Boburiylar davri saroy sirlarini saqlagan noyob artefakt ekspozitsiyada
Siz suratda ko‘rib turgan ashyo bir qarashda qadimiy mis idishdek tuyuladi. Aslida-chi? Aslida XVII asr Boburiylar saroyiga olib kiradi — musiqalar yangragan, ov manzaralari jonlangan, hukmdor huzuriga tuhfa olib borilgan tantanavor lahzalar. Ovchilar, musiqachilar va hukmdorga tuhfa ko‘tarib borayotganlar tasviri aks etgan bu monumental idish Boburiylar davri saroy san’atining eng nodir va mazmunan chuqur namunalaridan biridir.
Mazkur asar fan va san’atning buyuk homiysi sifatida tarixda nom qoldirgan buyuk imperator Boburiylarning qudratli hukmdorlaridan bo‘lgan Akbar I davrida yaratilgan badiiy an’analar ruhida vujudga kelgan. Tadqiqotchilar aynan Akbarshoh hukmronligi davrini Boburiylar san’atida “buyuk uslub” shakllangan davr sifatida baholaydilar. Bu paytda metall buyumlar oddiy amaliy buyumdan chiqib, imperiya qudrati va mafkurasini ifodalovchi ramziy san’at darajasiga ko‘tarilgan.
1670-yilga mansub, ushbu mis idish Boburiylar saroy ustaxonalarida yuksak mahorat bilan ishlangan. Unda Temuriylar davrida shakllangan badiiy an’analar davom ettirilgan.
Idish bezagi uch qavatli kompozitsiyada bajarilgan. Yuqori qismida she’riyat va falsafiy matnlar bilan bog‘liq nafis nastaliq xattotligi o‘rin olgan. Quyi qismlarda esa ov sahnalari, tantanali yurishlar va hukmdorga tuhfa taqdim etish manzaralari tasvirlanib, ular podshoh saxovati, farovonlik va cheksiz qudrat g‘oyalarini ifodalaydi. Bu tasvirlar Boburiylar saroy hayotining marosimiy va mafkuraviy mohiyatini ochib beradi.
Artefaktning noyobligi uning syujetida va saqlanish darajasidadir. Bu qadar murakkab kompozitsiyada tasvirlangan mis idishlar nihoyatda kam uchraydi. Eng muhimi, ushbu buyum asl nusxa bo‘lib, u Prezidentimizning xorijga u yoki bu sabablar bilan o‘z vaqtida olib chiqib ketilgan noyob madaniy meros ashyolarini izlash, topish va ularni qaytarish haqidagi tashabbuslari doirasida olib borilgan izlanishlar natijasida xorijdan yurtimizga olib kelingan.
Idish sirtidagi tabiiy patina, vaqt davomida hosil bo‘lgan rang o‘zgarishlari va ishlov texnikasi uning sun’iy rekonstruksiya emas, balki asrlar osha yetib kelgan haqiqiy tarixiy guvoh ekanini tasdiqlaydi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, bunday idishlar Boburiylar saroyida tantanali marosimlar va oliy darajadagi qabul tadbirlarida ishlatilgan. Ular hukmdor huzuridagi marosimlarda mo‘l-ko‘llik, ilohiy homiylik va davlat barqarorligining ramzi sifatida namoyon bo‘lgan.
Bugun ushbu bebaho asar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida, Ikkinchi renessans g‘oyasini yorituvchi Boburiylar davri bo‘limida saqlanmoqda. Bu yerda idish nafaqat muzey eksponati, balki Markaziy Osiyo va hind sivilizatsiyalari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va badiiy uzviylikni namoyon etuvchi noyob meros sifatida taqdim etilmoqda.
Bu mis idish — o‘tmish bilan bugunni bog‘lovchi jim, ammo qudratli hikoya. Unda san’at, siyosat va tafakkur birlashib, Boburiylar imperiyasining buyukligini bugungi avlodga so‘zsiz yetkazadi. Ana shunday asl va nodir asarlar orqali tarix faqat o‘rganilmaydi — u qayta kashf etiladi.
Laylo Abduqaxxarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


