladi.

Tadbir avvalida mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Ekskursiya davomida ishtirokchilar Markazda shakllantirilayotgan ilmiy-ma’rifiy muhit, islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik boy merosini namoyon etuvchi noyob eksponatlar, qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar hamda zamonaviy mulьtimedia texnologiyalari asosida yaratilayotgan interaktiv ekspozitsiyalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Shuningdek, Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik loyihalari va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tashabbuslar haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi. 

- Markaziy ekspozitsiyani ko‘rar ekanman, juda o‘ziga xos hissiyotlar paydo bo‘ldi. Odatda biz tarixni muzeylardagi qotib qolgan eksponatlar orqali tasavvur qilamiz. Go‘yo tarix o‘tmishda qolgan, harakatsiz bir narsaday ko‘rinadi. Ammo bu yerda mutlaqo boshqacha muhitni his qilasiz. Bu yerda go‘yo tarixning ichida yashash mumkin. Menimcha, Islom sivilizatsiyasi markazining boshqa muzey va madaniy markazlardan eng katta farqi ham shu. Bu yerda inson tarixning nafasini his qiladi, uning ruhiyatini tuyadi, go‘yo o‘sha davrlar ichida yurgandek bo‘ladi. Aslida inson o‘z tarixini faqat o‘rganibgina emas, balki uni his qilib, yashab ko‘rsagina to‘liq anglaydi. Ko‘pincha “tarix o‘tmish, u o‘tib ketgan” deyishadi. Ammo ulug‘larimiz aytganidek, kelajakka qadam tashlash uchun inson tarixni bilishi kerak. Kelajakda qanday yashashini tasavvur qilmoqchi bo‘lgan odam, avvalo o‘tmishini anglashi lozim. Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu imkoniyatni yaratadi. Bu yerga kelgan inson go‘yo o‘z tarixini his qilib, uning ichida yashab ko‘rgandek bo‘ladi va shu orqali kelajagini belgilaydi. Shu jihati bilan bu markaz meni juda hayratlantirdi. Bu haqiqiy ma’naviyat maskani. Bu yerdagi har bir detal ma’naviyat bilan sug‘orilgan. Hammasi juda zukkolik bilan, chuqur ma’no bilan ishlangani ko‘rinib turibdi. Ayniqsa yoshlar uchun bu juda muhim. Bugun yoshlarimiz o‘z tarixini bilishga juda qiziqadi va buni biz doimo g‘urur bilan e’tirof etamiz. Lekin ular bu tarixni yanada chuqurroq anglashi kerak. Inson “kim eding, kimsan va kim bo‘lmoqchisan?” degan savolga javob topishi uchun ana shu ekspozitsiya yo‘laklaridan yurishi kerak. Har bir eksponat oldida to‘xtab, uning mohiyatini anglashi va o‘ylab ko‘rishi kerak. Chunki bu yerda madaniyat, ma’naviyat, tarix, san’at, adabiyot va musiqa — barchasi birlashib millatning qalbini shakllantiradi. Millat ana shu qalb bilan millat bo‘ladi. Aks holda u faqat jismdan iborat bo‘lib qoladi, - dedi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi direktori Vohid Luqmonov.

Shundan so‘ng Markaz va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va mamlakatning yetakchi media tashkilotlari o‘rtasida strategik sheriklikni nazarda tutuvchi qator kelishuvlar rasmiylashtirildi. Xususan, “Dunyo bo‘ylab” telekanali, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi, “O‘zbekiston 24”,  “O‘zbekiston Tarixi”, “O‘zbekiston”, "Madaniyat va ma’rifat" telekanallari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Mazkur memorandumlar Markaz faoliyatini milliy va xalqaro axborot maydonida tizimli ravishda yoritish, islom sivilizatsiyasiga oid ilmiy va madaniy merosni keng targ‘ib qilish, shuningdek mamlakatimizning tarixiy va ma’rifiy salohiyatini zamonaviy media vositalari orqali keng auditoriyaga yetkazishni nazarda tutadi.

