

Yangiliklar
Davlat mukofoti sovrindorlari uchun ma’rifiy tashrif tashkil etildi
8-mart bayrami arafasida Davlat mukofoti sovrindorlari va ularning onalari uchun unutilmas ma’rifiy tashrif tashkil etildi. Ular O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida milliy tariximiz, buyuk ayollar siymosi va boy madaniy meros namunalari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur tashrif xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini e’tirof etish, ularning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va jamoatchilik hayotidagi faolligini rag‘batlantirish, shu bilan birga ularni milliy tarix va boy ma’naviy merosimiz bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif davomida mehmonlar Markazda namoyish etilayotgan noyob tarixiy yodgorliklar, madaniy meros namunalari va zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv namoyishlar bilan tanishdilar. Ayniqsa, sun’iy intellekt yordamida jonlantirilgan tarixiy obrazlar, qadimgi sivilizatsiyalar hamda Renessans davrlariga bag‘ishlangan namoyishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi, “Shuhrat” medali sohibasi Kunel Masimova tashrifdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
— Bu yerga kelganimdan juda xursandman. Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lish men uchun katta baxt. Ayniqsa, sun’iy intellekt yordamida jonlantirilgan tarixiy obrazlar menda katta taassurot qoldirdi, — dedi u.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i O‘g‘iloy O‘razova Markazning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatiga to‘xtalib, bunday tashriflar xotin-qizlarning milliy tarix va meros haqidagi bilimlarini yanada boyitishga xizmat qilishini ta’kidladi.
— Bu markazda har bir eksponat o‘zining tarixiy mazmuni va qiymati bilan alohida ahamiyatga ega. Bugungi tashrifning asosiy maqsadi — xotin-qizlarimizning boy tariximiz haqidagi bilimlarini oshirish va ularni ma’naviy-ma’rifiy ishlarga yanada faol jalb etishdan iborat, — dedi u.
Tashrif ishtirokchilari orasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Farg‘ona viloyatidan 11-sinf o‘quvchisi va Garvard universitetining bo‘lajak talabasi Dilafruz Soliboyeva ham bo‘lib, Markazdagi eksponatlar yoshlar uchun katta ilhom manbai ekanini ta’kidladi.
— Bu yerda tariximizning buyuk ayollari, jumladan Bibixonim kabi siymolar haqida bilib, men ham kelajakda O‘zbekiston tarixida iz qoldiradigan ayollardan biri bo‘lishni niyat qildim, — dedi u.
Tashrif davomida mehmonlar qadimiy Farg‘onaning mashhur samoviy otlari, tarixiy liboslar, xattotlik san’ati namunalari va boshqa ko‘plab madaniy meros namunalari bilan tanishdilar.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini milliy tarix va ma’naviyatni zamonaviy texnologiyalar orqali namoyish etayotgan muhim ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida e’tirof etdilar.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.