- Bugungi memorandum imzolash marosimi — bu o‘zaro ishonch, strategik sheriklik va uzoq muddatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadamdir. Ushbu hamkorlik nafaqat Markaz faoliyatini keng yoritishga, balki mamlakatimizning boy tarixiy, ilmiy va madaniy merosini xalqaro hamjamiyatga yetkazishga ham xizmat qiladi. Qisqacha natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2025 yil davomida Markaz faoliyati keng axborot maydonida faol yoritildi. Jami 3 367 ta media material tayyorlandi. Ular orasida 739 ta videomaterial, 2 422 ta maqola va 28 ta audiomaterial mavjud. Shuningdek, 178 ta material xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, Markaz faoliyati xalqaro miqyosda ham keng targ‘ib etildi. Televideniye orqali yoritish ayniqsa, samarali bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston 24, Sevimli TV, Mening yurtim va Madaniyat va Ma'rifat, O’zbekiston tarixi telekanallari orqali yuzlab reportaj va maxsus ko‘rsatuvlar efirga uzatildi. Bu Markaz faoliyatining milliy va xalqaro ahamiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Endilikda e’tiborimizni kelgusi muhim rejalarga qaratmoqchimiz. Avvalo, Markazning rasmiy ochilish marosimi joriy yilning mart oyiga belgilangan. Bu voqea nafaqat mamlakatimiz, balki butun xalqaro ilmiy va madaniy jamoatchilik uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, 2026 yil Markaz faoliyatida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yil sifatida belgilanmoqda. Yil davomida qator nufuzli xalqaro forumlar, ilmiy simpoziumlar va madaniy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Ayniqsa, joriy yilning aprelь oyi mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Amir Temur merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilishga bag‘ishlanadi, - markaz direktori o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva.

Hamkorlik doirasida televizion ko‘rsatuv, hujjatli filьm, maxsus reportaj, ilmiy-ma’rifiy loyiha, mulьtimedia kontent hamda raqamli platformalar uchun yangi media mahsulotlar tayyorlash rejalashtirilgan. Shuningdek, Markaz ekspozitsiyalari, nodir qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar va ilmiy tadqiqotlar asosida maxsus media loyihalar, ko‘rsatuvlar turkumi va tahliliy materiallar ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, mazkur hamkorlik doirasida Markazda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, xalqaro ekspeditsiyalar, ko‘rgazmalar, konferensiyalar va boshqa muhim tadbirlarning axborot jihatidan keng yoritilishi ta’minlanadi. Xorijiy auditoriya uchun Markaz haqidagi materiallarni bir qator tillarda tayyorlash va ularni xalqaro axborot maydonida tarqatish ham rejalashtirilgan.

Ta’kidlanganidek, mazkur memorandumlar Markaz faoliyatini keng ommalashtirish, islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar merosini targ‘ib qilish, shuningdek O‘zbekistonning jahon ma’rifat va ilm-fan markazlaridan biri sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

-O‘zbekiston tarixi telekanali Islom sivilizatsiyasi markazining qurilish jarayonlarini, sakkiz yil davom etgan mehnat va sa’y-harakatlarni muntazam yoritib keldi. Endi esa bu markaz orqali xalqimizga tariximizning har bir bo‘limi, har bir jihatini yanada keng va tushunarli tarzda yetkazish imkoniyati paydo bo‘ldi. Biz, albatta, bu imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qilamiz. Efirimizning muayyan qismi, hatto katta qismi ham Islom sivilizatsiyasi markazida aks ettirilgan tariximizga bag‘ishlanadi. Bu yerda namoyon etilgan ekspozitsiyalar, tarixiy manzaralar va ma’naviy merosni tomoshabinlarimizga atroflicha yetkazishga intilamiz. Bu markazga bir necha bor tashrif buyurish, qayta-qayta kelib ko‘rish kerak. Ana shunda inson o‘zining kimligini, o‘z tarixini va ildizlarini yanada teranroq anglaydi, - dedi O‘zbekiston tarixi telekanali direktori Alisher Shoimov. 

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalari vakillari Markaz faoliyatini yanada keng yoritish, yangi media loyihalarni amalga oshirish va ilmiy-ma’rifiy kontentni keng auditoriyaga yetkazish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

Markaz va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida imzolangan mazkur memorandumlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib qilish va uni jahon jamoatchiligiga yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.